07:47 / 23.03.2023
23041

O‘zbekiston delegatsiyasining Kobulga tashrifi tafsilotlari ochiqlandi

O‘zbekiston prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.

Foto: Dunyo

TIV ma’lumotiga ko‘ra, Kobulda O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Muzokaralar chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilingan.

Muhim transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, «Termiz–Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar» temiryo‘lini qurish, «Surxon–Puli-Xumri» yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortish masalalari alohida ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidlagan va ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqlagan.

Muloqotlar chog‘ida ayollar huquqlarini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlangan.

Uchrashuvlar doirasida suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani aytiladi.

Top