O‘zbekiston bolalari taqdirida muhim qonun: bolani urish, tahqirlash, tilanchilikka jalb etish jazolanishga sabab bo‘ladi
So‘nggi yillarda bolalarga nisbatan zo‘ravonliklar soni oshishi ortidan Senatning ellik beshinchi yalpi majlisida bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun ma’qullandi. Yangi qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlikning deyarli barcha shakllari e’tirof etilmoqda. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun himoya orderlari beriladi, kunu-tun ishlaydigan ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yiladi.
Senatorlar tomonidan ma’qullangan qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, jumladan, ular uchun himoya orderlari berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qonunni ishlab chiqishda Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Gruziya va boshqa davlatlarning bolaning eng ustun manfaatlarini ta’minlashga oid tajribasi o‘rganilgan. Shuningdek, uni ishlab chiqish va uni parlamentda ko‘rib chiqish uchun tayyorlashda Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Adliya vazirligi, YUNISEF, Bolalar ombudsmani, Bosh prokuratura, IIV, MMTV, SSV va boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etgan.
Qonun bilan bolaga nisbatan zo‘ravonlikning deyarli barcha shakllari e’tirof etilmoqda. Bunda nafaqat zo‘ravonlikning jismoniy, jinsiy, ruhiy shakllari, balki g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya, majburlash, bulling kabi shakllari mavjudligi qonunan tan olinmoqda.
Qonunan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha umumiy va individual choralar belgilanyapti.
Xususan:
– zo‘ravonlikdan jabrlangan bolaga himoya orderini rasmiylashtirish;
– oilada bolaga ota-onasi yeki yaqin qarindoshlari tomonidan bolaning hayoti va sog‘lig‘iga xavf soladigan zo‘ravonlik holatlari aniqlanganda, bolani oiladan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash;
– zo‘ravonlikni sodir etgan yoki uni sodir etishga moyil shaxslarga xulq-atvorini tuzatish choralarini qo‘llash va boshqalar.
Qonun bilan bolani tarbiyalashda jismoniy jazoni, shafqatsiz yoki qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazo turlarini qo‘llash taqiqlanmoqda. Ota-onalar tomonidan farzandlariga nisbatan hech bir holatda zo‘ravonlik qilinishi yoki biror nojo‘ya harakati uchun urish, haqoratlash, kaltaklash yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha ziyon yetkazuvchi jismoniy jazo qo‘llash mumkin emas.
UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijioga ko‘ra, ushbu qonun O‘zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qilish sari muhim qadam bo‘ldi.
“Bu qonun bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, kamsitish va eksplutatsiya holatlariga qarshi har tomonlama huquqiy himoyani ta’minlaydi, shuningdek, u har bir bolaning xavfsiz muhitda o‘sib-ulg‘ayish huquqini himoya qiladi. Bundan tashqari, qonun bola huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga to‘la mos keladi va O‘zbekiston bolalarni hamma joyda – uyda, maktabda va jamiyatda himoya qilish majburiyatini zimmasiga olganini tasdiqlaydi.
UNICEF ushbu qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaganidan faxrlanadi va biz uning to‘la amalga oshirilishini ta’minlash uchun hukumat bilan yaqin hamkorlikni davom ettiramiz.
Ushbu qonun shunchaki qonunchilikdagi bir norma emas, balki u O‘zbekiston farzandlarining kelajagi uchun majburiyat hamdir”, deydi Rehina Kastijio.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakili bu qonunning qabul qilinishi bilan agentlik zimmasiga katta mas’uliyat va majburiyat yuklanayotganligini ta’kidladi:
“Ijtimoiy xodim zo‘ravonlik sodir etilganligi haqidagi xabarni olganida zudlik bilan vasiylik va homiylik organlari, ichki ishlar organi, zaruriyatda sog‘liqni saqlash bo‘limlari bilan birgalikda uning hayotiy vaziyatini kompleks baholaydi. Uning hayotiga va sog‘lig‘iga bevosita tahdid soluvchi xavf omillarini aniqlaydi.
