O‘zbekiston | 20:49 / 08.05.2023
11326
3 daqiqa o‘qiladi

Yangi konstitutsiyaga sharh yozishni QHSI muvofiqlashtiradi

Konstitutsiyaning moddama-modda ilmiy-amaliy sharhini tayyorlash bo‘yicha tahrir kengashiga prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori Mir-Akbar Rahmonqulov raislik qiladi. Shuningdek, yangi konstitutsiyani hayotga tatbiq etish bo‘yicha Davlat komissiyasi tuzildi.

Foto: Kun.uz

Yangi tahrirdagi konstitutsiyasini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining “birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi” etib belgilandi. Bu – yangi konstitutsiya talablarini ro‘yobga chiqarishga doir prezident prezident farmonida yozib qo‘yildi.

Farmonga binoan:

  • yangi tahrirdagi konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi;
  • yangi tahrirdagi konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagani vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.

Hujjatga asosan, yangi tahrirdagi konstitutsiyaning moddama-modda ilmiy-amaliy sharhini tayyorlash bo‘yicha tahrir kengashi tuzildi.

Kengashning ishchi organi – prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bo‘ladi. Institut raisi Mir-Akbar Rahmonqulov kengashga raislik qiladi.

Sharhning matni tushunarli va sodda tilda bo‘lishi talab etiladi. Sharh matni, milliy va xorijiy ekspertlar, huquqshunoslar va davlat arboblarini jalb etgan holda, 2023 yil 1 dekabrgacha qadar tayyorlanib, o‘zbek va xorijiy tillarda chop etiladi.

Yangi konstitutsiyaning ustuvor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha Davlat komissiyasi tuzildi.

Shuningdek, yangi konstitutsiyadagi suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini izchil amalga oshirish bo‘yicha ekspertlik kengashlari ham tashkil etilmoqda.

Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti yangi tahrirdagi konstitutsiyani amalga oshirish jarayonini axborot-tahliliy, ilmiy va ekspertlik jihatdan ta’minlash uchun mas’ul etib belgilandi.

2023/24 o‘quv yili boshlanguniga qadar barcha ta’lim turlari va bosqichlaridagi konstitutsiyani o‘rganish bo‘yicha o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, ular yangi tahrirdagi konstitutsiyaga moslashtiriladi.

Davlat fuqarolik xizmatchilari va sud-huquq tizimi xodimlarini yangi tahrirdagi konstitutsiya bo‘yicha o‘qitish rejasi bir oyda tasdiqlanishi kerak.

2023 yil 1 iyungacha o‘zbek va xorijiy tillarda “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Portal va uning mobil ilovasida fuqaro va tadbirkorlar uchun qonunchilikni yangi tahrirdagi konstitutsiyaga muvofiqlashtirish hamda uni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berish imkoniyati bo‘ladi.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid