O‘zbekiston | 22:16 / 20.04.2023
25940
14 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston attraksionlaridagi fojialar: sabab, oqibat va xulosalar

Mart oyining so‘nggi o‘n kunligida respublikamizning ikki hududida attraksionlar bilan bog‘liq ikkita baxtsiz hodisa ro‘y berdi. Farg‘onada 18 yashar qiz attraksiondan tushib ketgan bo‘lsa, Buxoroda er-xotin va ularning go‘dak farzandi istirohat bog‘idagi arg‘imchoqdan yiqilib jiddiy jarohat oldi. Kun.uz ushbu maqolada O‘zbekiston attraksionlarida so‘nggi yillarda yuz bergan fojialarni jamladi.

Olti metrga uchib ketgan arg‘imchoq

26 mart kuni Buxoro shahridagi “Somoniylar” nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida fojia yuz berdi. Hodisa “Tvister” attraksionida ro‘y bergan. Qayd etilishicha, attraksionning oq-qizil rangdagi arg‘imchog‘i o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib tushgan.

Natijada er-xotin va ularning kichkina farzandi og‘ir jarohat olgan. Jumladan, go‘dakning boshi yorilgan, erkakning qo‘li singan, ayolda esa ichki gematoma qayd etilgan. Bundan tashqari, uchovlonning miyasi chayqalgan, turli darajadagi boshqa jarohatlar ham olishgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi “Somoniylar” madaniyat va istirohat bog‘idagi attraksionlar, shu jumladan, “Xalikov Shuhrat” Yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli bo‘lgan “Tvister” attraksionining xavfsizlik holati 2022 yilning dekabr oyida o‘rganilganini ma’lum qildi.

Foto: Yuz.uz

O‘rganish davomida “Tvister” attraksioni statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, undan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan va ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlangan.

“Shunga qaramasdan attraksiondan o‘zboshimcha foydalanish davom etgan va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagan. Oqibatda attraksion o‘rindiqlarini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilib, korpusdan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) tan jarohati olgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Ma’lum bo‘lishicha, nosoz attraksion ikki nafar yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli bo‘lib, ayni paytda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, tekshiruv natijasi jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.

Attraksiondan tushib ketgan 17 yashar qiz

23 mart kuni Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joylashgan markaziy istirohat bog‘idagi “Qaroqchilar kemasi” nomli attraksiondan 17 yoshli qiz tushib ketdi. Hodisaga ehtiyotsizlik sabab bo‘lgani aytilgan.

Jarohatlangan o‘smir og‘ir ahvolda tuman shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Tekshiruv natijalari bosh miya episxeti, bosh miyaga oz miqdorda qon quyilish, ikkinchi bo‘yin umurtqasining tanasida sinish, qovurg‘alarida siniq, o‘pkada lat yeyish aniqlangan.

Keyinchalik bemor Bag‘dod tumani tibbiyot birlashmasi tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon-tomir kasalliklari markaziga o‘tkazilgan. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz’ga qiz hozir uyida ekani, ayni paytdagi salomatligi yaxshi ekanini ma’lum qildi.

“U bir o‘zi shu joyda uchgan. Attraksion to‘xtayotganda ehtiyotsizlik oqibatida tirkamani ochib yuborgan. Tirkamalar o‘z-o‘zidan ochilmaydi. Bu qizga ham o‘sha kuni tushuntirganmiz. O‘tirib olgan holatda uchishini, to‘xtamasidan tushmasligini aytganmiz”, – deya bo‘lgan voqea haqida ma’lumot bergan attraksion nazoratchisi Asilbek Qodirov.

Foto: Uznews.uz

Mazkur holat yuzasidan shu kunning o‘zida Rishton tumani IIB tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va N.O.ning olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. Hodisa sabablarini aniqlash, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan yoki qilinmaganligini aniqlash yuzasidan Bandlik boshqarmasiga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.

Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijasida “Qaroqchilar kemasi” attraksioni qo‘lbola usulda yasalgani, 2022 yil iyulda tadbirkor I.T. tomonidan o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgani aniqlangan.

“Mavjud talablarga ko‘ra, attraksion maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, attraksionning texnik pasporti mavjud emas, statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagan, kunlik texnik nazorat, attraksion elektr jihozlarini yerga zaminlash va izolyatsiyasi qarshiligini o‘lchash, ishga tushirish va sozlash ishlari bajarilmagan.

