O‘zbekiston | 21:47 / 23.05.2023
101036
8 daqiqa o‘qiladi

UzAuto'ning narx manipulyatsiyasi: 11 ming dollarlik Onix'ning 18 ming dollarga aylanishi haqida

UzAuto Motors 126 mln so‘mlik Onix, 179 mln so‘mlik Tracker-2 va 375 mln so‘mlik Malibu-2 sotuvini boshlamoqchi edi. Xo‘sh, yakunda nima bo‘ldi?

UzAuto Motors muntazam ravishda narxlarni oshirishga urinib kelishi yangilik emas. Xususan, joriy yil mart oyidan boshlab “yangilangan” rutbasi bilan Malibu XL avtomobillarining sotuvi boshlandi.

Kompaniya rasmiy xabarida keltirilishicha, Malibu XL 3 xil komplektatsiyada (XL 1LT – 375 mln; XL 2LT –390 mln; XL LTZ – 419 mln so‘m) sotuvga chiqarilishi kerak edi. Amalda esa faqatgina eski Malibu-2'dan katta farq qilmaydigan 419 mln so‘mlik Malibu XL sotuvda paydo bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Malibu XL o‘tgan yili Xitoyda o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 25 ming 750 dollardan sotuvga chiqarilgan.

Bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklar faqat Malibu'dagina kuzatilgan emas. Masalan, 2022 yilning 1 noyabridan shartnoma berish boshlangan Chevrolet Onix dastlab 126,5 mln so‘mdan 189,9 mln so‘mgacha (15 foizlik QQS bilan qo‘shib hisoblaganda) narxlarda taklif qilingandi.

Eng arzon komplektatsiya (126,5 mln so‘mlik) ro‘yxatda bo‘lsa-da, sotuvga chiqarilmadi. O‘shanda go‘yoki eng arzon komplektatsiyani olmoqchi bo‘lgan xaridorlar ariza berishi, agar yetarli taklif to‘plansa (yetarli deganda qancha ariza nazarda tutilayotgani noma’lum), keyin kompaniya bu pozitsiyani ishlab chiqarish yoki chiqarmaslikni o‘ylab ko‘rishini keltirib o‘tgandi. Lekin bu pozitsiyadagi avtomobil uchun qancha ariza kelib tushgani bo‘yicha hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi va unaqa arzon komplektatsiya sotuvga ham chiqarilmadi.

Ajablanarli jihati, sotuvlar boshlanganidan biroz muddat o‘tgach, Onix’ning 149 mln so‘mlik, 155 mln so‘mlik, 159 mln so‘mlik va 185 mln so‘mlik modellari ham sotuvdan olib tashlandi.

Alaloqibat, 9-12 ming dollar oralig‘ida sotuvga chiqarilishi va’da qilingan Chevrolet Onix bahosi 18 ming dollargacha shishirildi. Chunki fevral oyining oxiridan keyingi davrda kompaniya rasmiy dilerlik markazlaridan faqatgina Onix'ning 207 mln so‘mlik Premier 1 modeli va undan narxi baland komplektatsiyalari uchun shartnoma olish mumkin edi xolos.

May oyining boshida esa Onix uchun shartnomalar berish butunlay to‘xtatildi. Kompaniya rasmiy xabariga ko‘ra, 25 maydan boshlab bu jarayon qayta tiklanadi. Ammo quyida keltirilgan modellar uchungina kontraktatsiya tuzish mumkin:

  • Onix Premier 1 (207 mln so‘m);
  • Onix Premier 2 (qariyb 215 mln so‘m);
  • Chevrolet Onix Premier Plus va Redline (narxi ochiqlanmagan).

O‘zini “avtogigant” deb atovchi kompaniya shartnoma uchun ochiq bo‘lgan avvalgi komplektatsiyalarning narxi o‘zgarishsiz qoldirilishini iddao qilayotgan bo‘lsa-da, 25 maydan boshlab 159 mln so‘mdan 185 mln so‘mgacha narxlangan 4 xil modelning o‘zi sotuvga chiqarilmaydi. Ya’ni budjet avtomobil bo‘lishi va’da qilingan Onix'ning bahosi sun’iy defitsit va turli xil o‘yinlar bilan 207 mln so‘mgacha oshiriladi.

Katta ehtimol bilan, sentabr oyidan sotuvi boshlanishi va’da qilinayotgan Chevrolet Onix Premier Plus va Redline modellari uchun ham narxlar yana oshiriladi.

Go‘yoki iste’molchilarga narxlarni arzonroq qilib ko‘rsatishga harakat qiluvchi avtokompaniya yangilangan Chevrolet Tracker sotuvi boshlanganida ham yuqoridagi sxemadan foydalangan. Har doimgidek, 179 mln so‘mlik boshlang‘ich komplektatsiya sotuvga chiqarilmadi.

