Rossiyalik prodyuser va milliarder Putinni so‘kishgani audiosi tarqaldi: suhbat yozuvi sizdirilganmi yo yasalgan?
Internetga rossiyalik musiqiy prodyuser Iosif Prigojinning sobiq senator, milliarder Farhod Ahmedov bilan so‘zlashuvi deyilayotgan audio sizdirildi. Unda suhbatdoshlar Rossiya rahbariyatini Ukrainaga ochilgan urush va dunyodan ihotalanib qolganlik uchun qattiq ohangda tanqid qilishgan.
Audio tarqalgach, avvallari Putinning tarafdori ekanini bot-bot izhor qilib kelgan Iosif Prigojinning o‘zi Instagram orqali chiqish qilib, audiyozuvni «feyk» deb atadi, so‘ngra o‘z aytgan ayrim so‘zlar bilan «neyrotarmoq yordamida ishlab chiqilgan iboraning qorishmasi», deb ham ko‘rdi. Keyinchalik, Prigojin so‘zlashuv chindan ham ro‘y berganini tan olib, insonlarning shaxsiy so‘zlashuvini yozib olib tarqatish hech bir qolipga to‘g‘ri kelmasligidan yozg‘irdi.
Ularning 35 daqiqa davom etgan suhbati YouTube’ga 7 mart kuni joylashtirilgan bo‘lsa-da, o‘tgan dam olish kunlari — Ukrainaning «5-kanal» telekanali unga e’tibor qaratgach, yashin tezligida mashhurlashdi.
Ukrain tilidagi izohda bu ikki suhbatdosh Iosif Prigojin va Farhod Ahmedov ekani aytiladi. Ukraina xavfsizlik xizmati rossiyalik mashhurlarning suhbatlarini avvallari ham e’lon qilib turgan, biroq bu safar UXX vaziyatni sharhlamayapti. Iosif Prigojin bo‘lib o‘tgan voqeaga shosha-pisha bir necha marta izoh bergan, kelib chiqishi ozarboyjon bo‘lgan milliarder Ahmedov esa jim.
«Vagner» XHKning «Putinning oshpazi» nomi bilan mashhur egasi Yevgeniy Prigojin ham vaziyatga munosabat bildirib o‘tdi. Unga ko‘ra, Ukraina xavfsizlik xizmati uni eshitmoqchi bo‘lib, adashib familiyadoshining suhbatini yozib olgan va tarqatgan.
Bu voqea shunisi bilan e’tiborliki, Rossiya mustaqil Ukrainaga bostirib kirgach, uni «maxsus harbiy amaliyot» deb atay boshladi va uni har qanday ko‘rinishda tanqid qilish qattiq ta’qib ostiga olindi. Rossiyada hokimiyat harakatlarini oshkor tanqid qilish xunuk oqibatlarga duchor qiladi.
«Mamlakatni k*tiga tiqishdi»
Audioyozuvda «Prigojin» «Igor Ivanovich [Sechin], Sergey Viktorovich [Chemezov] va Zolotov» birlashib «barchasida» Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoyguni ayblashayotgani, mungli ko‘zlari tufayli uni «so‘tak» deyishayotgani haqidagi mish-mishlarni gapirishgan.
«Ular esini yo‘qotgan odamlar. Mening fikrim oddiy: ular o‘zini qiroldek, xudodek tutmoqda. Ular haqida biror yaxshi gap ayta olmayman. Ular razil kishilar», — degan qo‘shiqchi Valeriyaning turmush o‘rtog‘i sifatida ommaga ko‘proq tanish bo‘lgan 53 yoshli prodyuser Prigojinga tegishli deyilgan ovoz.
Bu juftlik ko‘p yillar davomida TV va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya hokimiyati va shaxsan Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlashini namoyish etib kelgan. Qo‘shiqchi Valeriya bir necha bor Putinning saylovoldi kampaniyalarida ishonchli vakili bo‘lgan. O‘z siyosiy pozitsiyasi «hammaga ma’lum» ekanini yozuv tarqalgach Prigojin tinmasdan takrorlamoqda.
«Prigojin»ning suhbatdoshi ularning gapidan ma’lum bo‘ladiki, Boku shahrida bo‘lgan va Rossiyada bo‘layotgan ishlarni jiddiy tanqid qilgan: «Vaziyatni k*tiga tiqishdi. Mamlakatni k*tiga tiqishdi. Hamma narsani k*tlariga tiqishdi. Hamma-hamma narsani».
