Prigojin qarorini o‘zgartirdi. «Vagner» Baxmutni tark etmaydi
«Vagner»ga o‘q-dorilar va’da qilingan. General Surovikin kompaniya va vazirlik o‘rtasida vositachilik qiladi.
«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojinning ma’lum qilishicha, Rossiya mudofaa vazirligi unga harbiy harakatlarni davom ettirish uchun zarur miqdorda qurollar va o‘q-dorilarni yetkazib berishni va’da qilgan.
Shuningdek, vazirlik tomonidan berilgan jangovar buyruqda raqib qurshoviga tushib qolishining oldini olish uchun qanotlar ham kuchaytirilishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, Prigojinning so‘zlariga ko‘ra, «Vagner»ning vazirlik bilan hamkorlik masalalari Rossiya havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni va Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari qo‘mondoni o‘rinbosari Sergey Surovikin mas’ul bo‘ladi.
«Vagner guruhi»ning mudofaa vazirligi bilan hamkorlikdagi jangovar harakatlar doirasida barcha qarorlarni qabul qiluvchi inson sifatida bizga Surovikinni berishmoqda. Bu esa armiyadagi qanday jang qilishni biladigan yagona yulduzli general», degan Prigojin.
«Vagner» XHK asoschisi yakunlangan hafta davomida Shoygu va bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovga o‘ta qo‘pol shaklda videomurojaat yo‘llab, o‘zining tuzilmasini o‘q-dorilar bilan ta’minlashni talab qilgan va aks holda 10 may kuni «Vagner» XHKni Baxmutdan olib ketish bilan tahdid qilgandi.
Shanba kuni esa Ramzan Qodirov uning chiqishlariga munosabat bildirib, Prigojinni uydagi gaplarni (ixtilofni) ko‘chaga olib chiqishda ayblab, «Axmat»ni vagnerchilar o‘rniga Baxmutga yuborishga tayyorligini aytdi.
Checheniston rahbari chechenlarning «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasini «Vagner» XHK o‘rniga Baxmutga yuborishni so‘rab, Putinga rasman murojaat yo‘llagan.
«Rossiya Federatsiyasi oliy bosh qo‘mondoni V.V. Putin nomiga «Axmat» bo‘linmalarini Artyomovsk (Baxmut) shahriga ko‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berishni so‘rab xat yozdim. Maktab allaqachon yuborildi», deyiladi Qodirovning telegram-kanalida maktub nusxasi ilova qilingan postda.
Maktubda prezidentdan mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Rosgvardiya boshlig‘i Viktor Zolotovga Baxmutga «Axmat» bo‘linmalarini yuborish va ularga «Vagner» XHKning u yerdagi pozitsiyalarini topshirishga buyruq berish so‘ralgan.
Prigojin Baxmutdagi pozitsiyalarni topshirishni boshlash uchun Qodirovning vakillari bilan aloqa o‘rnatgani haqida xabar bergandi.
«10 may kuni soat 00:00 da, jangovar salohiyatimiz to‘liq tugaydigan vaqtda, quroldoshlarimiz o‘rnimizni egallab, Baxmut aholi punktini shturm qilishda davom ettirishlari uchun pozitsiyalarimizni zudlik bilan o‘tkazishni boshlash maqsadida uning vakillari bilan aloqada bo‘lib turibman», degandi Prigojin.
ISW: Prigojin va Qodirov muvaffaqiyatsizlik uchun javobgarlikni armiya zimmasiga yuklamoqchi
Amerika urushni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari yozishicha, Prigojin va Qodirov Baxmutdagi muvaffaqiyatsizlik uchun mas’uliyatni Rossiya armiyasi ayblamoqchi.
«Prigojin va Qodirov Rossiya muntazam armiyasini samarasiz qilib ko‘rsatishga intilmoqda va Baxmut hududidagi barcha muvaffaqiyatsizliklarda mudofaa vazirligini ayblash shartlarini ilgari surmoqda», deb hisoblaydi ISW tahlilchilari.
«Prigojin Baxmut uchun javobgarlikni o‘zining maslakdoshi bo‘lgan kuchlarga o‘tkazish qarori qanotlarda harakat qilayotgan havo-desant bo‘linmalarini bir chetga surib, shahar uchun jang faqat vagnerchilarniki bo‘lgani, endi esa qodirovchilarniki bo‘lishini ko‘rsatishga urinishdek ko‘rinmoqda», deyiladi institutning navbatdagi hisobotida.
Bu Rossiya harbiy qo‘mondonligiga ishonmaydigan va o‘zini undan mustaqil tutadigan Prigojinga agar XHK kuchlari Baxmutni egallay olmagan taqdirda ham obro‘sini saqlab qolish imkonini beradi. Qodirov esa, o‘z navbatida Prigojindek taniqli shaxs ko‘magida shunday shov-shuvli operatsiyada ishtirok etib, obro‘-e’tibor qozonishi mumkin edi.
«Axmat» bo‘linmasi jangchilari ham vagnerchilar uchragan qiyinchiliklarga duch kelib, Baxmutni to‘liq egallashni uddalay olmasa, Prigojin va Qodirov mudofaa vazirligini ularning harakatlarini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaslikda ayblashi mumkin bo‘ladi.
Agar Rossiya harbiy qo‘mondonligi «Vagner» XHK o‘rnini «Axmat» egallashiga (bu bo‘linma Rossiya muntazam armiyasining qo‘llab-quvvatlovisiz bu manyovrni bajara olishi savol ostida) to‘sqinlik qilsa, Prigojin, Qodirov va ularning ittifoqchilari, katta ehtimol bilan, agar Rossiya mudofaa vazirligi ularning qarorini qo‘llab-quvvatlaganida, chechen qo‘shini tezda Baxmutni egalagan bo‘lardi, deyishadi», deya taxmin qilgan ISW tahlilchilari.
Shu bilan birga, Qodirovning «Axmat» tez fursatda Baxmutga yo‘l olib, uni «sanoqli soatlar ichida» egallashi haqidagi gaplari qodirovlarga xos maqtanchoqlik va mavjud taktik vaziyat bilan hisoblashmaslik hisoblanadi, deyilgan hisobotda.
Mavzuga oid
08:45
Merkel Ukrainada urushdan chiqishning yo‘llari haqida ma’lum qildi
20:14 / 24.11.2024
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
19:21 / 24.11.2024
FT: Rossiya yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushga yolladi. Ular shartnoma imzolashga majburlanmoqda
15:06 / 24.11.2024