16:27 / 28.03.2023
6157

Yevroittifoqning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonga kelishni rejalashtiryapti

Foto: MARK WILSON / GETTY IMAGES NORTH AMERICA / Getty Images via AFP

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Rossiyaga qarshi sanksiyalar bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurish niyatida ekanini aytdi.

«Biz Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydigan davlatlarning fikrini hurmat qilamiz. Ammo biz ularning sanksiyalarni chetlab o‘tish platformasiga aylanishini istamas edik», — dedi Yevropa Ittifoqining sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O’Sallivan Bishkekdagi brifingda. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalarni chetlab o‘tishning oldini olish bo‘yicha ish Yevropa Ittifoqining o‘zidan boshlanadi. Bundan tashqari, hamkor davlatlardagi vaziyatni va sanksiyalarni chetlab o‘tish borasida kelayotgan signallarni diqqat bilan kuzatish kerakligi aytildi. 

«Bizning vazifamiz - sanksiyalarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash. Savdo oqimlarini tahlil qilgandan so‘ng, biz ilgari bo‘lmagan sezilarli o‘sishni qayd etyapmiz. Qirg‘iziston ham shunday davlatlardan biri. Ammo shuni ta’kidlaymanki, bu yagona davlat emas. Men BAA, Turkiyaga tashrif buyurdim. Qozog‘iston, O‘zbekiston, Gruziya va Armanistonga borish niyatim bor», — dedi Devid O’Sallivan. 

Avvalroq The Telegraph nashri Yevropa Ittifoqi Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berayotgan Markaziy Osiyo davlatlariga qarshi savdo cheklovlarini joriy qilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sanksiyalar Rossiyaga katta miqdorda kir yuvish mashinalari va eskirgan avtomobillarni yetkazib berayotgan davlatlarga taalluqli bo‘ladi. Chunki, kir yuvish mashinalar tarkibidagi yarimo‘tkazgichlar va avtomobil qismlari harbiy sanoatda qo‘llanishi mumkin.

«Kuzatuvchilar Yevropa Ittifoqi va Kremlning Markaziy Osiyodagi an’anaviy ittifoqchilari o‘rtasida iste’mol tovarlari ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshganini payqadi. Yangi marshrutlarda faollik 60-80 foizga ko‘paygan, Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tishda ulardan foydalanmoqda, degan xavotir bor», deb yozdi nashr.
 
Yevropa Ittifoqi rasmiylari avvalo Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik muzokaralar olib borib, ularni oqibatlar to‘g‘risida ogohlantirmoqchi. 

Top