«Ulardan keyin hali nimalar bo‘lishi, qanday bo‘lishi haqida savollar bor. Bir tomondan qodirovchilar, boshqasidan prigojinchilar chiqib keladi, oprichniklar ham bo‘lsa kerak. Xanjar-u kuvaldalarini sermab chiqadigan maxnochilar ham bo‘ladi», — degan suhbatdosh «Ahmedov».
Sobiq senator Farhod Ahmedovning boyligi Forbes tomonidan 1,7 mlrd dollar deb baholangan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, u Yevropa Ittifoqi, Britaniya, Kanada va Shveytsariyaning sanksiya ro‘yxatlariga kiritildi.
Keyingi gap otishlar asnosida «Ahmedov» o‘ziga nisbatan xalqaro sanksiyalar amal qilayotgani, chet eldan hatto mehmonxona bron qilolmayotganini tilga oladi. «Prigojin» esa unga hamdardlik bildiradi va cheklovlarni aylanib o‘tish yo‘lini muhokama qilib, Buyuk Britaniya va Shveytsariyadagi ko‘chmas mulklarini sotmaslikka qaror qilganini aytadi.
Ular prezident Putinni ham muhokama qilishadi.
«Uni shu teshikka quvib kiritishdi. Uning o‘zi o‘zini kiritdi, to‘g‘risini aytganda. To‘xtaganida Nobel mukofotini olar edi, ketardi tinchgina. Baribir mamlakatni topshirib bo‘luvdi. Endi biz hech qayoqqa bora olmaymiz. Bizning pachag‘imizni chiqarishmoqda. Bizda boshqa birorta variant yo‘q. Agar u o‘sha qizil tugmani bosgan taqdirda ham, bizning butun bir millatimizda zarracha kelajak yo‘q», — degan «Prigojin».
«Unga hammasi baribir. Xalq ham baribir. U iblis», — degan «Ahmedov».
Ularning har ikkisi mamlakat istiqboliga qayg‘u bilan qarashgan. «Bizning kelajagimizni tortib olishdi», deya umumlashtirgan «Prigojin».
Hozircha bu telefon so‘zlashuvining haqiqiyligi o‘z isbotini topganicha yo‘q. «Agenstvo» nashri «Prigojin va Ahmedov»ning suhbati 2023 yilning yanvar oyi oxirlarida bo‘lganini taxmin qilmoqda. Buni suhbatdan bilish mumkin. «Ahmedov» Moskvaga 15 fevraldan keyin borishi mumkinligini aytgan. «Lenta.ru» bilan suhbatda Iosif Prigojin yanvar oyi oxirigacha, jumladan «suhbat bo‘lib o‘tgan deyilgan kunlarda» ham Dubayda bo‘lganini tasdiqlagan.
1-versiya (ishonish qiyin): suhbat to‘liq neyrotarmoq tomonidan yasalgan
Prigojin ilk izohlarida shu pozitsiyani ushlab oldi. Biroq mutaxassislar neyrotarmoqlar bunchalik uzoq vaqt ma’lum bir inson ovoziga o‘xshab aniq so‘zlashmalar tuzishi imkonsiz ekanini aytishmoqda.
Har qanday insonda parazit-so‘zlar bo‘ladi, u gap tuzishdan avval iboralar tanlaydi. Algoritm tovush va ovozdan nusxa olishi mumkin, lekin unikal nutq belgilarini yasay olmaydi.
2-versiya (ishonarsiz): suhbat Prigojin va Ahmedovning haqiqiy gaplaridan kesib yasalgan
«Meduza»ning podkastlar studiyasi katta prodyuseri Aleksandr Sadikov bunday muloqotni montaj qilish amalda imkonsiz ekanini aytdi — buning uchun juda katta mehnat kerak. U audioyozuv montaj qilinmaganiga dalil sifatida fondagi shovqin va boshqa ovozlarni ko‘rsatgan. Prigojinga tegishli deyilayotgan ovozda uning xotini qo‘shiqchi Valeriyaning ovozi ham eshitilib qolgan (shu onlarda Prigojin unga qarata «Ler» deb murojaat qilgan).
