O‘zbekiston | 23:45 / 06.05.2023
30122
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyo ishchi kuchi eksporti: vaziyat O‘zbekiston foydasiga emas

Mehnat migrantlari yuborgan milliardlar uzoq yillar davomida O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin tutib keldi, aholi turmush xarajatlarining katta qismini qopladi. Bir qarashda hozir ham bu jarayon bir maromda ketayotganday. Lekin vaziyat yomon tomonga o‘zgarib boryapti va qishloq joylarning asosiy daromad manbaiga aylanib qolgan xorijda ishlash yaqin yillar ichida oldingi samarani bermay qolishi mumkin.

Foto: Kommersant’

2021 yildayoq butunjahon mehnat migrantlarining o‘z vatanlariga jo‘natgan pullari miqdori 600 mlrd dollarga yaqinlashgan. O‘zbekistonda 2022 yilda bu ko‘rsatkich 13,5 mlrd dollar atrofida bo‘lib, yalpi ichki mahsulotning taxminan 17 foizini tashkil etgan. Biroq bir necha faktorlar borki, endi bu ko‘rsatkichni saqlab turish qiyin bo‘ladi:

1. O‘zbekistondan borayotgan mehnat migrantlari soni bo‘yicha ham, jo‘natilayotgan mablag‘lar bo‘yicha ham mutlaq yetakchi bo‘lgan Rossiya iqtisodiyoti murakkab davrni boshdan kechirmoqda. Sanksiyalar, tabiiy boyliklarga bo‘lgan talab va narxlarning turli yo‘llar bilan pasaytirilishi, Ukraina bilan urush, faol qatlamning bu davlatni shitob bilan tark etishi kabi omillar Rossiyani cho‘ktira boshlagani bugun yaqqol ko‘rinmoqda.

Qolaversa, migrantlarga qo‘yilayotgan yangi-yangi talablar, qo‘shimcha to‘lovlar shundoq ham daromadi qisqarib borayotgan muhojirlarni yanada qiyin vaziyatga tushiradi. Bu hozirdanoq jo‘natmalarda o‘z aksini topgan, kelajakda o‘tkazmalar yanada kamayishi aniq bo‘lib turibdi.

2. Jahondagi umumiy vaziyat ham ko‘ngildagidek emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo iqtisodiyoti 2023 yilda yana bir cho‘kishni boshdan kechiradi. Bu esa boshqa davlatlardan kelayotgan oqimning ham tabiiy kamayishini anglatadi.

3. Dollarning qadrsizlanishi oshib bormoqda. O‘zbekistonga jo‘natilgan o‘tkazmalarning 90 foizdan ortig‘i AQSh dollarida amalga oshiriladi. Hatto oldingi ko‘rsatkichlar saqlanib qolgan taqdirda ham, u pulning kuchi oldingidek bo‘lmaydi. Oddiy tilda tushuntirganda, bir oilaga kirib kelayotgan 500 dollar oldin barcha xarajatlarga bemalol yetgan va yana jamg‘arishga ham ortgan bo‘lsa, endi yetmaydi. Hali bu 500 dollarni topish ham bor.

4. Yangi yo‘nalishlar o‘zlashtirilishi hali juda sust. Masalan, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, AQSh kabi badavlat, shu bilan birga ishchi kuchiga muntazam talab bor davlatlarga qonuniy borish juda cheklangan. Davlat organlarining bu boradagi harakatlari kutilgan samarani bermayapti, ishchilarimiz esa u davlatlarda qo‘yilgan talablarni ko‘pda bajara olishmayapti.

5. Biz o‘zimizni eng arzon ishchi kuchi eksportchisi hisoblaymiz. Ammo dunyodagi vaziyat tezkor o‘zgaryapti. Hindiston, Bangladesh, Pokiston kabi aholisi katta, kam maoshga qanoat qiluvchi millionlab ishchilarni muntazam berayotgan davlatlar bor. Ulardan chetga ketayotgan muhojirlar biznikilarga qaraganda chidamli, buyruqqa bo‘ysunuvchan, yegulikka, yashash sharoitiga injiq emas va eng muhimi 200 dollar – ular uchun qoniqarli maosh. Bu esa o‘zbekistonliklar migratsiyasining Arabiston yarimorolidagi mamlakatlarga ko‘chishini qiyinlashtiradi.

6. Tan olish qiyin bo‘lsa-da, O‘zbekiston shaharlarida ham Rossiya darajasida maosh bera boshlagan tashkilotlar, ishlab chiqarish korxonalari ko‘payyapti. Bugungi kunda ayniqsa Toshkentda 7-8 mln maosh bilan kimnidir hayratlantirish qiyin. Bu esa o‘sha xorijda topilayotgan 500-600 dollarning ayni o‘zidir.

O‘zbekiston – aholisi muntazam oshib borayotgan, ichki rivojlanish har qancha bo‘lmasin, baribir yaqin yillar ichida migratsiyaga suyanib qolishi aniq bo‘lgan davlat. Shunday ekan, bu jarayonni to‘g‘ri yo‘naltirish, mavjud vaziyatdan kerakli xulosalarni chiqarish, yangi chaqiriqlarga tayyor turish lozim.

Ayniqsa, qishloq hududlarida asosiy daromad manbayi chetdan kelgan pul bo‘lib qolaverar ekan, o‘zgarishlar vaqti kelgan. Chunki dunyodagi vaziyat O‘zbekiston foydasiga emas.

Eng avvalo, iqtisodiyotni erkinlashtirish va bozor relslariga o‘tkazishga qaratilgan tub islohotlarga juda katta zarurat bor. Ayniqsa, agrar islohotni imkon qadar tezroq amalga oshirish qishloq xo‘jaligida yuz minglab yangi ish o‘rinlarini yaratgan bo‘lardi.

Ikkinchidan, xorijiy tillarni o‘rganishga imkoniyat va targ‘ibot kuchaytirilishi kerak. Ko‘pchilik yoshlar Rossiyaga suyangani holda hatto rus tilini ham yaxshi bilishmaydi, aniqrog‘i mutlaqo bilishmaydi. Holbuki, bugungi kunda rus tilining o‘zi yetarli emas, dunyo ingliz tilida ish yuritmoqda, rivojlangan davlatlar esa dunyo tili bilan birga o‘z tillarini ham talab qilishyapti.

Uchinchidan, o‘zbek yoshlari endi kelajakni faqat kimning qo‘lida jismoniy mehnat bilan kun ko‘rishda emas, aqliy mehnat ortidan daromad qilishda ko‘rishni boshlashlari zarur. Albatta, jismoniy mehnatning aybi yo‘q, lekin maqsad pul topish ekan, toza sharoitda, hurmat bilan va ko‘p miqdorda maosh olishga nima yetsin? Qolaversa, eng serdaromad hunarlarni ko‘proq o‘rganish zarur.

Va nihoyat to‘rtinchidan, davlat migratsiya jarayoniga yanada faol aralashishi shart. Buning uyatli joyi yo‘q. Juda ko‘p davlatlar o‘z iqtisodiyotini shu usul bilan tiklab olishgan. Turkiya millionlab migrantlarning Germaniyada ishlashini ta’minlagan, hatto yonginamizdagi Tojikiston Rossiyada migratsiyaga ko‘maklashuvchi markazlar ochib tashlagan. Turkiya bugungi kunda o‘zi ko‘p miqdorda mehnat muhojirlarini qabul qilayotgan davlatga aylangan bo‘lsa, migrantlarning Tojikiston yalpi ichki mahsulotidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘rni 32-33 foizni tashkil qiladi.

Qolaversa, tashkillashtirilgan migratsiya – qonuniyligi, ishchilar huquqlarining ta’minlangani tufayli ham ancha foydalidir.

Shu bilan birga, oxirgi yillarda ma’lum ijobiy tendensiyalar ko‘zga tashlanmoqda. Qishloq aholisi ham farzandlarini turli o‘quv markazlariga, fan va til o‘rganishga jo‘natmoqda. Ya’ni xorijdagi otalar o‘z farzandlariga yaxshi kunlarni ravo ko‘rib, topganlarini faqat mashina sotib olish yoki uy qurishga sarflamay, ilmni rag‘batlantirishyapti.

Faqat Rossiyaga suyanib qolish o‘zini oqlamayotganini ham ko‘pchilik tushunib yetdi va boshqa davlatlarga ham harakatlar boshlandi. Bu vaqti kelib o‘z natijasini beradi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid