Muvaffaqiyatli insonlar haqida gap ketganda eng birinchi ularning hayot yo‘li haqida bilishga qiziqamiz. Masalan, yozuvchi Gabriel Garsia Markes, qo‘shiqchi Teylor Svift, Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brin, mashhur oshpaz Juliya Childning qanday umumiy tomonlari bor?

Javob shuki, ularning hammasi kichikligidan boshlab Montessori maktablarida o‘qishgan. Hindiston mustaqilligi asoschisi Mahatma Gandi Montessori uslubining fanati edi, u bolani qanday o‘qitish kerakligi haqida shunday degandi: “Bolaga hamma narsa o‘yin shaklida o‘rgatilsa, u o‘rganish yuki sabab qiynalmaydi”. Hindistonlik shoir, Nobel mukofoti laureati Robindranat Tagor esa bolalar o‘zlari ijodiy taraflarini erkin namoyon qila oladigan Montessori maktablari tarmog‘ini yaratgan.

Montessori metodi qanday ishlaydi?

Italiyalik shifokor va o‘qituvchi Mariya Montessori bolalarni kichikligidanoq mustaqillikka o‘rgatuvchi tamoyillarini ishlab chiqqaniga ham bir asrdan oshdi. Hozir butun dunyoda Montessori usulidan foydalanadigan kamida 60 ming maktab mavjud.

Mariya Montessori kim o‘zi?

Montessori 1870 yilda Italiyaning Kyaravalle deb ataluvchi kommunasida tug‘iladi. Uning oilasi zamonasining olim va mutafakkirlari bilan tez-tez ko‘rishib turadigan ziyolilar edi. Bu esa Mariyaga o‘zining tengdosh qizlariga qaraganda anchayin ustunliklarni berardi.

Mariyani onasi doim qo‘llab-quvvatlaydi va bu uning boshlang‘ich maktabdan so‘ng texnika maktabiga o‘qishga kirishida, keyinroq, asosan, erkaklar ishlaydigan tibbiyot sohasini o‘rganishga qaror qilganida aks etadi.

1896 yilda o‘qishni tugatganidan ko‘p o‘tmay Montessori Rim universiteti qoshidagi psixiatriya klinikasida ko‘ngilli yordamchi bo‘lib ishlay boshlaydi. U yerda Montessori o‘rganishda qiyinchiliklarga duch keladigan bolalar bilan ishlaydi. Montessori ishlaydigan xona deyarli bo‘sh, faqat ba’zi mebellar bor edi xolos. Bir kuni u bolalarning yerga tushgan non ushoqlarini ishtiyoq bilan o‘ynayotganini payqab qoladi. Keyin uning xayoliga ba’zi aqliy zaifliklarning kelib chiqishiga kambag‘allik ham sabab bo‘lishi mumkin, to‘g‘ri yaratilgan o‘quv materiallari bilan esa yosh qalblarni tarbiyalash mumkin degan fikr keladi.