Jahon | 20:31 / 03.05.2023
50827
11 daqiqa o‘qiladi

Rossiya portlashlar ichida - temiryo‘llarda, neft bazalar va aerodromlarda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiyaning chegaradosh hududlarida bir necha kundan buyon portlashlar seriyasi kuzatilmoqda. Bryansk oblastida poyezdlar relslardan chiqib ketdi. Krasnodar o‘lkasida dronlar neft bazalariga hujum qildi.

Rossiyada infratuzilma obektlarida portlashlar sezilarli darajada ko‘paydi - so‘nggi besh kun ichida ikkita neft baza hujumga uchradi, Bryansk oblastida ikkita poyezd temiryo‘llardagi portlashlar tufayli izdan chiqib ketdi. Chorshanba kuniga kelib Kreml prezidentning Kremldagi qarorgohiga dronlar orqali hujum qilishga urinish bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiya hukumati bu holatlarning barchasini ukrainalik diversantlar harakati bilan bog‘lamoqda, Ukraina tomoni esa odatdagi kabi mas’uliyatni o‘zidan soqit qilmoqda. Bularning barchasi Ukrainaning kutilayotgan qarshi hujumi fonida sodir bo‘lmoqda. Bu voqealarni qanday izohlash mumkin?

Ikki neft baza, ikki yuk poyezdi, aerodrom, elektr uzatish liniyasi

Sevastopoldagi yong‘in, 2023 yil 29 aprel. Foto: Reuters / Scanpix / LETA

29 aprel

Anneksiya qilingan Qrimning Sevastopol shahridagi Kazachya buxtadagi neft bazada shanba kuniga o‘tar kechasi  portlash va uning ortidan yirik yong‘in yuzaga kelgandi. Mahalliy rasmiylarning ma’lumotiga ko‘ra, ikkita dron hujumi oqibatida yonilg‘i to‘ldirilgan to‘rtta sisterna yonib ketgan, alanga 2000 kv. metrdan ortiq maydonni qamrab olgan.

Ukraina razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, Sevastopoldagi portlash oqibatida 40 ming tonna neft mahsulotlari saqlangan 10 ta rezervuar yo‘q qilingan.

Ukraina armiyasi «Janub» operativ qo‘mondonligi matbuot kotibi Natalya Gumenyuk teleefir vaqtida Qrimdagi neft bazadagi yong‘in «barcha kutayotgan keng ko‘lamli hujumga tayyorgarlikning bir qismi» ekanini aytdi. Kiyev Sevastopoldagi neft bazaga qilingan hujum uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

1 may

Leningrad oblasti Gatchinskiy rayoni Susaninskiy posyolkasida elektr uzatish liniyasi portlatildi. Region rahbari Aleksandr Drozdenkoga ko‘ra, yana bir elektr uzatish liniyasida ham portlovchi qurilma topilgan va zararsizlantirilgan. 

Drozdenkoning so‘zlariga ko‘ra, «diversiya» va «portlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi» moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Gumonlanuvchilar qo‘lga olingani haqida ma’lumot berilmagan. Telegram-kanallarga ko‘ra, ular Moskvada yashiringan bo‘lishi mumkin.

Rosgvardiya Shimoliy-g‘arbiy okrugi matbuot xizmati

1 may kuni Bryansk oblasti «Unecha - Rassuxa» temiryo‘l liniyasining 136-kilometrida sodir etilgan portlash oqibatida belaruslarning neft mahsulotlari va yog‘och ortilgan poyezd vagonlari izdan chiqib, yonib ketdi.

Baza telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, portlovchi qurilma uchta joyga o‘rnatilgan bo‘lgan. Asosiy portlash kuchi 10 kilogramm trotil ekvivalentiga teng bo‘lgan, qolgan ikkitasi — taxminan 200 grammdan. Portlash ro‘y bergan joyda 2,5 metr chuqurlikdagi va 1,5 metr diametrga ega o‘ra hosil bo‘lgan. 

2 may

Belgorod oblastida Priles qishlog‘i hududida mudofaa istehkomlari qurilayotgan joyga dron orqali portlovchi qurilma tashlandi. Baza manbasiga ko‘ra, buning oqibatida 46 yoshli ishchi kontuziyaga uchragan. Hodisa haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. 

