Jamiyat | 19:00 / 13.05.2023
18682
2 daqiqa o‘qiladi

“Trastbank” XAB Jidda shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda mukofotlandi

Xalqaro forumda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi tomonidan “Trastbank” – kichik va o‘rta biznes yo‘nalishida eng yaxshi hamkor” deb topildi.

11 may kuni Saudiya Arabistonida Islom taraqqiyot banki tomonidan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ushbu mukofotni Islom taraqqiyot banki raisi Muhammad Sulaymon Al Jasser hamda Xalqaro islom Savdo-moliya korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Hani Salem Sonbol “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Boshqaruv Raisi S.Normuhamedovga topshirdi. 

Forum doirasida Islom korporatsiyalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida “Trastbank” XAB va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha islom korporatsiyasi o‘rtasida navbatdagi anglashuv Memorandumi ham imzolandi. Mazkur Memorandum moliya muassasasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘taradi. Xususan, xodimlar malakasini oshirish, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, shariat shartlari asosida kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. “Trastbank” hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamkorligida yaratilgan loyihalar doirasida O‘zbekistonda xususiy sektorda qo‘shimcha 1 100 dan ortiq ishchi o‘rinlari yaratilgan.

Shuningdek, “Trastbank” xususiy aksiyadorlik banki Boshqaruv Raisi S.Normuxamedov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi Bosh amaliyot departamenti direktori Nazim Nurdali boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shu jumladan, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes bo‘yicha istiqbolli loyihalarning islom tamoyillari asosida moliyalashtirilishiga doir o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga urg‘u berildi.

“Trastbank” matbuot xizmatiⓉ

Mavzuga oid