Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada pensiya islohotiga qarshi namoyishlar davom etmoqda
Bir vaqtning o‘zida Fransiyaning bir nechta shaharlarida namoyishlar bo‘lib o‘tdi, Parijda kamida 40 nafar namoyishchi hibsga olindi.
Fransiyaning bir qancha shaharlarida qabul qilingan pensiya islohotiga qarshi yana ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. 22 mart, chorshanbaga o‘tar kechasi Parijda 46 kishi hibsga olindi, deb xabar bermoqda dpa agentligi Fransiya OAVga tayanib.
Namoyishchilar politsiya xodimlariga qarata petardalar uloqtirib, chiqindi qutilari va motoskuterlarni yoqib yuborishgan. O‘z navbatida politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. Le Parisien gazetasining yozishicha, Lill, Grenobl, Renn, Nant va Le Manda katta namoyishlar bo‘lib o‘tgan.
Fransiyada parlamentni chetlab o‘tib qabul qilingan pensiya islohoti tufayli ommaviy noroziliklar tinmayapti. Makron hukumati konstitutsiyadagi vazirlar mahkamasi keyinchalik boshlangan ishonchsizlik votumiga bardosh berishi sharti bilan, islohotni ovoz berishsiz amalga oshirishga ruxsat beruvchi moddadan foydalandi. Natijada Fransiya Milliy assambleyasi ikki marta ishonchsizlik votumini rad etdi.
Pensiya islohoti 2030 yilga borib pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha bosqichma-bosqich oshirishni, shuningdek, eng kam pensiya miqdorini 1200 yevroga yetkazishni nazarda tutadi. 15 mart kuni yarim milliongacha odam islohotga qarshi namoyishga chiqdi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron vaziyatni yumshatish uchun 22 mart kuni munozarali islohot haqida omma oldida chiqish qilishni rejalashtirmoqda.