Jahon | 19:58 / 22.04.2023
15637
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va Rossiya diplomatlarni o‘zaro chiqarib yubormoqda

Ikki davlat o‘rtasida diplomatik «mojaro» avj olmoqda.

Foto: Valery Sharifulin/TASS/dpa/picture alliance

20 nafardan ortiq nemis diplomati Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Bu haqda Rossiya TIV matbuot kotibi Mariya Zaxarova xabar berdi. Oldinroq Germaniya ham shuncha rossiyalik diplomatni Berlindan chiqarib yuborilishini e’lon qilgan edi.

Avvalroq, Germaniyaning Focus nashri siyosiy, iqtisodiy, harbiy va ilmiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda gumon qilinayotgan 30 dan ortiq rossiyalik diplomatni qo‘poruvchilik va dezinformatsion operatsiyalar uchun mamlakatdan chiqarib yuborilishi haqida yozgan edi. Germaniya xavfsizlik idoralari hozir mamlakatda 160 ga yaqin rossiyalik razvedka xodimi bor, deb hisoblamoqda. Bu Sovuq urush davridagidan ko‘proq.

Rossiyalik diplomatlar josuslikda gumon qilinib, 2022 yil boshidan beri Germaniyadan chiqarib yuborilyapti. Shu yil yanvar oyida ham rossiyalik diplomat josuslikda gumon qilib, persona non grata deb e’lon qilindi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Avstriya, Germaniya, Bolgariya, Shvetsiya, Daniya, Latviya, Litva, Estoniya, Slovakiya, Sloveniya, Xorvatiya va Lyuksemburg rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishni e’lon qildi. Shuningdek, Rossiyaning turli missiyalarda ishlovchi 480 nafar fuqarosi «persona non grata» deb e’lon qilindi.

Mart oyida Niderlandiya rossiyalik 17 nafar diplomatni chiqarib yubordi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Vopke Xukstra «Rossiyaning Niderlandiyadagi vakolatxonalariga diplomatik niqob ostida tayinlangan razvedka xodimlarini» chiqarib yuborayotgani haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid