Jahon | 20:49 / 27.04.2023
13874
3 daqiqa o‘qiladi

Putin va Erdo‘g‘an «Oqquyu» AES yoqilg‘isini yetkazish marosimida ishtirok etdi 

Har ikkala davlat rahbari videoaloqa orqali tadbirda qatnashdi. 

Foto: Anadolu Agency

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiyaning «Oqquyu» atom elektr stansiyasi 1-sonli energiya blokiga Rossiyada ishlab chiqarilgan yadro yoqilg‘isini yetkazish marosimida ishtirok etdi. Translatsiya Turkiyaning TRT telekanali va Kremlning Telegram kanali orqali namoyish etildi. Har ikki yetakchi videoaloqa orqali ishtirok etdi. 

Putin Turkiyada iqtisodiyotning yangi yuqori texnologiyali yadro sektori yaratilayotganini qayd etdi. Unga ko‘ra, AES qurilishida 20 mingdan ortiq ishchi ishtirok etmoqda. Stansiya to‘liq loyihaviy quvvatga erishgandan so‘ng Turkiya energiya iste’molining 10 foizini ta’minlay oladi. 

Marosim oldidan Putin va Erdo‘g‘an o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar va mintaqaviy masalalar, Rossiyaning Ukrainadagi urushi va g‘alla shartnomasi ham muhokama qilindi. Ikki davlat rahbarlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va biznes sheriklikni chuqurlashtirishga kelishib oldilar. 

25 aprel kuni kechqurun Turkiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik sayloviga bag‘ishlangan jonli teleko‘rsatuvda Erdo‘g‘anning mazasi qochib qolgan edi. Shundan so‘ng ko‘rsatuv 20 daqiqaga to‘xtatildi. Erdo‘g‘an efirga qaytdi va «oshqozon grippi» bilan xastalanganini aytib, uzr so‘radi. 

Erdo‘g‘an sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammo tufayli Turkiyaning bir qancha shaharlariga safarini bekor qildi. Norasmiy manbalardan uning yurak xurujiga uchragani haqida xabarlar tarqaldi. Ammo Turkiya prezidenti ma’muriyati qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi buni rad qildi. 

Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtoy davlat rahbari «yengil shamollaganini» aytdi. Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Fahriddin Qo‘ja 27 aprel kuni Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i joyida va u tez orada o‘z vazifasiga qaytishini ma’lum qildi. 

Oqquyu - Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasi. Bu Rossiya bilan qo‘shma loyiha bo‘lib, 2018 yildan beri amalga oshirilmoqda. Stansiyaning barcha agregatlarini 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid