O‘zbekiston | 20:01 / 03.05.2023
50894
11 daqiqa o‘qiladi

“Harvardga kirish niyatim ham yo‘q edi” – dunyoning top universitetiga to‘liq grant yutgan qiz

“Chet elda o‘qishimni qo‘llab-quvvatlagan insonlardan biri – dadam. Hech qachon menga yo‘q demaganlar. Tashqarida hamma meni maqtab, osmonga ko‘tarishsa, dadam bilan oyim meni “pastga tushirib” turishadi”.

Go‘zalxon Haydarova 2005 yilda Namangan viloyati Chortoq tumanida tavallud topgan. Dastlab Toshkentda, keyin esa viloyatdagi ixtisoslashgan maktab internati va prezident maktabida o‘qigan. U 2023 yilning avgustidan AQShning Harvard universiteti bakalavriat bosqichida muhandislik yo‘nalishida o‘qishini davom ettiradi. Go‘zalxon Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qiziqishlari, top universitetlarga qabul jarayonlari haqida gapirib berdi.

“Prezident bo‘laman”

Avvaliga Toshkentdagi 246-maktabda o‘qiganman, 6-sinfda Namanganga ko‘chganmiz. O‘sha yerda 5-DIMI (Davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati)da o‘qishni boshlaganman, 8-sinfda prezident maktabiga topshirib, shu maktabga qabul qilinganman. Prezident maktabiga kirishim hayotimda katta burilish bo‘lgan deb o‘ylayman, chunki muhit o‘zgacha edi. Maktabning akademik jihatdan qiyinligi o‘z ustimda ishlashimga majbur qilgan. Fanlarni ingliz tilida o‘tish – men uchun yangi dunyo edi. Ota-onamdan uzoqda bo‘lib, yangi sinfdoshlar bilan o‘qish ham juda qiyin bo‘lgan.

5-DIMIda matematikaga ixtisoslashtirilgan sinfda o‘qiganman. Shunda aniq fanlarga qiziqardim. Lekin qaysi sohadan borishimni bilmasdim, boshida prezident maktabida biologiya, kimyo, fizika, informatika fanini ham o‘qiganman. 10-sinfdan boshlab 2 ta fanni tanlash imkoni berilgan, O‘shanda men fizika va informatika fanlarini tanlagandim. Shu paytda aerokosmik muhandislik sohasida o‘qishim kerakligini ich-ichimdan his qilganman. Sohalarda juda ham ko‘p “sakraganman”. Birinchi sinfda “prezident bo‘laman”, derdim, undan keyin shifokor ham bo‘lmoqchi bo‘lganman. Prezident maktabiga kirganimdan so‘ng ancha vaqtgacha kim bo‘lishimni bilmay yurdim. 9-10-sinf paytlarimda aerokosmik muhandislik sohasini qat’iy tanladim.

Prezident maktabining ko‘p bitiruvchilari “El-yurt umidi” fondi orqali chet elga o‘qishga ketishgan. Birinchi navbatda, shularga havas qilganman. Lekin Prinston universitetiga topshirish fikri “TechGirls” xalqaro dasturida ishtirok etayotganimda kelgan. Mentorim qaysi sohaga o‘qishimni so‘ragan, men aerokosmik muhandislik sohasida o‘qishni xohlashimni aytganman. Shunda u menga Prinston universiteti yaxshi variant ekanini tavsiya qilgan.

“Xorijning yaxshi universitetlariga faqatgina SAT, IELTS bilan kirish qiyin”

Ko‘pchilik mendan IELTS, SAT haqida so‘rashadi. Lekin faqat IELTS va SAT bilan ish bitmaydi. Undan tashqari, qilinadigan ishlar ko‘p. O‘zim 10-sinfligimda IELTSʼdan 7,5 ball olganman, SAT ham topshirganman 2 marotaba. Lekin natijam qolganlar bilan solishtirganda o‘ta yaxshi bo‘lmagani uchun hujjatlarimni SAT’siz topshirganman. Ya’ni SAT’ga kuchli bog‘lanib qolmaslik kerak. To‘g‘ri, SAT bilan xorij universitetiga kirish ehtimoli ortadi, lekin bu butun hayotni bitta testga tayyorlanish uchun o‘tkazishga arzimaydi.

