Prigojin Ukrainaga aloqaga chiqqanmi? Zelenskiyning intervyusidagi shov-shuvli epizod tafsilotlari
The Washington Post nashri yozishicha, Prigojin Ukrainaga Baxmutdan ketishi evaziga Rossiya qo‘shinlari pozitsiyalari haqida ma’lumot taklif etgan. Kiyev unga ishonmagani uchun bunday kelishuvga rozi bo‘lmagani aytilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShning Washington Post nashriga intervyu bergandi. Suhbat e’lon qilinganidan keyin undagi ba’zi epizodlar g‘oyib bo‘ldi. Foydalanuvchilar bu epizod olib tashlanganini intervyuning arxivlangan varianti bilan taqqoslab ko‘rdi.
«Siz kim bilan gaplashdingiz?»
Suhbat davomida Zelenskiy AQShdagi maxfiy hujjatlar sizib chiqishi haqida gapirgan joyi olib tashlangan. Kesib tashlangan epizodda jurnalistlar Zelenskiydan «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan aloqasi haqida so‘rashgan.
The Washington Post: Hujjatlarda Ukraina razvedkasi Yevgeniy Prigojin bilan norasmiy aloqada bo‘lib turgani haqida yozilgan. Xususan, Prigojin Ukraina razvedkasi ofitseri bilan uchrashgani aytilgan. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Volodimir Zelenskiy: Bu razvedkaga tegishli savol. Meni davlatga xiyonatda ayblab qamashlarini xohlaysizmi? Kimdir mendan Ukraina razvedkasi haqida ma’lumotlari, hujjatlari borligini aytib nimadir so‘rasa, ajablanaman: Ukrainadagi qaysi manba bilan gaplashasiz? Kim sizga bizning razvedka tashkilotimiz haqida gapirib beradi? Axir bu juda og‘ir jinoyatku?
Bunga javoban jurnalist Zelenskiy maxfiy ma’lumotlar haqida gaplashgan birinchi ukrainalik prezident bo‘lganini aytgan.
The Washington Post: Men Prigojin va Ukraina razvedkasi haqida qanday ma’lumotlar borligini o‘qib berishim mumkin. 13 fevral kuni Ukraina bosh razvedka boshqarmasi rahbari Kirill Budanov sizga Rossiyaning Moldovadagi vaziyatni izdan chiqarish bo‘yicha rejasi haqida ma’lumot bergan. Budanov sizga buni Rossiyaning Prigojinni ayblash rejasi sifatida ko‘rayotganini aytgan va «u bilan aloqada ekani»ni ta’kidlagan. Siz Budanovga bu haqda Moldova prezidenti Mayya Sanduni xabardor qilishni topshirgansiz. Budanov esa Prigojinga uni Ukrainaga ishlaydigan xoin deb e’lon qilishmoqchi ekanini aytgani haqida hisobot bergan. Shuningdek, Budanov rossiyaliklar Prigojinning Ukraina razvedkasi bilan maxfiy aloqasi, Afrikada ukrainalik razvedkachilar bilan uchrashganini asos qilib keltirmoqchi ekanini aytgan.
Volodimir Zelenskiy: Aftidan, sizda yozishmalar, hujjatlar, faktlar bor. Har holda gaplaringizdan shunga o‘xshayapti. Kechirasiz-u, siz avval ham qilgan ishingizni yana takrorlayapsiz. Siz bizning davlatimizga yordam bermaydigan ma’lumotlarni e’lon qilyapsiz. Shuning uchun nima demoqchi ekaningizni unchalik tushuna olmayapman. Maqsadingizni tushunmayapman, siz Rossiyaga yordam bermoqchimisiz? Demak, bizning maqsadlarimiz turlicha ekan. Bu narsalar Ukrainaning, bizga yordam bermoqchi bo‘layotgan hamkorlarning motivatsiyasini sindiradi. Shuning uchun, to‘g‘risi, sizning maqsadingizni tushuna olmadim.
Washington Post jurnalisti Zelenskiyga uning maqsadi Rossiyaga yordam berish emasligi, bu ma’lumotlarni unga hech kim bermagani, ular AQSh maxsus xizmatlarining internetga sizib chiqqan hujjatlaridan olinganini aytgan. Unda AQSh Ukraina prezidentini tinglayotgani aytilgan. Zelenskiy esa jurnalistlarga kimdir ma’lumotlarni berayotganini aytib, o‘z fikrida turib olgan.
