Jahon | 20:16 / 06.04.2023
22483
17 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada YouTube bloklanishi kutilmoqda: kimga foyda, kimga zarar?

Rossiya hukumati qariyb barcha ijtimoiy tarmoqlarni bloklagan. Feysbuk va Instagramni hattoki ekstremistik tashkilotlar deb atagan. Endi YouTube’ni bloklash g‘oyasidan voz kechishmaganini ham namoyish etishmoqda.

Foto: Kun.uz

Bu haqda mish-mishlar tobora ko‘payib bomoqda. Bu masala bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, fevralda platformaning bloklanishini ko‘plab yuqori martabali mulozimlar, kuch ishlatarlar va propagandachilar yoqlayotgani xabar qilingan edi.

Rossiyada internet bloklanishini kuzatayotgan bir necha ekspertlar YouTube’ni bloklay olishadimi, modomiki bu yuz bersa rossiyaliklar nima qilishlari kerak, degan savollarga javob berishdi.

YouTube’ni bloklasa bo‘ladimi?

YouTube’ni bloklash osongina, u hech qayerga «qochib ketolmaydi» (ya’ni ko‘zgu saytlar yarata olmaydi). YouTube bloklashni aylanib o‘tish uchun proksi domenlar yaratmaydi. Xitoyda ham bunday amaliyot bo‘lmagan: Google u yerda oxirigacha kurashgan, biroq 2008 yilda baribir bloklab tashlashgan.

«2022 yil 24 fevralgacha Roskomnadzor YouTube’ni bloklashni eplolmasligini aytgan bo‘lardim. Lekin hozir vaziyat boshqacha. Ha, bir necha o‘n millionlab odam ortiq video ko‘ra olmasligidan achchiqlanadi, lekin ayni vaziyatda hukumat ularning reaksiyasi haqida qayg‘urib ham o‘tirmaydi», deydi «Esher II» telegram-kanali muallifi Filipp Kulin.

YouTube’ni bloklash mumkin. Uni to‘laligicha bloklash ham shart emas, barcha yirik aloqa operatorlariga ularda o‘rnatilgan Google uskunasini uzib qo‘yish buyurilsa bas.

«Bu uskuna Google Global Cache deb ataladi. Uning ishlash prinsipi shunday: siz rolik tomosha qila boshlaganingizda uning nusxasi umumiy serverdan mahalliy serverga ko‘chiriladi. Videoni ko‘rayotgan keyingi odam endi aloqa operatorida bo‘lgan mahalliy serverga murojaat qiladi. Google Global Cache ulkan trafikni tejaydi, chunki video og‘ir kontent. Hududiy operatorlar bu texnologiya trafikni o‘nlab martagacha iqtisod qilishga yordam berishini aytishgan», — deydi Internetni himoyalash jamiyati direktori, «Za Telekom» telegram-kanali muallifi Mixail Klimaryov.

Mutaxassisga ko‘ra, agar o‘sha lokal server uzib qo‘yilsa, barcha magistral kanallar YouTube trafigi bilan tiqilib qoladi va bu hol YouTube sayti to‘la qulashiga olib keladi. Hozirgacha bunday bloklash amalga oshmagan va uning oqibatlari qanday bo‘lishini ham hech kim bilmaydi.

Tahdidlarga qarshi turuvchi texnik choralar (TQTCh) sharofati bilan hozirda Google va uning boshqa servislariga tegmasdan, YouTube’ning o‘zini bloklash mumkin. Bu so‘nggi bir necha yilda Rossiyadagi internet provayderlar o‘rnatishi shart bo‘lgan qutilardir. 

«Avvaliga TQTCh provayder Roskomnadzor ko‘rsatgan saytlarni bloklayotganini tekshirib turish uchun foydalanilgan. 2020 yildan boshlab bu qutilar nafaqat tekshiradi, talablar bajarilayotganini ham nazorat qilib, o‘zidan barcha trafiklarni uzatadi, nimalarni bloklash kerakligi haqida signal ham uzatadi», — deydi Addmeto telegram-kanali muallifi, «Yandeks»ning texnologiyalarni tarqatish bo‘yicha sobiq direktori Grigoriy Bakunov.

Hozir ular nafaqat ulanishni bloklashi, uni sekinlashtirishi ham mumkin: aslida ulardan ko‘zlangan maqsad ham shu bo‘lgan. Sof nazariy jihatdan agar urinib ko‘rilsa, TQTCh bilan barcha VPN’larni ham bloklab qo‘yish mumkin. Gap shundaki, VPN nafaqat bloklashni chetlab o‘tish, shuningdek korporatsiyalar ichki xavfsizligini ta’minlash uchun ham foydalaniladi.

