O‘zbekiston | 23:52 / 03.04.2023
8828
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha global majburiyatlarga qo‘shildi 

2030 yilga borib O‘zbekiston ularning hajmini 30 foizga kamaytirishni maqsad qilgani ma’lum etildi. 

Foto: Anadolu Agency

30 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda maqbul yechim sifatida chiqindining nol darajasi roli» mavzusida Bosh Assambleyaning yuqori darajadagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixanov ishtirok etdi. 

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

U majlisda atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va 2030 yilgacha «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish strategiyasi qabul qilingani, ularda aholiga qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishni 100 foizga yetkazish, hosil bo‘ladigan maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini 65 foizga oshirish, shuningdek, «aylanma iqtisodiyot» tamoyillarini keng joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. 

Mazkur chora-tadbirlar maishiy chiqindilarni poligonlarga tashlash hajmini 60 foizgacha kamaytirish, 200 dan ortiq chiqindi poligonlari yerlarini to‘liq o‘zlashtirish, yashil hududga aylantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi. 

Majlisda O‘zbekiston 2022 yilda Metan chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha global majburiyatlarga qo‘shilganligi va 2030 yilga borib ularning hajmini 30 foizga kamaytirishni maqsad qilgani ma’lum etildi. 

Tadbir yakunida chiqindilarni birgalikda o‘zaro manfaatli va samarali boshqarish bo‘yicha qator takliflar bildirildi, shuningdek, O‘zbekistonning BMT va a’zo davlatlar bilan mas’uliyatli ishlab chiqarish va iste’molni ta’minlash sohasida, shu jumladan, «Nol chiqindi» tashabbusini ilgari surishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.

Mavzuga oid