Suhbatdoshlarning ovozi ikkita kanalga — o‘ng va chapga yozib olingani uchun har bir yo‘lakda nimalar bo‘layotganini alohida eshitish va farqlash oson. Bunday shovqin fonini yasash qiyin.
Suhbatning xarakteri ham, suhbatdoshlar o‘zaro hamjihatligi ham tabiiy ko‘rinmoqda: so‘z va iboralarni takrorlash, tasdiqlatib olish, «meni eshityapsanmi?» deb so‘rash va tasdiq belgisini olish va h.k. Bunday reaksiyalarni montaj qilish juda qiyin.
Suhbat mazmuniga raxna sololmaydigan yagona montaj elementi sakkizinchi soniyada ro‘y bergan: uzun chaqiruv ovozi (gudoklar)dan so‘ng suhbat salomlashishsiz boshlanib ketgan. Keyinchalik suhbat uzluksiz davom etgan va eng oxirida keskin uzilgan.
3-versiya (konspirologik): audioyozuvda o‘zini prodyuser va milliarderdek tutayotgan aktyorlar suhbatlashishgan
Bunday tushuntirishni Iosif Prigojinning o‘z so‘zlari rad etmoqda — u suhbatda «real daqiqalar borligi»ni ta’kidlagan. Qolaversa, audioyozuvda suhbatdoshlar nutqining keskin o‘zgarishi kuzatilmagan, bunday parodiyani eng iqtidorli aktyorlar ham chiqara olmasa kerak.
Generativ neyrotarmoqlar bo‘yicha mutaxassis bunday ssenariy ham ehtimolli ekanini aytgan. Neyrotarmoqni o‘rgatish uchun biror kishining bir daqiqalik ovozini yozib olish yetarli. Shundan so‘ng boshqa odam gapirgan matn kerakli odamning ovozi bilan o‘zgartirib chiqiladi.
Bu holatda feyk audio yaratuvchilar uchun asosiy masala tovushni o‘zgartirish emas, soxta Prigojin va Ahmedov ularga tegishli shaxsiy hayot bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladigan ishonarli ssenariy kerak bo‘ladi. Jurnalist Andrey Zaxarov shunday deydi:
«Feyk suhbatlarning 90 foizida Mayk va Nik hosil bo‘ladi, qolgan 10 foiz sifatlisida ham ko‘pi bilan 2 daqiqalik audio yasash mumkin. Yarim soatlik ishonarli va jonli muloqotni soxtalashtirish juda qiyin masala».
4-versiya (eng ishonarlisi): Bu Prigojin va Ahmedovning haqiqiy suhbati
Suhbat boshida Prigojin Ahmedovga «Mandarin» mehmonxonasini tavsiya etadi (gap besh yulduzli Mandarin Oriental tarmog‘i haqida borayotganga o‘xshaydi). Shundan so‘ng ular «palma»ni muhokama qilishadi, Prigojin yo‘ldagi tirbandliklar sababli u yerga bormaslikni maslahat beradi. Bu Dubaydagi Palm-Jumeyra sun’iy oroli. Prigojin Ahmedov bilan suhbatlashganda Dubayda bo‘lganini tasdiqlagan.
Suhbatda Prigojin do‘stiga Dubayga uchib kelishni taklif qiladi, lekin Ahmedov «Solyanka tayyor bo‘ladi», «Moskvaga borishim kerak», deb rad etadi. Gap Moskvadagi Solyanka ko‘chasi 9-uy manzilidagi XVII asrga oid ikki qavatli koshona haqida borgan. Milliarder sobiq xotini bilan ajrashganidan so‘ng ushbu koshona ustida sudlashmoqda.
Prigojin suhbatda Dubayda bo‘lib turgan Samvelni tilga olgan. Gap tadbirkor Samvel Karapetyan haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, uning xotini va qizi ijtimoiy tarmoqlarda joylagan fotosuratlarga ko‘ra, ular yanvar oyi oxirida Dubayda bo‘lishgan.
«Provereno» loyihasi bosh muharriri va Facebook faktchekeri Ilya Ber suhbatda «tekshirib ko‘rish mumkin bo‘lgan reallikka mos keluvchi ko‘plab detallar borligi»ni ta’kidlagan.