Hozir bu TQTChlar aynan kerakli narsani bloklash uchun kerak: ular muayyan saytlarni, muayyan trafik turlarini, muayyan IP-manzillarni bloklay oladi.

Masalan, Xitoyda foydalanilayotgan yechimlardan TQTCh nimasi bilan farq qiladi?

TQTCh o‘zi tanlab bloklashi mumkin — bitta kompyuterda joylashganiga qaramasdan ayrim saytlarni bloklashi, boshqasiga tegmasligi mumkin. Ular, masalan, Google-qidiruv yoki Android’ning yangilash tizimiga tegmay turib, YouTube’ning o‘zini bloklashi mumkin. 

Rossiya chindan ham YouTube’ni bloklashga hozirlanmoqdami? Bu tayyorgarlikni sezish mumkinmi?

Roskomnadzorning yangi bloklashga tayyorgarlik ko‘rayotganini kuzatish imkonsiz. Ular aslida nima bilan shug‘ullanayotganini ham anglash qiyin: yangi muammolarni axtarishyaptimi, yangi texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishmoqadimi yoki biror narsaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishmoqdami? Masalan, VPN’ni bloklashni Roskomnadzor turli yo‘llar bilan sinab ko‘radi. 

«Urush davom etar ekan, barcha tomonlarga bir birini kuzatib turish foydali. YouTube’ning shu vaqtgacha bloklanmaganiga sabab, Roskomnadzor harbiylar bilan bu borada kelisha olmagani ham bo‘lishi mumkin», — deydi Filipp Kulin.

Grigoriy Bakunovning fikricha, hozircha hech qanday tayyorgarlik ko‘rilmayapti. YouTube’ni tezda va keskin bloklash mumkin, shunchaki Roskomnadzor bu bilan shug‘ullanishni o‘ziga ep ko‘rmagan. So‘nggi vaqtlarda esa axborot olamida ko‘p narsa o‘zgardi.

Rossiyada bloklansa YouTube nima qiladi?

YouTube bloklashga qandaydir reaksiya ko‘rsatib, namoyishkorona Rossiyani tark etadi, deb bo‘lmaydi. Xitoydagi amaliyot ko‘rsatadiki, Google doim so‘nggi lahzagacha hammasini izga tushirishga urinib ko‘radi.

«Bunga javoban Google VPN-servislarga yashirincha homiylik qila boshlashi mumkin. Lekin ochiq biror xatti-harakatga qo‘l urmaydi. Pul va kapital borasida Rossiya Google uchun mittigina mamlakat. 140 mln odam Xitoyga solishtirilganda 10 barobar kichik», — deydi Filipp Kulin.  

Agar YouTube bloklansa, Google Rossiyani o‘z servislaridan uzishni boshlashi mumkin. Bu jiddiy muammo keltirib chiqaradi.

«Izlash servisidan tashqari, gugl-hujjatlar, gugl-tahlillar va millionlab rossiyaliklar foydalanayotgan Android operatsion tizimi ham bor. Google’ning o‘zi Rossiyada o‘z servislaridan foydalanishni taqiqlab qo‘ysa nimalar bo‘lishini hech kim bilmaydi. Ayni paytda mana shu xavf ustida ham bosh qotirilmoqda», — deydi Mixail Klimaryov.

2008 yilda YouTube Pokistonda bloklangan. Bu trafik hajmi keskin o‘sishiga olib kelgan, aloqa operatorlarining magistral liniyalari qulagan va telekommunikatsion kollaps yuzaga kelgan. Eronga esa, masalan, Google hech qachon qadam bosmagan. Ingliz tilini biladigan eronliklar VPN yordamida YouTube’dan bemalol foydalanishadi.

«Pokistan dam-badam YouTube’ni to‘liq bloklab turadi, odamlar platformaga ulanolmay qoladi. Lekin vaqti-vaqti bilan ochib ham turishadi, bu portalga joylanayotgan videolar mazmuniga bog‘liq. Turkiyada ham YouTube shunchaki yopib qo‘yilgan paytlar bo‘lgan — biroq bu vaqtinchalik choralar edi.

Xitoyda YouTube yo‘q — lekin mahalliy kuchli o‘yinchilar borligi tufayli u yerda odamlarga farqi yo‘q.

YouTube Rossiyadan ketmasligi kerak, rossiyaliklar esa pullik VPN sotib olaverishi lozim», — deb hisoblaydi Grigoriy Bakunov.

VPN bloklashda yordam beradimi?

Tekin VPN videoservislardan foydalanishga mo‘ljallanmagan. Buning uchun katta trafik hajmi kerak bo‘ladi, ular asosan messenjerlardagi matnlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. 

Pullik VPN’lar video ko‘ruvchi foydalanuvchilarga ham sifatli xizmat ko‘rsata oladi. Ammo bu holatda ko‘plab VPN servislari xorijda joylashgani va ularga Rossiyadan turib pul to‘lash qiyinligi yuzaga chiqadi.

