O‘zbekiston | 20:41 / 22.05.2023
19712
2 daqiqa o‘qiladi

Singapur prezidenti O‘zbekistonga kelmoqda

Singapur prezidenti Halima Yoqub 21-23 may kunlari Qozog‘istonga, 23-25 may kunlari O‘zbekistonga davlat tashriflarini amalga oshirmoqda. Bu – Singapur prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga ilk tashrifi hisoblanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Halima Yoqubni O‘zbekistonga prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil yanvar oyida, Singapurga qilgan tashrifi chog‘ida taklif etgan edi.

Singapur prezidenti matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ko‘ksaroyda kechadigan muzokaralardan keyin, Halima Yoqub Singapur-O‘zbekiston biznes forumida ishtirok etadi. Shuningdek, mehmon Samarqandga ham tashrif buyuradi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev yil boshida Singapurga tashrifi vaqtida ushbu mamlakat bosh vaziri Li Syan Lun bilan ham muzokara o‘tkazgan edi. Parlamentar respublika boshqaruvidagi mamlakatda aksar vakolatlar bosh vazirga tegishli hisoblanadi.

Ta’kidlash lozim, shu paytga qadar Singapur prezidenti yoki bosh vaziri Markaziy Osiyoga tashrif buyurmagandi.

Ma’lumot uchun, yaqin istiqbolda O‘zbekistonga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida, Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy va Vengriya prezidenti Viktor Orbanning tashriflari reja qilingan.

Mavzuga oid