Nashrning yozishicha, yana bir uchuvchisiz uchar qurilma Rossiya-Ukraina chegarasiga bir kilometr masofadagi Ales qishlog‘iga hujum qilgan. Dron tashlagan o‘q-dori oqibatida bir ekskavator shikastlangan.

Shu kuni kechqurun Bryansk oblastida temiryo‘lda yana portlash sodir bo‘ldi. Region rahbari Aleksandr Bogomazga ko‘ra, Snejyetskaya stansiyasi hududida «noma’lum portlovchi qurilma ishga tushirilgan». Odamlar jabrlanmagani, lokomotiv va bir qancha vagonlar izdan chiqib ketgani aytilgan. Guvohlar bir necha portlash ovozlari eshitilgani haqida xabar berishgan. 

Rossiya tergov qo‘mitasi Bryansk oblastida temiryo‘ldagi portlash oqibatlari aks etgan videoni namoyish etgan.

«112» telegram-kanaliga ko‘ra, tarkibdagi 20 vagon relsdan chiqib ketgan. Mash manbasi yozishicha, vagonlarda propan va ohak bo‘lgan. Shuningdek, izdan chiqqan vagonlardan oltingugurt va selitra to‘kilgan.

Mash manbasi Bryansk oblastida 1 va 2 may kuni ro‘y bergan portlashlar turli «diversiya-razvedka guruhlari» tomonidan amalga oshirilgani haqida aytgan. Kanal ma’lumotiga ko‘ra, region hududida bunday guruhlar bir qancha— «hozirda ularning barchasini qidirishmoqda». 

Nashrning tasdiqlashicha, 1 may kungi portlash uch-besh kishidan iborat guruh tomonidan sodir etilgan. Bu guruh «Krasniy Rog — Pochep» yo‘nalishida rejalashtirilgan va oldi olingan hujumga ham aloqador bo‘lishi mumkin. 

3 may

Chorshanbaga o‘tar kechasi Rossiya hududidagi neft bazalarda besh kun ichida ikkinchi yong‘in ro‘y berdi. Krasnodar o‘lkasi Taman porti yaqinida neft bazada neft mahsulotlari saqlanuvchi rezervuarda yong‘in chiqdi. Yong‘in maydoni 1,2 ming kv. metrni tashkil etgan, alangani o‘chirish uchun beshta o‘t o‘chirish poyezdlari jalb etilgan.

Krasnodar o‘lkasi rahbari Veniamin Kondratev qurbonlar va jabrlanganlar yo‘qligini ma’lum qildi. Rasmiylar yong‘inga nima sabab bo‘lgani bo‘yicha xabar berishmadi, ammo yirik nashrlarning bu dronlar hujumi ortidan ro‘y berganini yozib chiqishdi. Ko‘p o‘tmay dronlar hujumi aks etgan video ham paydo bo‘ldi.

Aerodromga ham hujum bo‘lganmi?

Astra va Baza kanallari manba keltirmagan holda, 3 mayga o‘tar kechasi Ukraina QK dronlari Bryansk oblasti Dubrovskiy rayonidagi harbiy aerodromga hujum qilgani haqida yozishdi. Hujumda beshta dron ishtirok etgan: ulardan ikkitasi aerodrom hududiga bostirib kirgan, yana ikkitasi urib tushirilgan, beshinchisi topilmagan. Astra nashri aniqlik kiritishicha, 41495-harbiy qismning 566-alohida harbiy-transport aviatsiya polki hujumga uchragan. 

Hujum natijasida foydalanishda bo‘lmagan An-124 transport samolyoti shikastlangan. Astra manbasiga ko‘ra, dron samolyotning qanotiga kelib urilgan. 

Rasmiylar hodisa yuzasidan ma’lumot bermagan.

Leningrad oblastining Gostilitsi qishlog‘ida aerodromda yong‘in chiqqan. FVV xabar berishicha, yong‘in to‘g‘risidagi xabar ertalabki soat 7 da kelib tushgan, aerodrom hududida pokrishkalar yongan, yong‘in maydoni 15 kvadrat metrni tashkil etgan. Leningrad oblasti rasmiylari ikki vertolyot angardan evakuatsiya qilingani, texnikalarga shikast yetmagani haqida ma’lum qilgan. 

