20:35 / 05.05.2023
18319

Rossiyaning Ukrainaga hujumini 2011 yildayoq sezgan edim – Bill Klinton

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 1994 yilda imzolangan Budapesht memorandumini tan olmasligini aytgan. Bu hujjat Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya tomonidan Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olish haqida edi.

Foto: Reuters

AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton Rossiyaning Ukrainaga hujumi faqat «vaqt masalasi» bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, buni 2011 yilda, Davos shahrida Vladimir Putin bilan gaplashgan paytida tushunib yetgan. Bu haqda Klinton Nyu-Yorkdagi 92NY madaniyat markazidagi chiqishida gapirdi, deb yozdi Financial Times.

«Vladimir Putin 2011 yilda, Qrimni egallashidan uch yil oldin, men bilan Boris Yelsin tuzgan kelishuvga rozi emasligini aytdi. U shunday dedi: «Men bunga qo‘shilmayman, men buni qo‘llab-quvvatlamayman va o‘zimni bu kelishuv bilan bog‘langan deb hisoblamayman». O‘sha kundan boshlab men buni [Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi] vaqt masalasi ekanligini angladim», dedi Klinton.

Gap Budapesht memorandumi haqida ketmoqda, unga ko‘ra Rossiya, AQSh va Buyuk Britaniya Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan oladi. Moskva London va Vashington bilan birgalikda Ukraina yadroviy arsenalini yo‘q qilish evaziga Kiyev xavfsizligini kafolatlaydi. Hujjat 1994 yilda Boris Yelsin, Bill Klinton, Ukraina prezidenti Leonid Kuchma va Buyuk Britaniya bosh vaziri Jon Meyjor tomonidan imzolangan.

Nyu-Yorkdagi tadbirda ishtirok etgan Klintonning rafiqasi, AQSh sobiq davlat kotibi Hillari Klintonning aytishicha, harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun Ukraina yo Rossiyani mag‘lub etishi, yoki hech bo‘lmaganda mamlakat sharqida boy berilgan hududlarni qaytarishi kerak.

«Agar biz qo‘llab-quvvatlayotgan ukrainaliklarda yetarli ta’sir kuchi bo‘lmasa, men muzokaralar stolida hech qachon unga [Putinga] ishonmagan bo‘lardim», dedi Klinton.

Klintonlar G‘arbni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga chaqirdi va agar u yetarlicha qurol va o‘q-dorilar bilan ta’minlansa, Kiyev g‘alaba qozonishi mumkinligini aytdi. Ularning fikricha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortish nafaqat Putinga, balki Xitoy yetakchisi Si Jinpinga ham jasorat baxsh etadi.

Bu Bill Klintonning Budapesht memorandumi haqida birinchi marta gapirishi emas. Avvalroq u 1994 yilda Ukraina hukumatini sovet yadroviy arsenalidan voz kechishga ko‘ndirganidan afsusda ekanini aytgan edi.

Mavzuga oid
Top