Xorijning yaxshi universitetlariga faqatgina SAT, IELTS bilan kirish juda qiyin. Aytaylik, nomzod IELTSʼdan 9 ball olgan, ingliz tilini zo‘r biladi. Lekin chet el universitetlarida hamma ingliz tilini yaxshi biladi, bunda ulardan kandidatning qaysidir fazilati ajralib turganini aniqlash kerak. Ingliz tilini IELTS topshirish uchun emas, o‘rganish uchun o‘qish kerak. Masalan, men ham boshida ingliz tilini faqat IELTS uchun o‘qiganman, lekin universitet uchun yoziladigan esseni ko‘rib, ingliz tilini bilmasligimni tushunib yetdim. IELTS bilan essening o‘rtasida juda katta farq borligini anglaganman va tilning o‘zini o‘rganish uchun o‘qiganman. Ya’ni faqat IELTS uchun o‘qilsa, u sertifikat olishga yaraydi, xolos. Hayotda esa foyda bermaydi.

Bizning maktablarda ingliz tilini fikrni ifoda qilish uchun o‘rgatishmaydi. Masalan, yozma yoki gapirish orqali fikrni ifodalab berish mumkin. Lekin bizda shu narsa rivojlanmagan.

Iqtisodiyot, humanitar fanlarni chet elda o‘qiyotgan talabalar bilan ko‘p gaplashganman. Ular haftasiga 400-500 betli falsafiy kitoblarni o‘qishadi. Ya’ni bu juda katta bosim degani. Endi O‘zbekistondan borgan talabaning u yerda qanday holatga tushishini tasavvur qilsangiz ham bo‘ladi. Xorijda bir haftada shuncha hajmdagi kitobni o‘qib, unga 10-15 betli taqriz yozib berishadi, kitobdagi fikrlarni qaysi sohada qo‘llash mumkinligi muhokama qilinadi. Bizda ham ingliz tili shu darajada o‘qitilishini xohlardim. Ingliz tilini boshqa fanlar bilan qo‘shib o‘qitish tizimini joriy qilsak, yaxshi bo‘lar edi.

Masalan, tarixni ingliz tilida o‘qitish juda ham yaxshi, menimcha. Chunki ko‘p tarixchilarning kitoblari ingliz tiliga tarjima qilingan. Bizdagi tarix fanining o‘qitilishi umuman yoqmaydi. Chet elda tarixni faktlarni yodlash uchun emas, undan xulosa chiqarish uchun o‘qitishadi. Tarix fikrlashni o‘stiradigan fan bo‘lishi lozim. Umuman, humanitar fanlarning hammasi fikrlashga, o‘ylashga majbur qiladigan fanlar hisoblanadi.

“Xorijga ketganga yarasha dunyo tan olgan universitetda o‘qish kerak”

O‘zbekistonda OAVda 50-100 talab universitetlarga topshirgan o‘quvchilar haqida o‘qib qolamiz. Men ularning songa emas, sifatga ishlashini xohlardim. Chunki shuncha xorij universitetlariga topshirilsa ham yakunda bittasida o‘qishadi. Harakatni ertaroq boshlab, o‘zini aynan bir sohaga yo‘naltirish kerak deb hisoblayman. Ko‘pchilik 11-sinfga kelib qayerga topshirishni o‘ylab qolishadi, ammo bu vaqtda juda ham kech bo‘ladi. 50taga topshirib, amallab ilinib qolish uchun emas, boshidan eng yaxshi 10tasiga hujjat topshirishni va qabul qilinishni o‘ylash kerak. Yoshlar shunchaki qaysidir universitetga kirib, Amerikaga ketib olishni maqsad qilgan. Men buni yoqlamayman. Xorijga ketganga yarasha dunyo tan olgan universitetda o‘qish va dunyo tan olgan bilimlarni olish kerak.

“Boshida Harvardda o‘qish niyatim yo‘q edi”

Prinstonga muddatidan oldin hujjat topshirdim, dekabr oyida natijalar chiqdi, universitetga qabul qilindim. Undan keyin Harvardga hujjat topshirdim. To‘g‘risi, Harvardda o‘qish niyatim ham yo‘q edi. Prinston injinering sohasidagi eng yaxshi 2 ta universitetdan (ikkinchisi MIT) biri sanaladi, shuning uchun baribir Prinstonda o‘qiyman derdim. Dadam Prinstonga kirgan bo‘lsam ham, boshqa universitetlarga ham topshirishimni ko‘p aytardilar. Lekin erinib boshqalariga topshirmagandim. Chunki Prinstonda o‘qishni juda istagandim.

