O‘zbekiston | 19:02 / 11.05.2023
21809
2 daqiqa o‘qiladi

Ekopartiyaning O‘zbekiston prezidentligiga nomzodi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z rahbari Abdushukur Hamzayevni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.

Foto: O‘zA

Bugun, 11 may kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashining navbatdan tashqari plenumi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda prezidentlikka nomzod masalasi ko‘rib chiqilgan.

O‘zA xabariga ko‘ra, plenumda partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayevni O‘zbekiston prezidenti lavozimiga nomzod etib ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Abdushukur Hamzayev 1973 yilda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan. 1995 yil Samarqand qishloq xo‘jalik institutini, 2013 yil Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi agronom olim. Qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor hisoblanadi. Oilali, uch nafar farzandi bor.

U 2022 yil iyun oyidan Ekopartiyaning Markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari bo‘lgan, dekabr oyida partiya rahbariga aylangandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazilishi belgilangan. Markaziy saylov komissiyasi 10 maydan prezidentlik uchun saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilgan. Saylov okruglarini tuzish 15 maygacha, saylov uchastkalarini tuzish 25 maygacha belgilanmoqda. Bundan tashqari, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tuziladi.

Siyosiy partiyalar o‘z vakolatli vakillarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun saylov kampaniyasi e’lon qilinganidan keyin 3 kun muddat ichida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Saylovda ishtirok etish uchun partiyalar 15 maygacha hujjatlarni taqdim etishlari zarur. 17 maydan 1 iyungacha partiyalar o‘z nomzodlarini ko‘rsatishlari mumkin. Nomzodni ro‘yxatga olish haqidagi hujjatlarni taqdim etish — 2 iyun kuni yakunlanadi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda beshta partiya ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozircha boshqa partiyalar nomzodlari ma’lum qilinmadi.

Mavzuga oid