«Bu hujjatlar internetda yo‘q, ular nimaningdir bir qismi edi. Masalan, biz normal jamiyat sifatida buncha ma’lumotni qo‘lga kirita olmaganmiz. Balki buni siz, balki muharrirlaringiz chop etayotgandir, men hech kimni xafa qilishni istamayman. Siz Ukrainaning qarshi hujumi haqida yozyapsiz. Kimdir nimadir eshitgan, keyin kimdir uni chop etgan, ammo bu ma’lumotlar jamlanmasi Ukraina foydasiga xizmat qilmayapti», deb e’tiroz bildirgan Zelenskiy.
«Men bilan o‘yin o‘ynamang»
Ukraina prezidenti AQShning sizib chiqqan hujjatlarini «ta’sirli» deb hisoblamasligini bildirgan. «Men bu hujjatlar ta’sirli deb aytsam, hujjatlar haqqoniyligini tasdiqlagan bo‘laman. Iltimos, men bilan o‘yin o‘ynashni bas qiling. Men urushayotgan, haqiqiy urush holatidagi davlat prezidentiman», degan Zelenskiy.
Ukraina yetakchisi sizib chiqqan materiallarni hujjat deb atay olmasligini aytgan. Bu haqda nima deyishini bilmagani sabab ham gapirmasligini ta’kidlagan.
Zelenskiyning «kesilgan» intervyusi fonida Washington Post sizib chiqqan hujjatlardan Prigojin bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni ham e’lon qildi. Gazeta AQSh maxsus xizmatlarining sizib chiqqan hujjatlariga tayanib yozishicha, «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin Kiyevga Baxmutdan ukrainalik askarlarni olib ketish evaziga Rossiya armiyasining boshqa hududlardagi manzillari haqida ma’lumot berishni taklif etgan.
Maqolada aytilishicha, Prigojin bu kelishuv taklifini urush davrida munosabat o‘rnatgan Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka tashkilotidagi tanishi orqali yetkazgan. WP'ga ko‘ra, Prigojin bu borada telefonda gaplashishdan tashqari Afrikadagi davlatlardan birida Ukraina razvedkasi ofitseri bilan shaxsan uchrashgan ham. Prigojin aynan qanday pozitsiyalarni sotmoqchi bo‘lgani haqida aytilmagan.
Washington Post'ning Ukraina razvedkasidagi ikki manbasi Prigojin Ukraina razvedkasi bilan ko‘p marta muloqot qilganini tasdiqlagan. Bu manbaning aytishicha, Prigojin chindan Baxmut bo‘yicha kelishuv taklif qilgan, lekin unga ishonishmagani sabab bu ish amalga oshmagan. Vashingtonda ham Prigojinning samimiyligiga shubha bildirishgan.
«Men hamon Afrikadaman»
«Vagner» asoschisi Prigojin o‘z axborot xizmatiga tegishli Telegram-kanalda Ukraina razvedkasi bilan aloqasi borasidagi xabarlarga istehzo bilan munosabat bildirdi: «Ha, albatta bu ma’lumotlarni tasdiqlay olaman. Budanov bilan hozir ham Afrikada bo‘lib turibman. Washington Post intervyudan parchalarni o‘chirib yuborganiga kelsak, ular hamon Afrikada ekanini kimdir bilib qolgan va ular chipta sotib olishga ulgurmagan. Ular biznes-klassga chipta sotib olishga pul sarflamoqchi emas, doimgidek pul tejashyapti», degan Prigojin.
Vagnerchilar rahbari keyinroq bu borada yana bir post qoldirib, jurnalistlar ko‘proq mehnat qilib, Budanov bilan do‘stona ohangda gaplashganini isbotlovchi telefondan skrinshotlar qilishi ham kerakligini aytib, masxara qilgan.
«Meduza» avvalroq o‘z manbalariga tayanib rossiyalik urush targ‘ibotchisi bo‘lgan propagandachilar Rossiya prezident administratsiyasidan agar Prigojin Rossiya mudofaa vazirligini haqorat qilishda davom etadigan bo‘lsa, uni dushman sifatida ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma olgani haqida yozgandi.
«Vagner»ga o‘tganlarni qamash taklif qilindi
Bu ma’lumotlar fonida Rossiya mediasida yana bir mojaro yuzaga keldi. Rossiya Davlat dumasi deputati Viktor Sobolev harbiylar orasida kimdir «Vagner»ga o‘tib ketadigan bo‘lsa, ularni 15 yilga qamash kerakligini aytdi. Bunga javob berar ekan, Prigojin iste’fodagi general Sobolevga «frontga borib nimalarga qodirligini isbotlash»ni taklif qildi. Shuningdek, uni «miyasi aynigan laqma» deb atadi.
Mavzuga oid
21:13 / 12.11.2024
Sudjaliklar yana bir bor o‘z yaqinlari evakuatsiyasi uchun gumanitar yo‘lak so‘radi
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
14:56 / 12.11.2024
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51 / 12.11.2024