Jahon | 20:01 / 24.04.2023
29118
15 daqiqa o‘qiladi

Tayvan yetakchisi AQShga borishiga Pekin harbiy mashg‘ulotlar bilan javob qaytardi. Yangi urush yaqinmi?

Foto: Chris McGrath / Getty Images

Jahon ommaviy axborot vositalari Tayvan bo‘g‘ozida yaqin orada urush boshlanishi mumkinligini yana muhokama qilmoqda. Tayvan yetakchisi Say Yingvenning AQShda «texnik to‘xtash» bilan amalga oshirilgan Markaziy Amerika mamlakatlariga sayohatiga Xitoy armiyasi Tayvan oroli atrofida keng ko‘lamli harbiy o‘quv-mashqlari o‘tkazish bilan javob berdi. Xitoy 2022 yilda AQSh Kongressi Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Nensi Pelosining Taypeyga tashrifiga ham xuddi shu tarzda munosabat bildirgandi. Jahondagi yana bir qarama-qarshilik ham keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkinmi va Tayvan xavfsizligi masalasi nega butun dunyo uchun muhim? Meduza shu savollarga javob izladi.

O‘zi nima bo‘ldi?

2023 yil aprel oyi boshida Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari uch kunlik «Birlashgan o‘tkir qilich» harbiy o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Xitoy armiyasi mashg‘ulotlari desant tashlash, dengiz va quruqlikda otish amaliyoti, shuningdek, Tayvanning shimoliy, sharqiy va janubiy hududlaridagi suvlarda jangovar navbatchilik qilish rejalarini o‘z ichiga olgan.

Mashg‘ulot doirasida Xitoy Xalq ozodlik armiyasining Harbiy-havo kuchlariga tegishli 71 ta qiruvchi va bombardimonchi samolyot Xitoy va Tayvan o‘rtasidagi norasmiy chegara o‘tuvchi Tayvan bo‘g‘ozining o‘rta chizig‘ini kesib o‘tdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, 2022 yil 26 dekabrida ham Tayvan havo mudofaasi ishlovchi zonaga xuddi shuncha miqdordagi Xitoy harbiy samolyotlari kirgandi.

Xitoy harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu manyovrlar Pekinning Tayvan mustaqilligi amalga oshishiga yo‘l qo‘ymaslik niyatidan dalolat beradi. Xitoy mashg‘ulotlari boshlanishiga Tayvan ma’muriyati rahbari Say Yingvenning Kaliforniyada AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti bilan uchrashishi sabab bo‘ldi. Hozirgacha Tayvanning hech bir rahbari AQSh parlament palatasi rahbari bilan Amerika yerlarida muzokara o‘tkazmagandi.

Tayvan yetakchisi nega AQShga bordi?

Makkarti va Say Yingven o‘rtasidagi uchrashuv Tayvan rahbarining rasmiy safar dasturida bo‘lmagan. 29 mart kuni Tayvan rahbari orolning Markaziy Amerikadagi diplomatik ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlarga o‘z turnesini boshladi. «Umumiy farovonlik uchun demokratik hamkorlik» shiori ostidagi ushbu sayohat Gvatemala va Belizga davlat tashriflarini amalga oshirishni ko‘zda tutgandi. Bundan tashqari, o‘n kunlik safarning besh kuni AQShdagi «tranzit to‘xtash joylari» — Nyu-York va Los-Anjyelesda o‘tkazildi. Say Yingven Taypeydan ketgunga qadar Tayvan Tashqi ishlar vazirligi mamlakat yetakchisi AQSh rasmiylari bilan uchrashishi mumkinligini ma’lum qilmagan.

Agar Gvatemala va Belizga tashriflar oddiy formatda o‘tgan bo‘lsa, safarning AQShdagi qismi Taypey uchun tashqi siyosatdagi yutuq bo‘ldi. Makkarti va boshqa rasmiylar bilan olib borilgan muzokaralar Tayvan G‘arb bilan ittifoqchilik yo‘lidan og‘ishmayotganini ko‘rsatdi. Kaliforniyada uchrashgan Makkarti va Say orolga qurol yetkazib berish masalasini muhokama etdi va «demokratiyani himoya qilishda birdamlik» e’lon qildi.

Pekinning javobi — bu Xitoyning urushdan oldingi oxirgi ogohlantirishimi?