Shuni farqlash lozimki, qonunda “zo‘ravonlikdan jabrlangan” hamda “xavfi ostidagi bola” alohida ko‘rsatilmoqda. Ijtimoiy xodim va boshqa mas’ullar hamkorligidagi baholash asosida bolaning ijtimoiy vaziyati xavf darajalariga ajratilgan holda baholanadi. Aniqlangan xavf omillari va darajasidan kelib chiqib, bola hamda uning ota-onasiga oilani mustahkamlovchi, uning oilasida zo‘ravonlikka barham berish yuzasidan ko‘maklashuvchi psixologik, huquqiy, tibbiy, ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.
Biroq zo‘ravonlikdan jiddiy jabrlangan va yuqori xatar aniqlanganida esa uning xavfsizligini ta’minlash uchun uni zo‘ravonlikni sodir etgan ota-onasidan olish choralarini ko‘radi. Albatta bu chora yakuniy chora bo‘lsada, asosiy maqsad – bolaning kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan davomiy zo‘ravonlik xavfidan himoya qilish.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki xavfi ostida bo‘lgan bolalarimizni aniqlash, zo‘ravonlikka qarshi murosasiz kurashishda keng jamoatchilikning yordami muhim. Eng avvalo, har bir inson zo‘ravonlik uchun javobgarlik muqarrar ekanligini, zo‘ravonlikning ayanchli oqibati nafaqat bola uchun, balki zo‘ravonning o‘zi uchun ham kechirilmas yakunga olib kelishi mumkinligini unutmasligi lozim”, deydi u.
Vakilning qo‘shimcha qilishicha, qonun qabul qilinishi munosabati bilan bolaning himoyalanishini, zo‘ravonning xulq-atvorini o‘zgartirishga qaratilgan choralarni tartibga soluvchi ko‘plab yangi me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Zo‘ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun kunu-tun ishlaydigan ishonch telefonlari yo‘lga qo‘yiladi. Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga javobgarlikni kuchaytiruvchi o‘zgarishlar kiritiladi.
Tavsiya etamiz
Tramp 2.0 o‘zgargan Yaqin Sharqqa nimalar va’da qilmoqda?
Jahon | 21:45 / 20.01.2025
3 ga 90. Isroil va Hamas o‘rtasidagi sulh qanday kechmoqda?
Jahon | 20:11 / 20.01.2025
Xalqaro tanlovda g‘olib bo‘lgan prezident maktabi o‘quvchilariga BYD sovg‘a qilindi
O‘zbekiston | 19:59 / 20.01.2025
“Eng xavfsiz parvoz tanlanadi” - Uzbekistan Airways osmondagi favqulodda holatlarga tayyormi?
O‘zbekiston | 17:03 / 20.01.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Tramp inauguratsiya marosimida: «AQSh hukumati faqat ikki jinsni tan oladi»
Jahon | 03:50
-
The Guardian: Xalqaro jinoiy sud «eng yomon ssenariyga» tayyorlanmoqda
Jahon | 00:50
-
Latviyada Rossiya fuqarolarining ayrim sohalarda faoliyat yuritishi taqiqlanadi
Jahon | 00:18
-
Eron prezidenti Kremlda muzokaralarga kech qolgan Putinni kutishdan bosh tortgan
Jahon | 23:42 / 20.01.2025
Mavzuga oid
14:28 / 14.01.2025
Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilga uzaytiriladi
12:25 / 10.01.2025
Ta’lim oluvchilarga nisbatan zo‘ravonlikka moyilligi mavjud pedagog kadrlar aniqlanadi
21:11 / 09.01.2025
Chirchiqda 4 yoshli qizining o‘limida gumonlanayotgan ayol qamoqqa olindi
17:30 / 28.12.2024