Rossiyada Yuriy Gagarin halok bo‘lgan joydan olingan fotosuratlar oshkor etildi
Dunyodagi birinchi kosmonavt 55 yil oldin reaktiv samolyotni sinovdan o‘tkazayotgan paytda halokatga uchragan edi.

Foto: rgantd.ru
Rossiya davlat ilmiy-texnikaviy hujjatlar arxivi (RGANTD) dunyodagi birinchi kosmonavt Yuriy Gagarin halokatga uchragan joydan olingan suratlarni e’lon qildi. Birinchi marta oshkor etilayotgan suratlarda halokatga uchragan samolyot fyuzelyajining bo‘laklari ko‘rsatilgan.
Yuriy Gagarin bundan 55 yil oldin, 1968 yil 27 martda instruktor Vladimir Seryogin bilan birga MiG-15 UTI reaktiv samolyotida o‘quv parvozini amalga oshirayotganda halok bo‘lgan.
Samolyot Moskva yaqinidagi Chkalovskiy aerodromidan soat 10:18 da parvoz qilgan. Ekipaj 20 daqiqa davomida mashq bajarishi kerak edi, ammo soat 10:30 da Gagarin topshiriq bajarilgani haqida xabar berib, aerodromga qaytishga ruxsat so‘ragan. Bir daqiqadan so‘ng samolyot Vladimir viloyatining Novosyolovo qishlog‘i yaqinida yerga qulagan. Ikkala uchuvchi ham halok bo‘lgan. Gagarin 34 yoshda, Seryogin 45 yoshda edi.
O‘sha paytda Gagarin o‘limi bilan bog‘liq tafsilotlar oshkor etilmadi. Aviahalokat sabablarini o‘rganish materiallari uzoq vaqt davomida maxfiyligicha qoldi. Davlat komissiyasi ekipaj a’zolari noma’lum sabablarga ko‘ra keskin manyovr qilib, qo‘qqisdan yerga quladi, degan xulosaga keldi. Bort uskunasining nosozliklari qayd etilmadi. Marhumlarning qonida begona moddalar aniqlanmadi.
Turli vaqtlarda ekspertlar falokatga olib kelgan keskin manyovrning sababi boshqa samolyotdan qochish yoki uning iziga tushish, meteozond yoki qushlar galasi bilan to‘qnashuv, shuningdek, germetizatsiya buzilishi oqibatida kabinadagi bosimning tushib ketishi, uchuvchilarning hushini yo‘qotishi kabi talqinlarni ilgari surdilar. Ularning hech biri rasman tasdiqlanmagan. Shuningdek, Gagarin SSSR rahbariyatining buyrug‘i bilan o‘ldirilgan degan turli xil fitna nazariyalari ham ilgari surildi.
Yuriy Gagarin 1961 yil 12 aprel kuni insoniyat tarixida samoga parvoz qilgan birinchi kosmonavt bo‘ldi. «Vostok-1» kemasi Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan fazoga uchirildi va 108 daqiqalik parvozdan keyin Gagarin Yerga muvaffaqiyatli qo‘ngan edi.
Mavzuga oid

21:14 / 05.05.2025
Janubiy Koreya aeroportlar yaqinida qushlarni nazorat qilishni kuchaytiradi

15:26 / 25.02.2025
Hind okeanida 11 yil avval yo‘qolgan samolyotni qidirish ishlari qayta boshlandi

17:17 / 19.02.2025
AZAL samolyoti halokati bo‘yicha yakuniy hisobot yil oxirigacha e’lon qilinadi

13:56 / 08.02.2025