Aprel oyida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar o‘tgan yilgi bilan solishtirilganda dunyo va hatto orol hamjamiyatiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi.

2022 yilning 2 avgustida AQSh Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Nensi Pelosi bo‘lgan samolyot Taypeyga qo‘ngandi. Bu 1997 yildan beri bunday darajadagi rasmiy shaxsning Tayvanga birinchi tashrifi edi. Pelosi Say Yingven bilan ham uchrashdi. O‘shanda spiker Pekinning provokatsiyaga qattiq javob berish haqidagi ogohlantirishlariga qaramay Tayvanga kelgandi. Pekinning reaksiyasi o‘zini uzoq kuttirmagandi — 4-7 avgust kunlari Xitoy Xalq ozodlik armiyasi Tayvanni o‘rab olish mashqlarini o‘tkazdi. Rasmiy Taypey bu manyovrlarni orolni blokada qilishga urinish deb atadi.

O‘shandayoq mashg‘ulotlar yangi norma sifatida ko‘rila boshlandi. Xitoy harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘ozda patrullik qilish endilikda muntazam amaliyotga aylangan. Ammo Pekinning bu manyovrlari keng ko‘lamli operatsiyaga aylanadimi degan savol ochiqligicha qolmoqda. Avgustdagi keskinlashuvdan keyin Pekin Tayvanga tajovuzkor hujumlar qilmadi.

Xitoy harbiy qo‘rqitishdan tashqari, boshqa cheklovchi vositalarni ham qo‘llamoqda: masalan, Tayvanga qum eksporti va undan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirishni taqiqlash, shuningdek, Tayvanning taniqli amaldorlariga qarshi sanksiyalar kiritish kabi.

Umuman olganda, ko‘lami jihatidan o‘tgan yilgi bilan solishtirilsa, hozirgi mashg‘ulotlar Taypey va Pekin o‘rtasidagi shundoq ham murakkab munosabatlar yanada yomonlashganini ko‘rsatmaydi.

Tayvan Xitoy bilan muloqot o‘rnatishga urinmayaptimi?

Bunday urinishlar amalga oshirilmoqda. Orolning Say Yingvendan oldingi yetakchisi bo‘lgan Ma Yingju ko‘ngilli sifatida Pekin va Taypey o‘rtasidagi keskinlikni yumshatishga harakat qildi. U 2023 yil mart oyi oxirida Xitoyning materik qismiga tashrif buyurdi. Muxolifatdagi Gomindan partiyasi sobiq yetakchisining Nankin, Uhan, Chongsin va Xitoyning boshqa shaharlariga qilgan safari tarixga kirdi: Ma Yingju 1949 yildan beri bo‘g‘ozning qarama-qarshi qirg‘og‘iga tashrif buyurgan Tayvanning birinchi sobiq rahbari bo‘ldi.

Ma Yingjuning maqsadlaridan biri Sinmin xotira kuni (4 aprel) arafasida ajdodlari qabrini ziyorat qilish edi. Umuman olganda, bu tashrif Pekin bilan muloqot o‘rnatish imkoniyati sifatida ko‘rildi. Tayvan sobiq yetakchisi Xitoyning materik qismi va Tayvan yagona davlat — Xitoy Respublikasining bir qismi ekanini ta’kidladi. Garchi Ma Yingju o‘z safari davomida Xitoyning yuqori martabali amaldorlari bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, u Say Yingvendan farqli o‘laroq, o‘zining murosakor pozitsiyada ekanini hammaga bildirish uchun ommaviy tadbirlardan foydalandi. Yingjuning nutqida asosiy e’tibor ikki qirg‘oqning tinch-totuv yashashiga qaratilib, birlashish masalasi chetlab o‘tildi.

Shu bilan birga, Ma Yingjuning so‘zlari ham orolda, ham Xitoyda jamoatchilik noroziligini uyg‘otdi. Xitoy tomoni «birlashmaslik va mustaqillik e’lon qilmaslik» pozitsiyasi ilgari surilgani sababli Maning nutqlarida separatizm alomatlarini ko‘rdi. Taypeyda esa uning «Yagona Xitoy» tamoyilini tilga olishi milliy manfaatlarga xiyonat sifatida baholandi.

Say Yingvenning AQShga safari tomonlar urushga tayyorlanayotganini anglatadimi?

Yo‘q, jangovar ritorikaga qaramay, Pekin, Taypey va Vashington voqealarning bunday ssenariyda rivojlanishini xohlashi dargumon. Xitoy hukumati isyonkor orol bilan tinch yo‘l orqali birlashish siyosatiga sodiqligini bir necha bor e’lon qilgan. Ushbu siyosat Tayvan bilan madaniy almashinuv va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishni nazarda tutadi, bu orolga «Bir davlat, ikki tizim» konsepsiyasining afzalliklarini namoyish etadi.

Tayvan uchun keng avtonomiyani saqlab qolishni nazarda tutuvchi hongkongcha birlashish modelini amalga oshirish Si Jinping va Xitoy partiyasi rahbarlari nazarida muqobili yo‘q reja. Agar orol AQSh ko‘magida o‘z mustaqilligini e’lon qilishga urinsa, Pekinda kuch ishlatish ssenariysi oxirgi chora sifatida ko‘rib chiqiladi.

AQSh rahbariyati Tayvan masalasida uzoq yillardan beri «strategik noaniqlik» siyosatiga amal qilib keladi. Oq uy orol mustaqilligini tan olmaydi, biroq Xitoy rasmiylarini Tayvan bo‘g‘ozidagi status-kvoni kuch bilan o‘zgartirmaslikka chaqiradi. Garchi bu Pekinning g‘azabiga sabab bo‘lsa-da, AQSh hozirgi holatni saqlab qolish uchun Tayvanga mudofaa qobiliyatini oshirishga yordam beryapti. Shuningdek, AQSh ma’muriyati agar orol hujumga uchrasa, Tayvanga qo‘shin yuborishga va’da bermoqda.

Tayvan uchun status-kvoning saqlanib qolishi — siyosatchilar va jamiyat tomonidan eng ko‘p ma’qullanadigan kelajak ssenariysidir. Orol yetakchisi Say Yingven Tayvanni amalda suveren davlat deb ataydi va hozirgi modelni saqlab qolishni orolliklar manfaatlariga eng mos keladigan tamoyil deb biladi. Uning fikrini hukmron Demokratik taraqqiyot partiyasidagi hamkasblari ham ma’qullaydi. Bu partiya kelajakdagi mustaqillik tarafdori, ular Pekin bilan tinch-totuv yashash orqali Tayvan mustaqilligini himoya qilishni maqsad qilgan. Asosiy muxolif kuch — Gomindan partiyasi esa Xitoy va AQSh o‘rtasidagi muvozanatni saqlashni yoqlaydi.

Umuman olganda, orolning kelajagi haqidagi noaniq pozitsiya mahalliy aholining kayfiyatini ham aks ettiradi. Mart oyida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, tayvanliklarning 88 foizidan ortig‘i mavjud tartibni saqlash tarafdori.

Demak Tayvandagilar urushni xohlamaydimi?

Ha, Tayvan rahbarlarining xorijiy safarlari va Tayvan bo‘g‘ozida Xitoy mashg‘ulotlari boshlanishidan ilgari ham qarama-qarshilikning oldini olish borasida muzokaralar boshlangandi. Keskinlik sharoitida Tayvanning qaysi tomonga qo‘shilishi hal qiluvchi savol bo‘lib qolmoqda — AQSh yoki Xitoy. Va bu yerda orolliklarning pozitsiyasi ikkitaraflama.

2022 yil 21 sentabr kuni o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma shuni ko‘rsatdiki, tayvanliklarning deyarli 77 foizi Pekin bilan normal muloqotni tiklash tarafdori. Shu bilan birga, amaldagi hukumatning Vashington bilan yaqinlashishga yo‘naltirilgan siyosatini orol aholisining 60 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatlaydi.

So‘nggi ikki yildan beri Tayvan G‘arb ommaviy axborot vositalarida ko‘pincha «Yer sayyorasidagi eng xavfli joy» deb ta’riflanadi. Tayvanliklarning o‘zlari esa Nensi Pelosining 2022 yildagi tashrifi paytida ham vahimaga berilmagan va hozir ham xotirjam.

