Jahon | 23:07 / 20.05.2023
14152
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya rahbari G7 sammitida Xitoyning sarmoyaviy tashabbuslarini tanqid qildi

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen G7 sammitida Xitoyning «Bir kamar - bir yo‘l» iqtisodiy tashabbusini tanqid qildi.

Foto: Ludovic Marin/Pool AFP/AP/dpa/picture alliance

Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi va Rossiya tomonidan Ukrainada boshlangan urushning nojo‘ya ta’siri, shuningdek, iqlim o‘zgarishi oqibatlari jahon iqtisodiyotiga, xususan, «global janubga» ta’sir ko‘rsatmoqda.

Fon der Lyayyen Xitoyning «Bir kamar - bir yo‘l» tashabbusi ilgari foydali va yaxshi taklifga o‘xshaganini ta’kidladi. Biroq, Xitoydan kredit olgan ko‘plab janubiy mamlakatlar qarz inqiroziga duch keldi. Shu bilan birga, Rossiya ularga «faqat qurol va yollanma jangchilarni» taklif qilishi mumkin.

Yevrokomissiya rahbari global janub mamlakatlari muqobil moliyalashtirish manbalarini qidirayotganini ta’kidladi va G7 a’zolari va ularning hamkorlarini ushbu davlatlarga o‘zaro manfaatli sarmoyaviy tashabbuslarni taklif qilishga chaqirdi. Ulardan biri sifatida «Global infratuzilma va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlik»ni (PGII) aytdi.

Fon der Lyayyen Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 11-paketi haqida ham gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, paketga Rossiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlarni buzgan va Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga taqiqlangan tovarlarni uchinchi davlatlar orqali yetkazib beruvchi dunyo bo‘ylab 90 ta kompaniya kiradi. Ular orasida Xitoyning sakkizta firmasi bor.

G7 sammiti bayonotida ishtirokchilar Xitoyni Ukrainadan qo‘shinlarini olib chiqishi uchun Rossiyaga bosim o‘tkazishga chaqirdi va Pekinning Janubiy Xitoy dengizida qurollarni joylashtirish siyosatini qoraladi. Hujjatda Xitoyning texnologiyalarni uzatishdagi noqonuniy amaliyotiga qarshi kurashish niyati ham qayd etilgan.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni bayonotni «haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan» deb atadi va sammit ishtirokchilarini «tuhmat va hujumlarda» aybladi. Xitoy shuningdek, G7 davlatlari Pekinni tashvishga solayotgan mavzularga e’tibor bermasligini va go‘yoki «mamlakatning ichki ishlariga, jumladan Tayvan bilan bog‘liq masalalarga» aralashishini ta’kidladi.

Mavzuga oid