O‘zbekiston | 20:31 / 20.04.2023
14189
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ramazon hayiti arafasida 541 nafar mahkumni afv etdi

Afv etilgan shaxslarning 374 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan, jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 541 nafar shaxs afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 374 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 110 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 18 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 39 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 36 nafarini chet el fuqarolari, 136 nafarini ayol, 75 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.

«Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi», deyiladi farmon sharhida.

Mavzuga oid