15:27 / 04.04.2023
77504

«Salom, Joel!» - 50 yil oldin ilk bor mobil telefon orqali amalga oshirilgan qo‘ng‘iroq tarixi

Bundan 50 yil avval, 1973 yilning 3 aprelida tarixda ilk bor mobil telefon orqali qo‘ng‘iroq amalga oshirilgandi. Qo‘ng‘iroqni esa Motorola firmasi muhandisi Marti Kuper qandaydir bir oddiy odamga emas, balki shu yo‘nalishda izlanish olib borayotgan raqobatchi kompaniya — Bell Laboratories xodimi Joel Engelga amalga oshirgandi.

Kuper ayni damda 94 yoshda. U o‘sha kunni shunday eslaydi. Marti Nyu Yorkdagi 6-Avenyu burchagiga borib, cho‘ntagidan kichik daftarchasini oladi. Undan esa kerakli telefon raqamini topib, o‘tkinchilar oldida oshkora tarzda och sariq rangli matohdagi tugmachalarni bosa boshlaydi.

Foto: Marti Kuper va uning qo‘lida mobil telefon. Aynan shu qurilma orqali u ilk mobil qo‘ng‘iroqni amalga oshirgan

«Joel, men senga mobil telefon orqali qo‘ng‘iroq qilyapman, haqiqiy mobil telefon bilan — shaxsiy portativ qurilma bilan. U tomonda sukunat hukm surardi. O‘shanda u o‘zida faqat tishini g‘ichirlatishga kuch topa olgan xolos deb o‘ylayman», — deydi Kuper.

Bell Laboratories o‘sha vaqtda mobil telefon ustida ish olib borayotgandi. Farqi shuki, kompaniyaning qurilmasi faqat avtomobillarda ishlashi kerak edi.

«Biz shu mis simlar sabab uyimiz va ishxonalarimizdan chiqolmaydigan darajaga yetdik. Endi esa ular bizni mashinalarimizdan chiqolmay qolishimizni xohlashyapti. Buni tasavvur qilyapsizmi?» — deya voqeani hikoya qilishda davom etadi muhandis Marti.

Motorola Bell’dan farqli ravishda boshqa yo‘ldan boradi va kelajak bu yo‘lning qay darajada to‘g‘ri bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Albatta, hozirgi mobil telefonlar 1973 yilda Kuper ishlatgan qurilmadan butkul farq qiladi. O‘sha telefonning iste’molchilar uchun versiyasi ham voqeadan 11 yil o‘tib — 1984 yilda Motorola Dynatac 8000X nomi ostida sotuvga chiqadi.

Qimmat va og‘ir

Mobil telefonlar muzeyi rahbari Ben Vudga ko‘ra, Motorolaʼning ilk qurilmasi narxi hozirgi pulga chaqqanda 11,7 ming dollarga teng bo‘ladi. Biroq tabiiyki, qurilma funksiyalari hozirgi mobil telefonlarinikidan kam bo‘lgan.

Foto: Motorola’ning iste’molchilar uchun chiqargan telefoni. U ayni damda Mobil telefonlar muzeyida saqlanadi.

«Shunisi faktki, unda faqat raqamlarni terish va gaplashish mumkin edi xolos. Na kamerasi va na SMS yuborish imkoniyati bor edi. Bir martalik to‘liq quvvat bilan 30 daqiqa gaplashish mumkin edi. To‘liq quvvat olishi uchun esa 10 soat vaqt ketardi. Apparatning 15 santimetrlik antennasi ham bor edi», — deydi Vud.

Uning og‘irligi 790 gramm bo‘lgan, solishtirish uchun Apple’ning so‘nggi devayslaridan biri Iphone 14 og‘irligi atigi 172 grammni tashkil qiladi.

Marti Kuper 2023 yildagi qurilmalarning dizaynidan unchalik xursand emas. Shuningdek, u telefonlarning internetga kiroladigan, kameralarga ega superkompyuterga aylanib, uzoqqa bora olishini tasavvur qila olmaganini ham tan oladi.

«Hozirgi telefonlar optimal deb aytolmayman. Bu juda ko‘p jihatdan olib qaralsa ham yaxshi qurilma emas. Siz yassi plastmass va oyna bo‘lagini notekis bo‘lgan boshingizga qo‘yishni tasavvur qilib ko‘ring. Qo‘lda ushlash ham noqulay. U qodir bo‘lgan barcha imkoniyatlardan foydalanish uchun esa, avvalosi, siz bunga mos ilovani topishingiz kerak», — deydi Kuper.

Marti kelajakda sun’iy intellekt egasining ehtiyojlaridan kelib chiqib kerakli ilovalarni topadi va hatto o‘zi ishlab chiqarishiga ham ishonadi. Bundan tashqari, u mobil telefonlar odamlarning sog‘ligini aniqroq kuzatib borishda, umuman, hayot sifatining oshishida qo‘l keladi deb hisoblaydi.

Top