08:32 / 11.04.2023
4322

O‘zbekistonda «Toza havo» oyligiga start berildi

Kecha, 10 apreldan respublikada «Toza havo» oyligi tadbiri boshlandi. Tabiat resurslari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan birgalikda o‘tkaziladigan tadbirdan maqsad mamlakatda avtotransportlar tashlamalarini kamaytirishdir.

Foto: Kun.uz

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda ishlab chiqarish korxonalari, avtomobillar sonining ko‘payishi atmosferaga chiqarilayotgan tashlamalar miqdorining sezilarli ortishiga sabab bo‘lmoqda. Bu respublikada, ayniqsa, Toshkent shahrida havoning ifloslanish darajasi oshishiga xizmat qilmoqda.

2022 yil yakuniga ko‘ra, havo ifloslanishi bo‘yicha xalqaro havo indeksi reytingida Toshkent shahri 20-o‘rinni egallagan.

Bugungi kunda respublikada 4 mlnga yaqin avtotransport vositalari mavjud bo‘lib, shundan 100 mingtasi nosoz hisoblanadi. Ulardan atmosferaga bir yilda o‘rtacha 1,3 mln tonna zararli tashlamalar tashlanadi, bu umumiy tashlamalarning 63,0 foizini tashkil etadi (ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 88 foizga teng).

«Transport vositalari sonining kundan-kunga ortishi natijasida tashlamalar miqdori 2022 yilda 2021 yilga nisbatan 26 ming tonnaga ko‘paygan. Bunga foydalaniladigan yoqilg‘i turining sifati, aholining jamoat transportlaridan yetarli darajada foydalanmasdan, o‘z avtotransport vositalarida yurishlari, avtoulov egalarining o‘z avtotransportlarining texnik sozligiga yetarli darajada e’tibor qaratmasliklarini asosiy sabablar sifatida keltirish mumkin», — deyiladi Tabiat resurslari vazirligi xabarida.

Tadbir davomida respublikaning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)lar markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, tadbir doirasida 79 ta yo‘l-patrul maskanlarida ko‘rik nuqtalari, viloyat va shaharlar markaziy ko‘chalarida ko‘chma postlar tashkil etilib, ularga 500 nafar xodim jalb etiladi. Tadbir 10 maygacha davom etadi.

Top