09:53 / 26.03.2023
14645

Toshkent metrosida zo‘ravonlikka qarshi targ‘ibot bannerlari paydo bo‘ldi

Bir guruh faollar ayollarga nisbatan zo‘ravonliklarga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida Nolalar.com loyihasini ishga tushirdi.

Foto: Nolalar.com loyihasi

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan ilgari surilgan loyiha Toshkent metropolitenida “Zo‘ravonlik – madaniyatimizga begona” nomli targ‘ibot bannerlarini tashkil etdi.

Bannerlarda ayol-qizlarning zo‘ravonlik, ularga nisbatan kuch ishlatish vaqtidagi nolalari aks etgan; shuningdek, ovoz to‘lqinlari ekvalayzerini anglatuvchi grafik tasvirlar va adras bezaklari uyg‘unlashtirilgan.

“Loyihaning asosiy maqsadi – so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik ayollarning zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgani haqida media manbalarda tez-tez uchrayotgan yangiliklar fonida unga jamoat joylarida ham e’tiborni kuchaytirish, mavzuni yanada dolzarblashtirish bilan birgalikda salbiy vaziyatlarning sonini ham keskin kamaytirishdan iborat”, – deyiladi Nolalar.com saytida.

Foto: Nolalar.com loyihasi
Foto: Nolalar.com loyihasi

“Ayollarga zo‘ravonlik, u jinsiy zo‘ravonlikmi yoki oiladagi zo‘ravonlik, tazyiq – bu na e’tiqodga, na madaniyatimizga, na o‘zbekchilikka, na erkakchilikka va na odamgarchilikka to‘g‘ri keladi. Bugun mana endi qonunchilikka ham to‘g‘ri kelmaydigan bo‘ldi”, – deya yozib qoldirdi loyiha jamoasi a’zosi, metrodagi bannerlar suratlarini e’lon qilgan Mirzayor Erkinov.

O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik keng tarqalgan bo‘lsa-da, bu haqda kam gapiriladi. Ko‘p holatlarda oilada zo‘ravonlikka uchraganlar turli sabablar bilan bu haqda sukut saqlashga majbur bo‘ladi.

Foto: Nolalar.com loyihasi

2021 yilda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan 40 mingga yaqin xotin-qizga himoya orderi berilgan bo‘lsa, bu zo‘ravonliklarning 87 foizi oilalarda sodir etilgan.

Guruhlarga bo‘linganda: 106 ta jinsiy, 234 ta iqtisodiy, 18 777 ta ruhiy, 13 658 ta jismoniy zo‘ravonlik hamda 7 174 ta tazyiq holatlari aniqlangan.

  • Zo‘ravonlikka duch kelgan xotin-qizlar reabilitatsiya markazlariga 1146 qisqa raqami orqali bog‘lanishi mumkin.
  • Shuningdek, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar ishlari bo‘yicha inspektorlari ham xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha tegishli tayyorgarlikdan o‘tgan. 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali, 24 soat ichida himoya orderini olish mumkin.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha muhim qonun

23 mart kuni Qonunchilik palatasi xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoyalashga doir uzoq kutilgan qonunni qabul qildi.

Qonun bilan birinchi marta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritilyapti. Xususan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro normalardan kelib chiqib, jismoniy zo‘ravonlik bilan bir qatorda iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik uchun ham ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanyapti.

Shuningdek, shaxs hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi, sha’ni, nomusini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilganlik, shahvoniy shilqimlik qilish uchun ham javobgarlik kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ilgari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, ularni sog‘lomlashtirish, bolalar sport, ijodiy tashkilotlarda ishlashi taqiqlanyapti.

Yangi normalar kiritilishidan tashqari, mavjud normalardagi javobgarlik ham kuchaytirilyapti.

Xususan, nomusga tegish yoxud jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish, shaxsni jinsiy aloqa qilishga majburlash, 16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlarni sodir etish, voyaga yetmagan shaxs ishtirokidagi pornografik mahsulotni tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy xatti-harakatlar uchun jazo choralari og‘irlashtirilmoqda.

Mazkur jinoyatlarni sodir etgan shaxslar uchun jazo tayinlashni yengillashtiruvchi holatlar, shu jumladan, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilishni qo‘llash taqiqlanmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy daxlsizlikka va erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etganlik, shuningdek, ushbu jinoyatlarni jabrlanuvchini tarbiyalash, o‘qitish yoki unga g‘amxo‘rlik qilish majburiyatlarini bajarayotgan shaxs tomonidan sodir etish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Top