21:19 / 21.03.2023
8826

Erdo‘g‘an Turkiya prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi 

Prezidentlik saylovi 14 may kuni o‘tkaziladi. 

Foto: Anadolu Agency

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 21 mart kuni «Respublika alyansi»dan prezidentlik saylovida yagona nomzod sifatida rasman ko‘rsatildi. Bu haqda Anadolu xabar berdi. 

Tegishli ariza Oliy Saylov Kengashiga (YSK) hukmron «Adolat va Taraqqiyot» partiyasi (ATP) va uning alyansdagi ittifoqdoshi Millatchilar harakati partiyasi (MHP) tomonidan taqdim etildi. 

Oldin e’lon qilingan saylov taqvimiga ko‘ra, Turkiya prezidentligiga nomzodlarning arizalari YSK tomonidan 19-23 mart kunlari qabul qilinadi. Amaldagi parlamentda partiyalari bo‘lmagan nomzodlar 22-27 mart kunlari 100 ming saylovchi imzosini to‘plashi kerak. 

31 mart kuni YSK prezidentlikka nomzodlarning yakuniy ro‘yxatini e’lon qiladi va saylov kampaniyasini boshlaydi. 

Turkiyada 14 may kuni umumxalq saylovlari – ham prezident, ham parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi, agar zarurat tug‘ilsa, 28 may kuni o‘tkaziladi. 

Erdo‘g‘anga bo‘lajak saylovda Turkiyaning «Millatlar alyansi» va Respublikachilar partiyasidan yagona nomzod Kamol Qilichdoro‘g‘li asosiy raqib bo‘lishi kutilmoqda. 

Mavzu
Turkiya-2023
14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Asosiy kurash mamlakatni 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Rajab Erdo‘g‘an va muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida kechadi.
Barchasi
Top