22:09 / 04.04.2023
7034

Tramp sudlangan bo‘lsa ham, AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yishi mumkin - OAV 

5 may kuni Trampga jinoyat ishi doirasida yozma ravishda ayblov e’lon qilinishi kerak. 

Foto: AP Photo/Evan Vucci

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp shu yilning 5 may kuni bo‘lib o‘tadigan sud mahkamasida ayblov xulosasini olishi mumkin. 

The Washington Post gazetasining Tramp maslahatchilariga tayanib yozishicha, ushbu jinoiy ayblov 76 yoshli siyosatchining AQSh prezidentligiga nomzodini qo‘yish istagiga to‘sqinlik qila olmaydi. Qolaversa, maslahatchilarining fikricha, bu uning prezidentlik uchun kurashda g‘alaba qozonishiga yordam berishi mumkin. 

Avvalo Tramp jinoyatda rasman yozma ravishda ayblanishi kerak, bu hali amalga oshirilmadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, siyosatchi 2016 yilgi saylov oldidan pornografik aktrisa Stormi Deniyelsga (haqiqiy ismi Stefani Kliffords) 130 ming dollar to‘lagan. Tramp Stefaniga advokati orqali o‘zining «intim uchrashuvi»ni yashirish uchun pul bergan. Biroq tergov bu to‘lov «sukut» uchun emas, shunchaki saylov kampaniyasiga kiritilgan sarmoya, deb hisoblamoqda. 

Tramp, qonunga ko‘ra, jinoyat uchun jazolangan taqdirda ham 2024 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Shu paytgacha asosiy partiyalarning hech bir nomzodi bunga urinmagan. 

Trampning maslahatchilari bu sud jarayonini sobiq prezidentni yanada ommalashtirish va shu tariqa taniqli siyosatchining reytingini oshirish imkoniyati sifatida baholamoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Tramp go‘yoki pornoaktrisa Deniyels bilan 2006 yilda golf turniri vaqtida tanishgan. Keyin unga intim xizmatlari uchun pul to‘lagan. 2016 yil oktabr oyida AQSh prokuraturasi Tramp o‘z ma’shuqasiga bo‘lgan voqeani oshkor etmaslik uchun 130 ming dollar to‘laganini aniqladi, biroq tergovga ko‘ra, Tramp pul o‘tkazmasini saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun amalga oshirgan. 

Endi Tramp o‘z aybini inkor etmoqda va Jo Baydenning jamoasi o‘ziga pand bermoqchi deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid
Top