«Eng qizig‘i, bunday kompaniyalar YouTube’ning o‘chirilishidan mazza qila olishmaydi. Hozir ko‘plab foydalanuvchilar YouTube’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanishadi, endi to‘g‘ridan to‘g‘ri borgan trafik VPN orqali yo‘naltirilishini tasavvur qiling. Hammasi qiyinchiliklarsiz ishlab ketishi uchun bu katta miqdordagi yangi serverlarni, kanallarning kengaytirilishini talab qiladi. Ulkan hajmdagi trafik to‘g‘ridan to‘g‘ri ketayotgan joyda kutilmaganda VPN orqali o‘tishi hodisasi hali dunyoda kuzatilmagan», — deydi Grigoriy Bakunov.

2022 yili Rossiyada bloklangan Instagram trafik va axborot hajmi bo‘yicha Youtube’dan ancha kichik, shu sababli tekin VPN orqali uni kuzatish mumkin. Lekin, baribir Instagram’da VPN orqali video tomosha qilish qiyin, shu sababli Rossiyada qolgan instablogerlar o‘z auditoriyasining katta qismini yo‘qotgan.

Instagram bloklangach, Rossiya hokimiyati VPN’ga qarshi urushda yengildi. Instagram auditoriyasi — bu oddiy odamlar, ularning ko‘pchiligi tarmoqda biznes yuritishgan. Bloklashgacha ularning ko‘pchiligi VPN nimaligi, undan qanday foydalanishni ham bilmagan. 

«YouTube’ning o‘zi bunday bloklashdan hech ham zarar ko‘rmaydi: Rossiya bilan pul borasidagi munosabatlarni u urush boshlangani hamono bas qilgan. Shunday hazil ham bor: Rossiyaliklar Youtube’ning eng faol foydalanuvchilari, chunki ularga reklama ko‘rinmaydi. Ya’ni Google yo‘qotishi mumkin bo‘lgan pullarni allaqachon yo‘qotib bo‘lgan», — deydi Filipp Kulin.

Biroq, urush boshlangandan so‘ng barcha urg‘ular o‘zgardi — Ukrainada odamlar o‘ldirilmoqda, hech kim pulga qarab o‘tirgani yo‘q: sanksiyalar bormi — bor, taqiqlar bormi — bor. Amerika kompaniyasi sifatida Google ularga rioya qiladi. 

Aslida, VPN mashhurligining ortishi Rossiya hokimiyati uchun yana bir muammo. Ko‘pchilik YouTube tomosha qilishga o‘rganib qolgan va tomoshani davom ettirishni istaydi. Rossiyalik internet foydalanuvchilarining 20–25 foizi VPN-servislardan foydalanadi, yangi bloklash yuzaga kelganda ularning soni albatta ortadi. Bularning barchasi YouTube’ni bloklashga bo‘lgan urinishlarni nolga tenglashtiradi: rossiyaliklar undan foydalanishda davom etaverishadi. Ya’ni keyingi qadam — VPN’ni bloklash bo‘ladi.

«VPN-servislar ishlamay qolishiga ham erishish mumkin. Ularni bloklashning bir necha usullari bor. Ayni damda Rossiyada VPN’larning eng yiriklari bloklanmoqda. VPN-servislar bloklanishga qarshilik ko‘rsatib kelmoqda, lekin bu foydalanuvchilar tajribasiga ta’sir o‘tkazmoqda, chunki ular uzilishlar bilan ishlamoqda», — deydi Mixail Klimaryov.

Boz ustiga, Rossiya hokimiyati protokollar bo‘yicha bloklashni biladi. Bunaqa bloklash biznesga katta ta’sir o‘tkazadi, chunki ko‘plab kompaniyalar kompaniya ofisi ichida xavfsiz bog‘lanish uchun VPN’dan foydalanishadi. Bundan tashqari, bankomatlar ham xususiy VPN ichida ishlaydi — bu ham xavfsizlik uchun qilingan. Shu sababli, protokollar bo‘yicha bloklash «Sber» kabi servislar qulashiga olib keladi.

Hukumatga YouTube’ni bloklash o‘zi nima uchun kerak?

«Bu siyosat. YouTube’da kontentni nazorat qilib bo‘lmaydi. Bloklash orqali ular Rossiya aholisi faqat «ishonchli manbalar»dan olingan videobloglarni tomosha qilishiga erishmoqchi», — deydi Grigoriy Bakunov.

Aslida, YouTube va yirik nashrlar hokimiyatning jig‘iga teguvchi vositalar. Har qanday taqiq taqiqlovchilar uchungina kerak.