Gostilitsi aerodromi — Shimoliy-G‘arbiy federal okrugdagi eng yirik umumaviatsiya aerodromi hisoblanadi. Bu yerda 100 dan ortiq samolyot joylashtirilgan — ular ochiqlikda turadi.

Bu harbiy aerodromlarga ilk bor hujum qilinishi emas.

Saratov oblastida strategik aviatsiya samolyotlari joylashtirilgan Engels aerodromi o‘tgan yilning dekabrida kamida ikki bor dronlar hujumiga uchragan. Bu yerdagi Tu-95MS strategik bombardimonchilari Ukraina hududi bo‘ylab yoppasiga zarbalar berishda qo‘llanadi.

Bundan tashqari, dekabr oyida Ryazan oblastidagi Dyagilevo aerodromiga ham zarba berilgan, o‘shanda uch nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgandi.

BBC sharhlovchisi Pavel Aksenov:

Kremlga dronlar bilan zarba berishga urinilishi - so‘nggi kunlardagi hodisalar zanjirida eng jiddiy e’tiborga molik voqea bo‘ldi.

Bu hodisalar o‘z tabiatiga ko‘ra bir-biridan jiddiy farq qiladi, ular turli obektlarda - hokimiyat markazlarida, temiryo‘llarda, elektr uzatish liniyalarida, aerodromlarda, neft saqlanuvchi bazalarda ro‘y bergan. Qo‘llangan metodlar ham juda xilma-xil - dronlar orqali zarbalar, o‘t qo‘yish, portlovchi qurilmalarni o‘rnatish.

Ularni vaqt va joy birlashtiradi - Moskva markazidagi hodisa va Leningrad oblastidagi elektr uzatish liniyasidagi portlashdan tashqari barcha hodisalar yoki Ukrainaning Rossiya bilan chegaradosh oblastlarida, yoki anneksiya qilingan Qrim hududida sodir bo‘lgan. Va bu voqealar frontning ikki tomonidagilar ham Ukraina qurolli kuchlarining yurishi boshlanishini kutayotgan vaqtda ro‘y bermoqda.

Ukraina qurolli kuchlari «Janub» operativ qo‘mondonligi press-attashesi Nataliya Gumenyuk ochiqchasiga zarbalardan kamida bittasi - Sevastopoldagi neft bazaga qilingan hujum - yirik yurishga tayyorgarlikning elementi hisoblanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina QK  shu tariqa Rossiya armiyasi logistikasini izdan chiqarishga harakat qilmoqda va bu zarba rossiyaliklarni nisbatan xavfsizroq joy izlab tarqalishga majbur qilishga qaratilgan.

Bunday ochiq bayonotga qaramay, bu voqealar ortida aslida kim turganini aytish qiyin. Ilgari bu kabi hodisalar haqidagi xabarlarda Ukraina qurolli kuchlari tarkibiga kirmaydigan guruhlar tilga olinardi - masalan, Kiyevdagilar Belarusdagi Machulishchi aerodromida Rossiyaning radar samolyotiga hujum mahalliy partizanlar tomonidan sodir etilganini aytishgandi. Shunga qaramay, vaqt va joy birlashtiruvchi bu hodisalar umumiy rejaning bir qismi va Ukrainadagi urush hamda bo‘lajak qarshi hujum bilan bog‘liqligi haqidagi gaplarda jon bor.

Hozirgi holatda bunday diversiyalardan maqsad chindan ham logistika va ta’minotni izdan chiqarish bo‘lishi mumkin, ammo bu hujumlar Rossiya rasmiylari, jumladan maxsus xizmatlar va qurolli kuchlarni, ularning rahbariyati va shaxsiy tarkibni turli joylardagi turli tahdidlar bilan chalg‘itishga qaratilganini taxmin qilish ham mantiqqa to‘g‘ri keladi. Bunday turlicha zarbalar xavfsizlik tizimiga ortiqcha yuklama berishi va uning operativ faoliyatini imkon qadar qiyinlashtirishi mumkin. Va Kremlga tungi hujum ham shu mantiqqa to‘la mos keladi.

Mavzuga oid