O‘zbekiston | 22:21 / 19.04.2023
12759
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqand uchrashuvlari: vazirlar nimalarni gaplashdi?

13-14 aprel kunlari Samarqandda ketma-ket uchta bir-biridan alohida diplomatik forumlar – MDH anjumani, Markaziy Osiyo – Rossiya muloqoti va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning majlisi bo‘lib o‘tdi.

Birinchi uchrashuv – bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi edi. Ma’lumki, MDH doirasida juda ko‘plab hamkorlik va muloqot formatlari bor. MDH davlat rahbarlari kengashi, bosh vazirlari kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi va h.k.

MDH tashqi ishlari vazirlarining oxirgi kengash uchrashuvi o‘tgan 2022 yilning oktyabr oyida, qo‘shni Qozog‘iston poytaxti Ostonada bo‘lib o‘tgan edi. MDH – bu sobiq SSSRdan keyingi “tinch ajrashish uchun” tuzilgan tashkilotlardan biri hisoblanadi.

Samarqandga, MDH tashqi ishlar vazirlari kengashida qatnashish uchun 9 davlat xorijiy vazirlari to‘planishdi, bu – O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Ozarboyjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston.

Ukraina, Gruziya va Moldova tashqi ishlar vazirlari bu kengashda ishtirok etishmaydi. Gruziya rasman MDHdan chiqib ketganiga ancha bo‘ldi. Moldova va Ukraina ko‘p yillardan beri MDHdan uzoqlashmoqda.

Ikkinchi forum – bu Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirlarining muloqot yig‘ilishi bo‘ldi.

Keyingi, uchinchi muhim uchrashuv – bu Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan davlatlar Tashqi ishlari vazirlarining yig‘ilishi. Samarqandda Afg‘oniston qo‘shnilarining 4-uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu format 2021 yil sentabr oyidan buyon mavjud. Uning ishtirokchilari – Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondir.

Afg‘oniston bo‘yicha uchrashuvdan so‘ng tashqi ishlar vazirlari bayonot ham tarqatishgan. Bayonotda Afg‘onistondagi murakkab vaziyat AQSh zimmasiga yuklatilgan. AQSh va uning NATO doirasidagi ittifoqchilarining Afg‘onistonda 2001-21 yillarda olib borgan harbiy operatsiyasi “muvaffaqiyatsiz eksperiment” deb atalgan.

Samarqanddagi ushbu uchrashuvlar, dunyo geosiyosatida yuz berayotgan katta voqealar va o‘zgarishlar fonida kechmoqda. Rossiya-Ukraina urushi, rasmiy Moskvaning global vaziyatini ancha murakkablashtirdi. Rossiyaga qarshi g‘arb sanksiyalari Moskvani sharqqa va janubga yuzlanishga majbur qildi.

AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatlar ham kuchayib, chigallashib bormoqda. Xitoy, Rossiya va Eron – bu uchala davlat ham Samarqanddagi uchrashuvlarda qatnashdi, ular – AQShning eng ko‘zga ko‘ringan opponentlari yoki dushmanlari. Dunyo iqtisodiyotida dollardan voz kechish jarayoni tezlashdi. Bu jarayonga hattoki Saudiya va uning arab ittifoqchilari, Fransiya, Braziliya va boshqa davlatlar ham qo‘shilmoqda.

Afg‘oniston borasida, uning qo‘shni davlatlari bosqichma-bosqich “Tolibon” hokimiyatini tan olish bo‘yicha real qadamlar tashlash niyatida. Samarqand uchrashuvlarida, Afg‘onistondagi ijtimoiy vaziyat izdan chiqmasligi, iqtisodiy taranglik qaytadan beqarorlikka olib kelmasligi ko‘p takrorlandi.

O‘zbekistonning Afg‘oniston atrofidagi manfaatlari juda muhim. Bu xavfsizlikdan boshlanib, iqtisodiy aloqalar, transport va geosiyosiy munosabatlargacha borib taqaladi. Dunyo hamjamiyati “Tolibon” hokimiyatini rasman tan olgani yo‘q. “Tolibon” hukumatiga, ma’lum talablar qo‘yilgan. Bular, inklyuziv (ko‘p millatli) hukumat shakllantirish, ayol-qizlar haq-huquqlari ta’minlanishi shart qilib qo‘yilgan, qolaversa, sobiq hukumat vakillarini ham qamrab olish tavsiya berilgan edi. Biroq, “Tolibon” rejimi bu borada hozircha sezilarli qadamlar tashlagani kuzatilmaydi.

Afg‘onistonda inklyuziv hukumat shakllanishi – ushbu davlatdagi barqarorlik mustahkamlanishiga, jumladan, shimoliy viloyatlarda yashovchi besh-olti million atrofidagi etnik o‘zbeklarga ham ma’lum huquq va imkoniyatlar berilishini kafolatlar edi.

Afg‘onistonda Amudaryodan suv oluvchi Qo‘shtepa kanalining qurilishi, O‘zbekistonning “Tolibon” hukumati bilan munosabatlarini taranglashtiradi. O‘zbekiston har yili suv tanqisligidan qattiq aziyat chekadi. Endi, Afg‘onistonning yangi kanali orqali, Amudaryo suvining taxminan 25-30 foizgacha suvi tortib olinishi, O‘zbekistonning g‘arbiy hududlaridagi suv tanqisligini yanada oshiradi. Demak, Amudaryo suv masalasi ham, endi ikki tomonlama muloqotlarning og‘ir mavzusiga aylanib boradi.

Markaziy Osiyo–Rossiya tashqi ishlar vazirlari muloqotida, Moskvaning maqsadi aniq: mintaqani Rossiya orbitasida ushlab turish, g‘arbga yoki Xitoyga og‘ishuvga imkon bermaslik, g‘arb sanksiyalarini aylanib o‘tuvchi hudud rolini yuklash va oshirib borish...

Ayni paytda, Markaziy Osiyo, bir tomondan iqtisodiy hamkorlikni Rossiya va Xitoy bilan rivojlantirish, lekin geosiyosiy jihatdan bu davlatlarning to‘liq izmiga tushib qolmaslik kabi murakkab vazifalarni o‘z oldiga qo‘yishlari aniq.

Mavzuga oid