Attraksionga 2022 yil avgust oyida mavsum uchun maxsus laboratoriya tomonidan metall konstruksiyasining mustahkamligi to‘g‘risida ijobiy xulosa berilgan bo‘lsada, shu kungacha attraksiondan tegishli ruxsatnoma olinmasdan foydalanilgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Avvalgi yillarda kuzatilgan fojialar

2022 yil 20 noyabr. Qarshi shahridagi Alisher Navoiy istirohat bog‘ida joylashgan attraksionlardan birida 13 yoshli qiz bosh miyasidan og‘ir jarohat olgan. Qiz va uning onasi so‘zlariga ko‘ra, shu kuni attraksionda nosozlik yuzaga kelib, xavfsizlik uchun o‘rnatilgan kichik temir ustun chiqib ketgan. Shundan keyin qiz attraksiondan pastga yiqilgan.

Foto: Nasafnews.uz

2022 yil 4 iyun. Andijon shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida «Sakkizoyoq» attraksionida uchayotgan 5 yashar qizcha attraksion to‘xtash vaqtidan oldin tushib, ehtiyotsizlik oqibatida yengil tan jarohati olgan. Attraksion operatorlari bolaga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga olib borgan. Jabrlanuvchining ahvoli qoniqarli deb topilib, uyiga javob berilgan.

2021 yil 9 may. Telegramdagi Uzbek-MDK kanali shu kuni istirohat bog‘laridan biridagi attraksionda nosozlik kuzatilib to‘xtamay qolgani, bu vaqtda unda bir yigit va bir qiz bo‘lgani aks etgan video e’lon qilindi. Videoda attraksion borgan sari tezlashib borayotgani, nazoratchi esa uni qanday to‘xtatishni bilmay baqirgancha sheriklarini yordamga chaqirayotgani ko‘rinadi. Hodisa qachon va qayerda sodir bo‘lgani ma’lum qilinmagan.

2020 yil 2 yanvar. Farg‘onadagi «Al-Farg‘oniy» milliy bog‘idagi Booster max attraksionining mahkamlash detallaridan biri chiqib ketib, attraksionda uchayotgan 32 yoshli ayolning boshiga uriladi. Shifoxonaga yetkazilgan ayol shifokorlarning urinishlariga qaramay vafot etgan va tibbiy ekspertizada uning o‘limiga boshidan olgan og‘ir jarohat sabab bo‘lgani aniqlangandi.

Foto: Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi

Tekshiruv davomida 2019 yilda Xitoydan keltirilib, 15 dekabr kuni istirohat bog‘iga o‘rnatilgan qurilma davlat inspektorlari ishtirokida dastlabki sinovlardan o‘tkazilganda amaldagi qoidalar talablari to‘liq bajarilmagani aniqlangan. Ko‘rsatib o‘tilgan talablar bajarilgandan so‘ng va barcha hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng attraksion faoliyatiga ruxsat berilishi aytilgan bo‘lsa-da, qurilma bayram kunlari o‘zboshimchalik bilan ishga tushirilgani aniqlangan. Bu esa fojiaga olib kelgan.

2019 yil 30 sentabr. Namangandagi ko‘ngilochar istirohat bog‘ida qurilishi to‘liq bitkazilmagan «Spin block» attraksionida 18 yoshli qiz attraksionda kutilmaganda jarohat oladi hamda voqea joyida vafot etadi. Tekshiruv davomida u sinov tariqasida harakatlantirilayotgan attraksionga ruxsatsiz chiqib olgani, o‘zining ehtiyotsizligi oqibatida attraksionning temir truba qismiga urilib ketgani aniqlanadi.

Foto: Gazeta.uz

2019 yil 28 iyun. Jizzax shahridagi «Istiqlol» bolalar bog‘ida «Uchar likopcha» attraksionining likopcha qismi aylanayotgan paytda tayanch qismidan uzilib, 7 metr balandlikdan yerga qulagan. Bu paytda attraksionda turli yoshda bo‘lgan 8 kishi bo‘lgan. Baxtsiz hodisa oqibatida 20 yashar qiz fojiaviy tarzda hayotdan ko‘z yumgan. U kasalxonaga yetmay yo‘lda jon bergan.

Foto: Kun.uz

Rasmiy izohda attraksionning hattoki poydevori bo‘lmagani, likopcha qismi to‘liq tayyor bo‘lmasdan turib jizzaxlik tadbirkor uni olib ketib, o‘z bilganicha attraksionni qurgani, tekshiruvda attraksionning likopcha qismini ushlab turuvchi ustuni yaroqsiz va eski metalldan yasalganligi aniqlangani keltiriladi. Aybdorlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Biroq buning natijasida ko‘rilgan chora haqida ma’lumot yo‘q.

2019 yil 14 may. Samarqandda bir qiz katta tezlikdagi attraksiondan otilib ketgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Bunga xavfsizlikni ta’minlovchi belbog‘ yechilib ketgani sabab bo‘lgan. Katta tezlikda beton yuzaga urilgan va boshidan jarohat olgan. Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida qizning qo‘li singan. Hodisaga oid boshqa tafsilotlar ma’lum emas.

2018 yil 31 may. Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahridagi “Yoshlar” istirohat bog‘idagi attraksionda bolalar poyezdi bosib o‘tib ketgan to‘rt yashar qizaloq nobud bo‘lgandi. Voqea guvohiga ko‘ra, attraksion egalarining oddiy texnika xavfsizligiga rioya qilmagani bu falokatga sabab bo‘lgan.

2017 yil 16 sentabr. Navoiy shahrining Alisher Navoiy istirohat bog‘idagi attraksionlardan birining yelim o‘rindig‘i sinishi va xavfsizlik kamarining uzilib ketishi oqibatida 25 yashar yigit yuqori balandlikdan tushib ketadi. U qulayotgan paytda attraksion ichidagi unutib qoldirilgan temir narvonga kelib uriladi va og‘ir jarohat oladi. Garchi tirik qolgan bo‘lsa-da, yigitning salomatligiga tiklab bo‘lmas zarar yetgani aytilgan.

“Aksariyat fojialar sababi – o‘zboshimchalik!

Jizzaxda sodir bo‘lgan fojiadan so‘ng shu paytgacha attraksionlardagi xavfsizlik ustidan davlat nazorati o‘rnatilmagani ma’lum bo‘lgandi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov O‘zbekistondagi attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilganini aytgan.

“Attraksionlarning texnik holati har mavsum boshida, ya’ni yilda bir marta dinamik va statik sinovdan o‘tkaziladi. 100 nafardan iborat 16ta ishchi guruh tomonidan respublika bo‘yicha attraksionlardagi vaziyat o‘rganilgandi. Aytish mumkinki, respublikadagi birorta istirohat bog‘i haqida ijobiy xulosa berib bo‘lmaydi. Attraksionlarning yarmidan ko‘pi sobiq ittifoq davrida o‘rnatilgan va muddatini o‘tab bo‘lgan”, degan G‘ulomov OAV vakillari bilan uchrashuvda.

2019–2021 yillar mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq 7 baxtsiz hodisa ro‘y berdi, shundan 3tasi o‘lim bilan yakunlangan. Sanoat xavfsizlik qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev hokimliklar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi nosoz attraksionlarni foydalanishdan chiqarish borasidagi murojaatlarni e’tiborsiz qoldirayotganini ta’kidlaydi.

Respublikada mavjud 1879 ta har xil attraksionlarning 450 ga yaqini istirohat bog‘lari tasarrufida bo‘lsa, qolganlari xususiy tadbirkorlarga tegishli bo‘lib shartnoma asosida foydalaniladi. 2022 yilda madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan 574 ta attraksion texnik nosoz deb topilgan, ularning faoliyati cheklanib, ishlatmaslik choralari ko‘rilgan.

Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining istirohat bog‘larini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Abdufotih Rashidovning ma’lumot berishicha, O‘zbekistondagi mavjud istirohat bog‘lari 143 ta bo‘lib, bu bog‘larda 1845 ta attraksion bor.

“Toshkent shahri eng namunali hudud bo‘lsa-da, shahardagi mavjud 17 ta istirohat bog‘idan 11 tasining faoliyatiga ruxsat berilgan. Qolgan bog‘larda joylashgan attraksionlarning kamchiliklari bo‘lgani sabab ularning faoliyat yuritishiga ruxsat berilmagan. Ammo hududlardagi bog‘larda joylashgan attraksionlarni nazoratdan o‘tkazish masalasi juda og‘ir”, — deydi Abdufotih Rashidov.

Mas’ullarning aytishicha, tadbirkorlar ularning manfaati shaxsan davlat rahbari tomonidan himoya qilinayotganidan kelib chiqib, attraksionlarida kamchilik bo‘lsa-da, o‘zboshimchalik bilan ularni ishlatib, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda.

“Biz tadbirkor ishlatayotgan attraksionning nosoz ekanini aytsak-da, xulosa bersak-da, buni taqiqlab qo‘yishga vakolatimiz yo‘q. Xususan Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi nosoz attraksionlar ham faoliyat yuritishi uchun xavfli deb topilgan. Biroq tadbirkorlar o‘zboshimchalik qilib, tartibga bo‘ysunmagan. Oqibatda ko‘ngilsiz voqealar ro‘y berdi”, — deydi Abdufotih Rashidov.

Ma’lum qilinishicha, 2019-2021 yillar mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq 7ta baxtsiz hodisa yuz bergan. Ushbu baxtsiz hodisalar uch nafar insonning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan.

Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining ayni paytda Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlarida vakillari bo‘lmagani sababli ushbu viloyatlardagi mavjud attraksionlar nazorati ham ochiqligicha qolmoqda.

Jamshid Niyozov, Kun.uz

Mavzuga oid