Jamiyat | 22:34 / 20.05.2023
43136
6 daqiqa o‘qiladi

Yarim tunda ayoli bilan mashina ichida o‘tirgan “uchastkavoy”ni pichoqlab o‘ldirgan erkak 14,5 yilga qamaldi

Sudda ayol profilaktika inspektori bilan tunda uchrashganini tan olgan, biroq ushbu harakatini asoslab bera olmagan.

19 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida 2022 yilning 30 noyabr kuni profilaktika inspektorining o‘limiga sababchi bo‘lgan erkakka hukm o‘qildi.

Fojia Toshkent shahrining Olmazor tumanida sodir bo‘lgani haqida avval xabar bergandik. 1992 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi shar’iy nikohida bo‘lgan ayolni kechasi 00:50 lar atrofida hudud profilaktika inspektori boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomobilda o‘tirgan joyida ushlab oladi.

Biroq Toshkent shahar IIBB tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarlarda hodisa ichki ishlar xodimi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgani, tezkor chaqiruv bo‘yicha tumandagi G‘alaba mahallasiga yetib borganda muqaddam sudlangan 30 yashar erkak xodimning hayotiga tajovuz qilgani aytilgandi.

Sudlanuvchi sudda ushbu xabarlarni rad etib, voqea mutlaqo boshqacha shaklda ro‘y berganini ta’kidlagan.

“Lacetti ayolimning mahallasiga kirib ketyapti. Ayolim chiqib mashinaga o‘tirib ketyapti. Men [mashinada] ularning orasidan boryapman va kuzatyapman. Keyin anavi bolaga mashinadan tush deb aytdim. U “Sen kimsan?” deb so‘radi. “Eriman”, deb javob berdim.

Bir-birimiz bilan so‘kishyapmiz, bu gaplarni hazm qilib bo‘lmadi. Qonim qaynab qo‘limdagi pichoq bilan uning soniga bitta tiqdim. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Pichoqni sug‘urib oldim-da ketdim.

Internetda ayoli bilan urishib qolibdi, shunda xotini “02” qilibdi, u [ya’ni profilaktika inspektori nazarda tutilmoqda – tahr.] kelibdi va pichoqlab qo‘yibdi degan yolg‘on xabarlar tarqalyapti menga nisbatan. Ikkinchi pichoqni men urmadim. Hech qachon qarsak bir qo‘ldan chiqmaydi. Men hozir u oq, bu qora yoki unda ayb, bunda ayb demoqchimasman. Bu ko‘zini qisibdi, u ipini uzibdi. Men bu yerda hozir haqiqiy qurbonman”, deya sudda ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.

2022 yil 1 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV mulozimi, polkovnik Hamza Maxsumov sudlanuvchining ayoli profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotovga qo‘ng‘iroq qilib, erim menga tazyiq o‘tkazyapti, o‘ldiraman deb aytyapti deb qo‘ng‘iroq qiladi. Chaqiruv bo‘yicha borgan IIB xodimi mashinada o‘tirgan vaqtda ayolning eri tomonidan pichoqlanishi natijasida vafot etgan.

Biroq sudda sudlanuvchining ayoli bungacha rasmiy idoralar tomonidan berilgan axborotlarni inkor qiluvchi ko‘rsatma berdi.

“O‘lgan odam o‘zlarini inspektorman deb tanishtirganlar. O‘sha kuni formada emas edilar. Gaplashib olaylik dedilar. Ayolligimga qaramay tashqariga chiqdim. “Ha, tinchlikmi?” desam mashinaga o‘tiring, gaplashib olaylik dedi. Mashinalariga chiqib o‘tirdim. Xo‘jayinim kuzatayotganlarini ko‘rmadim.

Bir payt xo‘jayinim mashinaning eshigini ochib “Nima bo‘lyapti bu yerda? Tushunmadim” deb so‘radilar. Shunda men: “Adasi, jim bo‘ling, noto‘g‘ri tushunyapsiz”, dedim. Urushib ketishdi shuning orasida. Qonni ko‘rib qochdim. Shunchaki rashk tufayli o‘ldirib qo‘ydilar”, deydi ayol.

2022 yil 1 dekabrda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ijtimoiy tarmoqlarda qotillikka rashk sabab bo‘lgani, profilaktika inspektori boshqa erkakning rafiqasi bilan munosabatlari ortidan halok bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqalgani haqida ham so‘ralgan, biroq IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov buni rad etgandi.

Sud tomonidan profilaktika inspektorining qotiliga aylangan 30 yashar erkakka nisbatan 14 yil 6 oy qamoq jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 15 fevral kuni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida ham profilaktika inspektori birovning ayoli bilan qo‘lga tushgan edi. Mazkur mahallada yashovchilar holatni videoga olib, “uchastkavoy” va ayolni “samosud” qilishga uringan. Videoda profilaktika inspektori olomon savollaridan qochib mashinasiga o‘tirgancha voqea joyidan ketib qolgani ko‘rinadi.

Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov nazoratida o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi davomida o‘zganing ayoliga ko‘z olaytirgan “uchastkavoy” tizimdan quvilgandi. Bundan tashqari, G‘allaorol tumani IIBning 4 nafar rahbari profilaktika inspektorining faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatmagani uchun jazolangandi.

Xuddi shunga o‘xshash voqea 2021 yilning 11 sentabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumani Keles shahrida yuz bergan. Hudud profilaktika inspektori I.G‘. birovning ayoli bilan kechki soat 00:20 lar atrofida yotoqxonada qo‘lga tushgan. O‘z ayoli va begona erkakni birga yotoqxonada ushlab olgan er IIB xodimlariga murojaat qilgan.

Mas’ul xodimlar ishtirokida profilaktika inspektori voqea joyidan olib ketilgan. Keyinchalik profilaktika inspektori ishdan olingan va oila esa ajrashgan. Bir oilaning ajralishiga va 4 nafar farzandni tirik yetim bo‘lishiga sababchi bo‘lgan inspektor vazifadan chetlashtirilgan xolos. Bir oilaning parokanda bo‘lishiga sabab bo‘lgani uchun unga nisbatan hech qanday jazo tayinlanmagan.

Mavzuga oid