19:56 / 24.03.2023
22890

Frontdagi vaziyat: Ukrainaning qarshi hujumiga ilk ishoralar paydo bo‘ldi

Ammo ular hozircha nafaqat Baxmutda, balki Donetskdan shimoldagi Avdiyivkada ham Rossiya kuchlari hujumlarini qaytarishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Ukraina qurolli kuchlari Baxmutni himoya qilishda davom etmoqda, garchi shahar atrofidagi vaziyat ular uchun yaxshilanmayotgan bo‘lsa ham. Ammo bu Ukraina qo‘mondonligining yagona muammosi emas: Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Donetskdan shimolroqda joylashgan Avdiyivka shahridagi istehkomini qurshab olish maqsadida jiddiy harakat boshlagan. Rossiyaning Baxmutdan shimoldagi Kreminna shahri atrofidagi yurishlari ham davom ettirilmoqda. Ammo ayni paytda Ukraina qurolli kuchlari tez orada qarshi hujumga o‘tishiga ilk ishoralar ham paydo bo‘ldi (harakatlarga ko‘ra, Donbassda ham, Zaporijjyada ham).

Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlari Baxmut hududiga yaqin orada hujumga o‘tishi haqida gapirdi. «Hech narsani ayamay, ular sezilarli kuchini yo‘qotyapti va zaiflashib boryapti. Tez orada biz Kiyev, Xarkiv, Balakliya va Kupyansk yaqinlarida bo‘lgani kabi bu imkoniyatdan foydalanamiz», dedi Sirskiy.

Baxmut

  • Ukraina qo‘mondonligi Baxmut atrofiga yirik zaxira kuchlari tashladi. Bir necha yangi batalonlar shaharni to‘liq o‘rab olishga to‘sqinlik qiladigan uchastkada joylashgan. Ular «Vagner» yollanma jangchilarini Baxmutdan Xromovo orqali g‘arbga olib boruvchi «hayot yo‘li»ga yaqinlashtirmaslikka harakat qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqda Ukraina qurolli kuchlarining «Vagner»ning yo‘ldan bir necha yuz metr masofadagi pozitsiyalariga qarshi hujumi aks etgan video paydo bo‘ldi.
  • Ukraina qurolli kuchlari Baxmutdan janubi-g‘arbdagi boshqa yo‘l atrofida ham qarshi hujum uyushtirmoqda (Ukraina qo‘shini bu yo‘ldan foydalanishi qiyinlashgan, chunki «vagnerchilar» anchadan buyon Baxmutdan janubi-g‘arbdan chiqish yo‘llarini shturm qilmoqda). Ivanovskiy rayonida (Krasniy) Ukraina qurolli kuchlari zirhli texnikalari yollanma jangchilarni oldingi chiziqdagi pozitsiyalaridan surib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
  • Shahar atrofidagi boshqa yo‘nalishlar va shaharning o‘zida esa vaziyat Ukraina tomoni uchun u qadar yaxshi emas. Xususiy harbiy kompaniya jangchilari Baxmut markaziga shimol va janubdan yaqinlashib kelmoqda. Shimoldagi sanoat zonasining katta qismi (Artemovsk rangli metallar zavodi) egallab olingan, janubda esa yollanma jangchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharning markaziy qismi boshlanuvchi Mariupol ko‘chasiga chiqishgan. Shahardan janubi-g‘arbiy chiqish yo‘llarida esa, yuqorida aytilganidek, janglar olib borilmoqda.
  • «Vagner» XHK shimolda nisbatan sezilarli natijalarga erishmoqda. Yollanma jangchilar Baxmut — Chasiv Yar temiryo‘li bo‘ylab siljimoqda va allaqachon Bogdanovka va Orixivo-Vasilyyevka qishloqlariga yetib borib, tepaliklarni zabt etishgan. Endi nafaqat Baxmut qurshovga tushishi, balki yollanma jangchilar shimoli-sharqdan Chasivga chiqishining real tahdidi yuzaga kelgan. XHK jangchilari Baxmut — Kramatorsk trassasi bo‘ylab ham oldinga yurmoqda, bu yo‘nalishda yollanma jangchilar Zaliznyanskoye qishlog‘ini egallagan va bu yerda ham tepaliklarni nazorat qilmoqda.

Avdiyivka

  • RF qurolli kuchlari Avdiyivkadan shimolda va janubi-g‘arbda yurish boshlagan. Bungacha ushbu shahar va uning atrofiga bir necha hafta davomida deyarli har kuni aviazarbalar yo‘llandi. Ikki tomondagi manbalar rossiyaliklar Avdiyivkadan shimolda sezilarli darajada oldinga siljiganini xabar qilishgan. Krasnogorovka posyolkasi egallangani va Rossiya qo‘shini undan g‘arbroqqa ham o‘tgani aytilgan. Ammo hafta davomida bu ma’lumotlarni tasdiqlaydigan video yoki fotolar paydo bo‘lmadi. Rossiya tomonidagi manbalarning ayrimlari RF qurolli kuchlari faqatgina Krasnogorovkaning o‘zida «o‘rnashgani», yurish qiyin kechayotgani, qo‘shin katta yo‘qotishlarga uchragani haqida xabar bergan.
  • Avdiyivkadan janubi-g‘arbida esa yo‘qotishlar bo‘lgani aniq va RF qurolli kuchlari uchun yurish juda og‘ir bo‘lmoqda: Vodyanoye va Severnoye posyolkalari orasida rossiyaliklarning zirhli texnikalari kolonnasi yakson etilgani aks etgan videolar mavjud.
  • Ammo nima bo‘lganda ham rossiyaliklar yurishi Ukraina qurolli kuchlari uchun yangi inqiroz keltirib chiqaradi. Avdiyivka endi yarim qurshov holatida, u yerdan ukrain qo‘shinini olib chiqish  esa Donetskdan shimoldagi butun front qulashiga olib kelishi mumkin. Ukraina qurolli kuchlari shaharni ushlab turish uchun o‘zining bahorgi yurishi boshlanguniga qadar ishlatmoqchi bo‘lmagan (lekin bu zaxiralarning bir qismi baribir Baxmut mudofaasi uchun yuborildi) zaxiralarni yuborishga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Zaporijjya oblasti

  • Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblastida uzoq vaqtdan buyon ilk bor yirik hujum uyushtirdi. Orixivdan janubi-sharqda ukrain bo‘linmalari (ularning miqdori aniq emas) bir necha bor Tokmakka boruvchi yo‘l bo‘ylab janubga yorib o‘tishga harakat qildi. Hujumlar qaytarilgan, Ukraina qurolli kuchlarining bir qancha texnikalari jang maydonida yonib ketgan. Bu hujumlar razvedka janglari yoki RF qurolli kuchlarini bu uchastkaga qo‘shimcha kuch yuborishga majbur qilishga qaratilgan chalg‘ituvchi zarba bo‘lishi (asosiy zarba esa butunlay boshqa joyda berilishi) ham mumkin.

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi hujumi eng yuqori nuqtasiga yetmoqda. Tahlilchilar fikricha, keyingi haftalarda Rossiyaning Donbassdagi hujum amaliyotlari sur’ati sekinlashdi, bu Rossiya qurolli kuchlarining bahorgi hujumi yaqin orada yakunlanishidan dalolat berishi mumkin.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top