Bu universitetga kirganimda ham juda xursand bo‘lganman. Lekin unda o‘qish uchun 100 foizlik grant ololmadim. Shundan so‘ng Harvardga e’tibor berishni boshladim, Prinstondan ko‘nglim soviganday bo‘ldi. Harvardning eng yoqqan tomoni – MIT bilan hamkorligi bo‘ldi. Ya’ni Harvard talabalari MIT (Massachusets texnologiyalar instituti)da kurslarda qatnashishi mumkin ekan. Bundan tashqari, Harvardda humanitar sohalarga ham e’tibor kuchli. Ham humanitar, ham texnik sohani birga o‘qisam, menga juda katta foyda bo‘ladi deb o‘yladim va Harvardni tanladim.

Mart oyida Harvard universiteti intervyuga chaqirdi. Suhbat zo‘r o‘tdi. Natijalar 30 mart kuni chiqdi va men qabul qilinganligimni bildim. Ma’lum xorij universitetiga hujjat topshirilgach, grant yutib olish uchun odatiy hujjatlardan tashqari, ota-onaning ish haqi, qanday moddiy imkoniyatga ega ekanligi, qancha mablag‘ orttira olishi kabi ma’lumotlarni ham berish kerak bo‘ladi. Men mana shu hujjatlarni bermagandim. Bu menga grant berilmaydi degani edi. Harvardga hujjat topshirgach, grant uchun ham hujjat topshiraman degan tugmasini bosib qo‘ygandim, lekin yuqorida aytganimdek, hujjatlarni topshirmagandim. Harvardga qabul qilinganimdan keyin universitet menga elektron pochtadan haliyam grant olish niyatida ekanim yoki yo‘qligini so‘rashdi. Men “ha” dedim. Keyin buning uchun hali imkoniyatim borligini, ular jo‘natgan alohida sayt orqali ham bu grantni olishim mumkinligini aytishdi. Ya’ni hamma muddatlar o‘tganiga qaramay, universitet grant olishimni istadi. Hujjat topshiradigan pulli platformaga bepul foydalanish uchun kod ham yuborishdi. Ikki kundan keyin 100 foizlik grant yutganim haqida xabar berishdi. Ya’ni Harvard o‘qish va yashash, transport xarajatlarining barchasini qoplab beradigan bo‘ldi.

Harvardga umumiy muhandislik va fizika yo‘nalishiga topshirganman. Bunda barcha muhandislik turlarining umumiy o‘rtaliq sohasi o‘rgatiladi, kvant fizikasidan tortib, atom energiyasigacha bo‘lgan darslar o‘rgatiladi. Birinchi 2 yil umumiy muhandislik sohasidagi bilimlar o‘zlashtiriladi, oxirgi 2 yilda ayni bir yo‘nalishga ixtisoslashish mumkin.

“Dadam bilan oyim oldinda erishishim kerak bo‘lgan maqsadlarim borligini eslatib turishadi”

Chet elda o‘qishimni qo‘llab-quvvatlagan insonlardan biri – dadam. Hech qachon menga yo‘q demaganlar. Masalan, hozir ketishimdan oldin: chet elda o‘qib turib, ishlama. Sen u yerga ishlagani emas, o‘qigani ketyapsan. Pulga qiziqma”, deb tayinlaydilar. Tashqarida hamma meni maqtab, osmonga ko‘tarishsa, dadam bilan oyim meni “pastga tushirib” turishadi. Ya’ni oldinda erishishim kerak bo‘lgan maqsadlarim borligini eslatib turishadi. Shu ishlar bilan chegaralanib qolmasligimni, xorijdan qaytib kelib o‘z vatanimga hissa qo‘shishim kerakligini, shundagina maqtovga sazovorligimni doimiy aytib turishadi. Qachonki o‘qib kelib, vatanim uchun foydam tegsagina, o‘shanda g‘ururlanishimga sabab topilsa kerak deb o‘ylayman men ham.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi,
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid