07:45 / 25.04.2023
117880

O‘zbekistonda keyingi uzoq dam olish kunlari qachon kuzatilishi ma’lum bo‘ldi

Bu yil Ramazon hayitida o‘zbekistonliklar ketma-ket to‘rt kun dam oldi.

Foto: Getty Images

O‘tgan yilning dekabr oyida prezident rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va 2023 yilda dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Davlat rahbari joriy yilning 20 aprel kuni yangi farmoni bilan yuqoridagi hujjatga o‘zgartirishlar kiritdi.

Yangi farmonga ko‘ra, ish haftasi turidan qat’i nazar, 30 iyun (juma) barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni deb e’lon qilindi.

Bundan tashqari, 6 kunlik ish haftasiga ega bo‘lgan ishchilar uchun 1 iyul (shanba) qo‘shimcha dam olish kuni bo‘ladi.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu yil Ramazon hayiti 21 aprel, juma kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Qurbon hayitining aniq sanasi yo‘q, u Ramazon hayitidan 70 kun o‘tgach nishonlanadi.

2023 yilda Qurbon hayiti 29 iyun (payshanba) kuni nishonlanishi mumkin. Biroq, hozir turli manbalarda sanalar har xil - 28 iyundan 30 iyungacha. Xususan, Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi Qurbon hayiti 28 iyun kuni nishonlanadi, deb hisoblayapti.

O‘zbekistonda aniq sana bayramga yaqinroq belgilanadi. Qonunchilikka ko‘ra, bayram kuni bir kunga kechiktirilishi mumkin.

Shunday qilib, Qurbon hayitda O‘zbekiston aholisi kamida uch kun ketma-ket dam oladi:

- 2023 yil 30 iyun (juma) - ish haftasi turidan qat’i nazar, barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

- 2023 yil 1 iyul (shanba) - 6 kunlik ish haftasi bo‘lgan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

- 2023 yil 2 iyul (yakshanba) taqvim bo‘yicha dam olish kuni hisoblanadi.

Qurbon hayiti 29 iyun (payshanba) kuni nishonlansa, o‘zbekistonliklar qatorasiga to‘rt kun dam oladi.

Mavzuga oid
Top