Samarqandda Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) ning “Ipak yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzusidagi I bahorgi Kongressi bo‘lib o‘tdi
27-29 aprel kunlari Samarqand shahrida “Ipak yo‘lida minimal invaziv xirurgiya” mavzusida Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglar jamiyati (ELSA) ning I bahorgi kongressi bo‘lib o‘tdi. Kongress Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi bosh vrachi I bahorgi kongressi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Jamshid Shamsiyev tashabbusi bilan tashkil etildi.
ELSA bugungi kunda dunyo miqyosida katta obro‘ga ega bo‘lgan vakolatli jamiyatdir. ELSA endoskopik xirurglar jamiyati xalqaro federatsiyasining (IFSES) asoschilaridan biri bo‘lib bo‘lib, uning rahbarlik organi Osiyo-Tinch okeani hududidagi 37 mamlakatdagi endoskopik xirurglar yetakchilari vakillaridan tashkil topgan.
Kongressda Avstriya, Ozarboyjon, Angliya, Germaniya, Gonkong, Yaponiya, Kombodja, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Malayziya, Oman, Pokiston, Falastin, Filippin, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Tojikiston, Turkiya, BAAdan 80 ga yaqin, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlaridan xirurgiya, urologiya, onkologiya, ginekologiya, bolalar xirurgiyasi mutaxassislari bo‘yicha 470 dan ortiq mutaxassislar, jami 550 nafarga yaqin delegat ishtirok etdi.
Kongressning birinchi kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasida Workshop bo‘lib o‘tdi. Unda minimal invaziv xirurgiya bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar xalqaro ekspertlar tomonidan O‘zbekiston shifokorlariga namoyish etildi.
Shuningdek, klinikada tashkil etilgan seminarda egiluvchan endoskopik xirurgiya bo‘yicha mahorat saboqlari o‘tkazildi. Unda filippinlik mutaxassis-jarroh Almen Buyenafe laparoskopik gerniorafiya operatsiyasini, rossiyalik professor Valeriy Satayev 5 ta endoskopik operatsiyani namoyish qildi.
ELSA tashkiloti bosh kotibi Davidi Lamonto kongress doirasida 3 ta laparoskopik jarrohlik operatsiyasini o‘tkazdi. Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan mahorat saboqlari anjuman qatnashchilariga operatsiya blogidan bevosita namoyish qilindi.
Kongress 28-29 aprel kunlari Samarqand shahrining Silk Road Samarkand turistik majmuasida o‘z ishini davom ettirdi.
Uch kunlik seminarda Kongressda ishtirok etgan mashhur olimlar va mutaxassislar dolzarb mavzularda chiqishlar qilishdi. Dastur bo‘yicha 81 ta ma’ruza qilindi. Shuningdek, 36 ta poster, 11 ta publikatsiyalar namoyish etildi.
Hech shubhasiz, mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan mazkur Kongress yurtimiz sog‘liq saqlash tizimida endoskopik va laparoskopik xirurgiya yo‘nalishining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi va aholiga yuqori texnologiyali ixtisoslashgan, sifatli va samarali xirurgik xizmat ko‘rsatish darajasini yuksak pog‘onalarga olib chiqadi. Tibbiy kadrlar malakasini va salohiyatini oshirib, ularning xalqaro miqyosda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlarida hal qiluvchi rol o‘ynaydi.