«Hokimiyatdagilarga o‘zlarining fosh qilinishini tomosha qilish yoqimsiz. Ular odamlar ham bu narsalarni ko‘rayotgani bilib, juda jahllanishmoqda. Shu sababli bu muammoni bloklash bilan yechishmoqchi. Lekin har qanday bloklash ko‘zlangan natijaga olib bormaydi», — deydi Filipp Kulin.

Hukumatning vazifasi — odamlarga mustaqil axborot kelib tushishining oldini olish, YouTube esa ayni damda uning eng katta manbayi.

«Rossiyada YouTube’ning 80 mln kishini qamrab olgan yirik auditoriyasi bor. Ko‘plab rossiyaliklar aynan o‘sha yerdan axborot olishadi, chunki qolganlari bloklangan», — deydi Mixail Klimaryov.

Boshqa tomondan, propagandachilar ham Youtube’da kanal yuritish uchun katta mablag‘ sarflashgan. Ularning kanallari paydar-pay bloklanmoqda, biroq o‘rniga boshqalari ochilmoqda.

Agar YouTube baribir bloklansa, rossiyaliklarda boshqa muqobil qoladimi?

«Muqobil ikkita: qariyb YouTube’ning tengdoshi bo‘lgan Rutube bor, o‘z videoservisini yaratayotgan va uni urushga bog‘lamasdan rivojlantirayotgan VK ham bor», — deydi Filipp Kulin.

Rutube va VK qandaydir muqobil yaratmoqchi bo‘layotgan biznes loyihalardir. Rutube va VK tijorat tashkilotlari hisoblanib, ular trafik hajmini va foydalanuvchilar sonini oshirib, pul ishlamoqchi. Shu sababli ular kontent loyihalari va studiyalarni sotib olmoqda.

«Bu yo‘l bilan ular agar YouTube bloklansa kontent taqchilligi masalasini hal qilmoqchi. Lekin tushunish kerakki, YouTube’ning bloklanishi kontent iste’molchilari uchun ham tarmoq uchun ham texnik nuqtayi nazardan shokli ssenariy», — deydi Mixail Klimaryov. 

Rossiyada YouTube’ga muqobil servis yaratish haqida gap-so‘zlar 2018–2019 yillardan buyon bormoqda. O‘shanda asosiy yo‘nalishlar VK va Rutube bo‘lgan. Ko‘proq videolar Rutube’ga qo‘yilgan, hozir esa VK’ning qo‘li baland kelmoqda.

«Chunki VK’dagi yigitlar bilimliroq va eng zo‘r yechimlarni qabul qilishmoqda. Bu — birinchidan.

Ikkinchidan, VK «tuxummi yo tovuq» muammosini hal qilgan. Chunki har qanday videoservis tuzilar ekan, u yerga foydalanuvchini qanday jalb qilish mumkin, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi. Platformada yangi videolar soni ko‘p bo‘lmasa foydalanuvchi kirmaydi. Foydalanuvchi bo‘lmasa, u yerga mualliflar video yuklamaydi.

Bu Rutube’ning eng katta muammosi: odamlar u yerga blogerlik kontenti yo‘qligi sababli kirishmaydi. Blogerlar esa u yerga auditoriya yo‘qligi uchun video yuklashmaydi. Binobarin pul ishlay olishmaydi, chunki ular reklamani qamrov va auditoriya tufayli sotishadi», — deydi Grigoriy Bakunov.

Ha, VK’da bunday muammo yo‘q. Runetning har bir faol foydalanuvchisi u yerda profilga ega. Tez-tez bo‘lmasa ham, u yerga kirib turadi va platformaning ilgarilashiga yordam beradi. Hozir barcha VK’da «Biz tayyormiz, YouTube’ni o‘chiraveringlar» degan imoni kutib turibdi.

YouTube’ning ikkita muhim tarkibiy qismi bor: biri — videoni tomosha qilish bo‘lsa, ikkinchisi — tavsiyalar tizimi. YouTube foydalanuvchilarining katta qismi hech kimga obuna bo‘lmagan, ularni obuna bo‘lishga jalb qilishadi: «obuna bo‘ling, qo‘ng‘iroqchani bosing», qabilida. Lekin ko‘pchilik YouTube tavsiyalari asosida yashaydi. Bu yillar davomida sayqallangan tizim va uni takrorlash juda qiyin.

Rossiya platformasi yasalgan taqdirda ham, foydalanuvchi YouTube’dan VK’ga o‘tib, o‘zi uchun chindan qiziqarli narsani topa oladigan qilish qiyin. YouTube allaqachon insonlarning qiziqishlarini biladi, VK esa yo‘q. Xullas, YouTube o‘chirilganidan so‘ng ayni damda Rossiyada juda mashhur bo‘lib turgan videoblogerlarning katta qismi hayotdagi o‘rnini yo‘qotib qo‘yadi.

Mavzuga oid