O‘zbekiston | 11:33 / 23.11.2024
2641
3 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni joylashtirishning muqobil shakllari joriy etilmoqda

2025 yil 1 yanvardan kam ta’minlangan oilalardan bolalarni mehribonlik uylari va bolalar uylariga vaqtincha qabul qilish bekor qilinadi. 

Prezident farmoni bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari belgilandi.

Hujjatning maqsadi – yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan, zo‘ravonlikdan jabrlangan va oiladan olingan bolalarni (ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar) joylashtirishning muqobil shakllarini takomillashtirish, shuningdek yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan yoshlarni jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash.

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari:

  • ularni oilaviy muhitda tarbiyalash, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikdan chiqarishda ko‘maklashish orqali ijtimoiy yetimlikning oldini olish;
  • yetim bolalarni jamiyatga integratsiyalashuviga qaratilgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni ixtisoslashtirilgan tarbiya muassasalariga joylashtirish ko‘rinishidagi muqobil joylashtirish shaklini bosqichma-bosqich deinstitutsionalizatsiya qilish va boshqalar.

Bolalarning eng yaxshi manfaatlaridan kelib chiqqan holda ularni joylashtirishning quyidagi muqobil shakllari belgilandi:

  • vasiylik va homiylik belgilash;
  • bolani farzandlikka olish;
  • qabul qiluvchi (foster) oilaga berish (oilaga tarbiyaga olish (patronat), shuningdek oilaviy turdagi bolalar uylariga (qisqa muddatli, uzoq muddatli yoki ixtisoslashtirilgan joylashtirish);
  • ixtisoslashtirilgan tarbiya, sog‘lomlashtirish va tibbiy-ijtimoiy muassasalarga joylashtirish.

2025 yil 1 yanvardan kam ta’minlangan oilalardan bolalarni mehribonlik uylari va bolalar uylariga vaqtincha qabul qilish bekor qilinadi. Bunda hokim yordamchilari va ijtimoiy xodimlar «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida oilalarni kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘radi.

2025 yil 1 martdan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz onalarga (otalarga) Davlat ijtimoiy himoya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bola (bolalar) uch yoshga to‘lgunga qadar maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanish uchun bir bolaga 1,5 BHMgacha moddiy yordam ko‘rsatiladi.

Oilaviy turdagi bolalar uylarini tashkil etish uchun to‘liq oila (er va xotin) bo‘lishi talabi bekor qilinadi. Ularni 30 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolariga ham tashkil etishga ruxsat beriladi.

Mavzuga oid