Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Reuters: Toyota Xitoydagi biznes strategiyasini o‘zgartiradi
Yapon avtomobilsozlik kompaniyasi oxirgi yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jumladan, BYDʼga berib qo‘ygan bozordagi ulushini qaytarib olmoqchi.
Dunyodagi eng yirik avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Toyota Motor Xitoy bozoridagi strategiyasini o‘zgartirmoqda. Reutersʼning yozishicha, yapon kompaniyasi 2023 yilga borib Xitoyda 3 million donagacha avtomobil ishlab chiqaradi.
Manbalarga ko‘ra, agar yiliga 3 million donagacha avtomobil ishlab chiqarish rejasi tasdiqlansa, o‘sish hajmi 63 foizni tashkil etadi. 2022 yilda Toyota Motor Xitoyda 1,84 millionta, 2023 yilda esa 1,75 millionta avtomobil ishlab chiqargan. Yaponiya kompaniyasi ayrim yetkazib beruvchilarni ishlab chiqarishni oshirish rejasidan xabardor qilgan.
Bundan tashqari, kompaniya Xitoyda faoliyat yurituvchi menejerlarining mas’uliyatini kengaytirmoqchi — ular mahalliy bozorni yaxshiroq tushunadi, iste’molchilar nimani xohlashini biladi.
Reutersʼning qayd etishicha, gap Toyota Motor XXRdagi strategiyasini sezilarli darajada o‘zgartirishi va yapon kompaniyasi oxirgi yillarda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, jumladan, BYDʼga berib qo‘ygan bozordagi ulushini qaytarib olmoqchiligi haqida ketmoqda. Toyota strategiyasi Xitoyda faoliyat yuritadigan dunyodagi boshqa ishlab chiqaruvchilarnikidan farq qiladi. Ular ushbu mamlakatda ishlab chiqarish hajmini qisqartirmoqda yoki biznesini umuman olib chiqib ketyapti.
O‘tgan hafta Toyota Motor joriy moliyaviy yilning uchinchi chorak bo‘yicha natijalarini e’lon qilgandi, unga ko‘ra, sof daromad 55 foizga kamayib ketgan. Daromadning kamayishiga asosiy sabab — Osiyoda, ayniqsa, Xitoyda savdolar tushib ketgani.