Biroq, mahalliy aholida xavotirli kayfiyat umuman yo‘q deb aytish qiyin. 19 mart kuni to‘rt nafar tayvanlik professorlar guruhi Taypeyda «Tayvanning urushga qarshi bayonoti bo‘yicha ishchi guruhi» tashkil etilganini e’lon qildi. Guruh orol ma’muriyati va dunyo oldiga to‘rtta talabni ilgari surdi, jumladan, Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini boshlash, AQSh militarizmiga qarshi chiqish, Taypeyning ijtimoiy xarajatlarini oshirish va orol mustaqilligini saqlab qolgan holda Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mojaroning oldini olish. Olimlarning tinchliksevar takliflari marginal bo‘lib chiqdi — ular Xitoyga moyilligi va asossiz hukmlari uchun qoralandi.

Qanday omil urushning boshlanishiga yoki aksincha, keskinlikni yo‘qolishiga olib kelishi mumkin?

Yaqin kelajakda Tayvan muammosining rivojlanishiga uchta asosiy omil ta’sir qiladi.

Birinchisi, 2024 yil 13 yanvarda bo‘lib o‘tadigan orol ma’muriyati yetakchiligi uchun saylov natijalari. Agar saylovda, kelajakda orol mustaqilligiga erishishni maqsad qilgan hukmron Demokratik taraqqiyot partiyasi (DTP) nomzodi g‘alaba qozonsa, Pekin nihoyat tinch yo‘l bilan birlashish ssenariysiga ishonchini yo‘qotishi mumkin. Hozirda muxolifatda bo‘lgan Gomindan partiyasining g‘alabasi esa status-kvoni saqlab qolish uchun cheklangan muzokaralar boshlash imkoniyatini beradi.

Say Yingvenning AQShga tashrifi va Ma Yingjuning Xitoy bo‘ylab safari saylovoldi tartibiga noaniqlik keltirdi: ular o‘zlarining asosiy elektoratini safarbar qildi, ammo ikkilanayotgan saylovchilarni shubha ostiga qo‘ydi. Hozircha prognozlar shuni ko‘rsatadiki, Gomindandan kuchli, yagona nomzod bo‘lmasa, saylov poygasi g‘olibi DTP vakili, amaldagi vitse-prezident Lay Sinde bo‘ladi.

Ikkinchi asosiy omil — AQSh-Xitoy munosabatlarining dinamikasi. Texnologik va iqtisodiy sohalarda qarama-qarshilik kuchayib borayotgan bir paytda, shusiz ham murakkab bo‘lgan siyosiy munosabatlar ham yomonlashmoqda. Tayvanga qurol yetkazib berish, amerikalik amaldorlarning oroldagi hamkasblari bilan uchrashuvlari va boshqa ittifoqchilik harakatlari Pekin tomonidan tez-tez g‘azab bilan qabul qilinadi. Pekin va Vashingtonning yangi o‘yin qoidalarini ishlab chiqishga tayyorligi yoki tayyor emasligi bo‘g‘ozdagi vaziyatni barqarorlashtirishi yoki aksincha, yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Ko‘p narsa Xitoy ichidagi vaziyatga ham bog‘liq bo‘ladi. Bugungi kunda Xitoy Xalq ozodlik armiyasi hamon bo‘g‘oz bilan ajralgan Tayvanni egallash bo‘yicha operatsiyani amalga oshirish uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas. Biroq, Pekindagi hokimiyatning Tayvan ustidan nazoratni qo‘lga kiritish istagi vaqt o‘tishi bilan yo‘qolmaydi. Shaxsan Si Jinping uchun orol ustidan suverenitetga ega bo‘lish uning hukmronligini abadiylashtirishi mumkin bo‘lgan hodisalardan biridir. Tayvandagi keskinlik Xitoyning amaldagi rahbariga ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashgan va boshqa beqarorlik holatlarida kerak bo‘lib qolishi mumkin.

Biroq, yaqin bir necha yil ichida Tayvan uchun urush bo‘lishini kutish noto‘g‘ri. 2025 yoki 2027 yillarda yuz berishi aytilayotgan harbiy keskinlik haqidagi bashoratlarga qaramay, Pekin, Taypey va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi konfiguratsiyasi o‘zgarishsiz qoladi. Ushbu konfiguratsiyada Pekin rasmiylari orol va uning ittifoqchilariga bosim o‘tkazishda davom etadi, XXR harbiy-sanoat kompleksi yutuqlarini faolroq namoyish qiladi va ularni 10-15 yil ichida foydalanishga tayyorlaydi.

Mavzuga oid