Jahon | 11:47 / 11.04.2023
9693
2 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya veteranlari» Rotaruning mulkini musodara qilish talabini qo‘ydi

Rossiya tashkiloti Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga qo‘shiqchi Sofiya Rotaruning mol-mulkini musodara qilish talabi bilan murojaat yo‘llagan. Qo‘shiqchi to‘liq miqyosli harbiy harakatlar boshlanganidan keyin Ukrainani qo‘llab-quvvatladi.

Foto: rnews.ru

«Rossiya veteranlari» jamoat tashkiloti qo‘shiqchi Sofiya Rotaruni urushga qarshi pozitsiyasi tufayli Moskva va annexia qilingan Qrimdagi ko‘chmas mulkidan mahrum qilish iltimosi bilan Rossiya Bosh prokuraturasi va Tergov qo‘mitasiga murojaat yo‘lladi. Bu haqda 10 aprel, dushanba kuni tashkilot ijrochi direktori Vadim Mironenko TASS agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Biz uning Moskva va Yaltadagi ko‘chmas mulkini olib qo‘yishni, sotishni va tushgan pulni Rossiya Qurolli kuchlari ehtiyojlariga sarflashni talab qilamiz», dedi u. Mironenko Rotaruning Moskvadagi Zoologiya ko‘chasida joylashgan uch xonali kvartirasi haqida gapirayotganini ta’kidladi.

Avvalroq, «Rossiya veteranlari»ning yana bir vakili Ildar Rezyapov xonandani qonunbuzarliklar bo‘yicha tekshirishga va «Rossiya hududidagi barcha mol-mulkini musodara qilishga» chaqirgan edi. «Musodara qilingan mulkni sotishdan tushgan barcha pullar Rossiya tomonidan annexia qilingan Ukraina viloyatlaridagi kambag‘allarning ijtimoiy ehtiyojlariga va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida qatnashayotgan «ko‘ngilli bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlashga» yo‘naltirilishi kerak», dedi u.

«Rossiya veteranlari» «vatanparvarlik pozitsiyasi yetarli bo‘lmagan rus yulduzlariga nisbatan bir necha bor shunga o‘xshash bayonotlar bilan chiqishgan. Xususan, ular Valeriy Meladze, Artur Smolyaninov va Maksim Galkinni javobgarlikka tortishga chaqirishgan.