Lekin shu versiyani ham rad etuvchi bir qancha aks dalillar bor. Aleksey Navalniyning hammaslagi, siyosatchi Vladimir Milov audioyozuv feyk degan xulosaga kelgan, chunki Rossiya elitasida «suhbatni pinhona eshitishlaridan qo‘rqish vasvasasi bor»:
«Hech kim telefon yoki messenjer orqali bunday narsalarni muhokama qilmaydi. Bunga ehtiyoj ham yo‘q. Ular Putin haqida gaplashganda nomini tilga olishmaydi, ko‘rsatkich barmog‘i bilan yuqoriga ishora qilishadi. Uni iblis deb atashni-ku, asti qo‘yavering».
Milovga ko‘ra milliarder va sobiq senator shuncha vaqt davom etgan suhbat mobaynida birorta «elitaga xos eksklyuziv» bilan o‘rtoqlashishi mumkin edi. «Ahmedov» va «Prigojin» vaziyatni yutub stilistikasida, hamma biladigan va gapiradigan gaplar bilan muhokama qilishgan. Buni bildiruvchi eng yorqin test — Shoyguni muhokama qilish.
«Elita»dagilarning barchasi bosqinga Shoygu rahbarlik qilmagani, eng avvalidan bosh shtab rahbarlik qilgani, Shoyguning vazifalari boshqa ekanini biladi, degan siyosatchi.
Lekin audioyozuv haqiqiy deb hisoblovchilar bunaqa dipfeyk qilish uchun mualliflar prodyuser va Ozarboyjonda yashayotgan oligarxni emas, «elita»dan boshqa odamlarni tanlagan bo‘lishlarini aytgan.
Jurnalist Dmitriy Kolezev ham yozuvni aynan mana shu sabab bilan haqiqiy deb hisoblaydi:
«Iosif Prigojin va Farhod Ahmedov ehtimolli provokatsiya uchun g‘alati obektlar bo‘lib turibdi. Agar Ukraina propagandachilarida shu darajadagi soxta suhbatni yaratish uchun texnik va ijodiy imkoniyat bo‘lganida nega Shoygu va Patrushevning suhbatini yasashmagan? Yo‘q, aynan figuralarning u qadar muhimmasligi audioyozuv haqiqiy ekanligidan dalolat berib turibdi.
Bundan tashqari, yozuvning ikkinchi daqiqasida Ahmedov «mana bu telefondan gaplashsak bo‘ladi», degan. Taxmin qilish mumkinki, biznesmen o‘zi so‘zlashayotgan liniya eshitishlardan himoyalangan deb o‘ylagan».
Yozuv uni e’lon qilgan insonlarning qo‘liga qanday tushib qoldi? Ular kimlar?
26 mart kuni «Vajniye istorii» nashri Rossiya maxsus xizmatlaridagi manbasiga tayanib, suhbat yozuvi haqiqiy ekani va FXX rahbariyati «shu kunlarda bu borada yig‘ilish o‘tkazib, xodimlarga chora ko‘rishga buyruq bergani»ni xabar berdi. Nashr bosh muharriri Roman Anin FXX oldida bu yozuv qanday paydo bo‘lganini aniqlash maqsadi turganini ham ta’kidladi.
«Meduza» bilan suhbatda mutaxassis Ilya Shumanov sizdirish Rossiya maxsus xizmatlari bilan bog‘liq emasligini ta’kidlagan: «Ommaga prezident haqorat qilingani yozuvi tarqaldi, Rossiya maxsus xizmatlariga bunaqa axborotni tarqatish taqiqlangan».
Ekspertlar zamonaviy texnologiyalar telefon egasining xabarisiz axborot yig‘a olishini eslatmoqda. Bu insonlarning ta’sir doirasiga ko‘ra, ularga ovoz yozib oluvchi uskuna o‘rnatilgan bo‘lishi mumkinligini ham e’tibordan qochirmaslik kerak. Shuningdek, signalni ushlash varianti ham bor — bu ham ish beradi. Ukraina harbiy razvedkasi bunday suhbatlarni muntazam yozib olib, e’lon qilib turibdi. Yozuv ilk marta Ukraina pabliklarida e’lon qilingani e’tiborga olinsa, Ukrainaga yon bosuvchi maxsus xizmatlarning ishi ham bo‘lish mumkin.
Bundan tashqari, BAA ham, Ozarboyjon ham mamlakat raqamli infratuzilmasi sohasida ko‘p ham himoyalanmagan va bu hol shaxsiy xabarlashuvlarni tutib olish nuqtayi nazaridan potensial xavf yaratadi.