Sport | 23:07 / 29.04.2023
22036
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Usmonovning matbuot xizmati «Bavariya»da o‘tkazilgan tintuvlarni asossiz deb atadi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni «Bavariya» klubi bilan faqat futbolga bo‘lgan muhabbat va hurmat bog‘lab turadi. Rossiyalik tadbirkorning matbuot xizmati unga nisbatan qo‘zg‘atilgan ish doirasida Myunxenning «Bavariya» klubi qarorgohida tintuv o‘tkazilishiga shunday izoh berdi. 

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg via Getty Images

Germaniya chempionligi uchun o‘yindan oldin olib borilgan tintuv prokurorlarning «Bavariya»ni emas, balki «Borussiya» muxlisi ekanini anglatadi, deyiladi matbuot xizmat xabarida. Uning bayonotini Forbes keltirdi. 

Shu bilan birga, matbuot xizmati Myunxendagi «Alyans Arena» stadioni va «Bavariya» futbol klubi qarorgohida o‘tkazilgan tintuvlarni «Germaniya prokuraturasining haddan tashqari munosabati» misoli deb atadi. 

28 aprel kuni Germaniyaning Bild nashri Federal jinoyat politsiyasi boshqarmasi tergovchilari va mahalliy politsiya xodimlari Usmonov ishi bo‘yicha Myunxenda tintuv o‘tkazganini yozgan edi. Milliarder Germaniyada soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va pul yuvishda gumon qilinmoqda. 

Tergovchilar pul yuvish ishi bo‘yicha dalil qidirgan, deb yozdi gazeta. Tintuvlar natijasida ular dalil topa oldimi yoki yo‘qmi, noma’lum. 

«Usmonov hech qachon Germaniya qonunlarini buzmagan, uning mablag‘larining kelib chiqishi mutlaqo shaffof, Germaniyada uning ta’qibi ochiq siyosiydir», deb ta’kidladi uning matbuot xizmati. 

Usmonovni «Bavariya» bilan faqat «futbolga bo‘lgan muhabbati va bu buyuk klubga bo‘lgan hurmati» bog‘lab turadi. Uning «Bavariya» o‘yinlarini tomosha qilish uchun borgani pul yuvishda ishtirok etganini isbotlaydi degan fikrlar kulgili», deb qo‘shimcha qildi matbuot xizmati. 

2022 yil kuzida nemis politsiyasi Usmonovning Germaniyadagi villasida reyd o‘tkazdi. Tintuv Tegernze ko‘li qirg‘og‘idagi Rottax-Egern kurort shaharchasida joylashgan villada bo‘lib o‘tgan. Usmonov 2022 yil 28 fevral kuni boshqa bir qancha rossiyalik milliarderlar qatorida Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan edi. 

Reuters agentligining xabar berishicha, sanksiyalarning chetlab o‘tilishi bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvdan qat’i nazar, nemis tergovchilari pul yuvish holatlarini ham tekshirmoqda. Ikkinchi tergovni Frankfurt prokuraturasi o‘tkazyapti. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik tadbirkorlardan biri (uning nomi keltirilmagan) 2017-2022 yillar oralig‘ida millionlab yevroga teng bo‘lgan bir qancha operatsiyalar orqali pul kelib chiqishini yashirish uchun «kompaniyalar va korporatsiyalarning keng va murakkab tarmog‘idan» foydalangan. 

O‘z navbatida, Germaniyaning Spiegel jurnali xabariga ko‘ra, Myunxen soliq idorasi Usmonovni soliq to‘lashdan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilmoqda. Uni nemis soliq to‘lovchisi deb hisoblayapti, chunki u 2014 yildan buyon asosan Tegernze ko‘lidagi villasida yoki Myunxenda istiqomat qilgan. Gap 555 million yevro miqdoridagi soliq haqida ketmoqda. 

Tegernze sohilidagi Rottax-Egern shaharchasida Usmonov bilan bog‘liq to‘rtta villa bor. May oyida Germaniya Yashillar partiyasi vakillari ularni musodara qilishga chaqirgan edi. Shundan so‘ng Usmonovning matbuot xizmati Rottax-Egerndagi mulk «to‘liq shaffof va qonuniy» tarzda oilaviy trastga o‘tkazilganini, tadbirkorning o‘zi esa Ukrainadagi inqirozga hech qanday aloqasi yo‘qligini va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lmaganini ta’kidladi.  

Usmonovning o‘zi Germaniyaning TZ nashriga «hech qachon oligarx bo‘lmaganini» va «halol pulga» villalar sotib olganini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid