Jamiyat | 20:04 / 12.04.2023
63892
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda yosh qizni zo‘rlashda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi

U uylardan birining yerto‘lasidan topilgan.

Foto: Ichki ishlar vazirligi

Namangan viloyatida voyaga yetmagan qizning nomusiga tegishda gumonlanib qidiruvga berilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bergan.

«Namangan viloyati IIB tomonidan qidiruv e’lon qilingan Sherzod Umarov joriy yilning 12 aprel kuni Namangan shahri «O‘zbekiston» ko‘chasida joylashgan yashash xonadonining yerto‘lasidan topilganini ma’lum qilamiz», deyiladi xabarda.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi uylardan biri maxsus kiyimdagi xodimlar tomonidan o‘rab olingani, hovlida ham fuqaro kiyimidagi xodimlar yurgani va ayol kishining jazavaga tushgancha ularga qarab baqirayotgani aks etgan video tarqalgandi.

IIV axborot xizmati holat yuzasidan bergan izohida tasvirda aprel oyi boshida voyaga yetmagan qizni zo‘rlashda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga olish jarayoni aks etgani, uning oila a’zolarining faol qarshilik ko‘rsatishi natijasida gumondor qochib ketganini ma’lum qilgandi.

Ushbu shaxs viloyat ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida nazoratda turgani, muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun 5 marta sudlangani, mart oyida ham ko‘chada ikki yosh yigitni kaltaklagani ma’lum qilingan.

Mavzuga oid