E’tiborga molik jihati, UzAuto Motors o‘z rasmiy sahifasida yangi modellar narxini QQSsiz keltirib o‘tadi. Buni avtomobillar narxini nisbatan arzon qilib ko‘rsatishga urinish sifatida baholash mumkin. Chunki QQS joriy yilning 1 yanvaridan e’tiboran 15 foizdan 12 foizga pasaydi, lekin kompaniya narxni tushirgani yo‘q. Vaholanki, UzAuto Motors yangi Onix modeli narxlarini e’lon qilganida, narxlarni QQSsiz ko‘rsatgan edi. Xaridorlar qancha to‘lashi kerakligini o‘sha ko‘rsatilgan narxni 15 foizga ko‘paytirib o‘zlari hisoblab olishiga to‘g‘ri kelgandi.

Ishlab chiqarish sezilarli qisqargan

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023 yilning yanvar – aprel oylarida 83,5 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

  • Cobalt – 27 739 dona (qisqarish – 3,3 foiz);
  • Lacetti-Gentra – 20 673 dona (qisqarish – 21,4 foiz);
  • Damas – 19 052 dona (qisqarish – 19 foiz);
  • Tracker – 3 618 dona;
  • Onix – 3 104 dona;
  • Nexia T-250 – 1 985 dona (qisqarish – 72,4 foiz);
  • Spark – 187 dona (qisqarish – 95,3 foiz);
  • Maxsus yengil avtomobillar – 7 194 dona (oshish – 38,4 foiz).

Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida O‘zbekistonda 95 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Ya’ni o‘tgan bir yil ichida ishlab chiqarish 11,5 mingtaga kamaygan.

Ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming donaga, kelgusida esa million donaga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan monopol avtokompaniyaning o‘tgan 4 oy ichida balandparvoz va’dalar bilan sotuvini boshlagan Onix va Tracker'dan atigi 6700 dona ishlab chiqargani ham alohida “e’tirof”ga sazovor.

Qozog‘istonliklar uchun bor Cobalt o‘zbekistonliklar uchun yo‘q

Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, ishlab chiqarish keskin qisqarganiga qaramay, UzAuto Motors chetga avtomobil eksport qilishni davom ettirmoqda.

“Masalan, yanvar-aprel oylarida 27 739 ta Cobalt ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shu davrda Qozog‘istonda 10 627 ta Cobalt sotilgan. Ishlab chiqarish to‘xtatilgan deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, 1985 ta Nexia-3 ishlab chiqarilgan, lekin Qozog‘istonda 2 728 ta Nexia-3 sotilgan. Ya’ni o‘tgan yili ishlab chiqarilib, ehtimolki, yashirin omborlarda tuzlab qo‘yilgan Nexia-3'lar ham Qozog‘istonga ketgan.

Tsinizmning oliy cho‘qqisi shuki, o‘zbekistonliklarga Nexia-3 uchun kontraktatsiya o‘tgan yili sentabrda, Sobalt uchun esa dekabrda to‘xtatilgan. Bir dona ham Nexia-3 va Cobalt ishlab chiqarilmagan qahraton yanvarda Qozog‘istonga ehtimolki, tuzlab qo‘yilgan omborlardan yetkazilgan uch mingdan ziyod shu rusumdagi avtomobillar sotilgan. Qoyilmisiz?

[...] Qozog‘istonda yanvar, fevral, mart va apreldagi avtomobillar sotuviga qarang, tanlov va raqobat kengligiga e’tibor qarating. Shularning hammasiga o‘zbekistonliklar ham haqli aslida, lekin o‘ta tor va yuqori darajada korrupsiyalashgan manfaatlar uchun butun boshli xalq boshqa muhim tanlovlardan mahrum qilingani singari avtomobil tanlovidan ham mahrum etilgan”, deya yozadi Otabek Bakirov.

Foto: bakiroo Telegram-kanalidan

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzish to‘xtatilgan edi. Qariyb 6 oyga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qisman O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ushbu avtomobillar sotuvi qachon ochilishi borasida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga qaraganda, bu modellar uchun shartnoma berish ochilmayotganiga kompaniyaning mamlakatdagi siyosiy tadbirlar tufayli narxlarni oshira olmayotgani asosiy sabab bo‘lishi mumkin.

Umuman olganda, UzAuto Motors avtomobil importiga o‘rnatilgan to‘siqlar bilan himoya qilib kelinadi. Odamlar boshqa, arzonroq va sifatliroq tanlovlardan sun’iy ravishda mahrum qilingan. Tashqaridan avtomobil olib kirish uchun esa olib kirilayotgan mashina narxining teng yarmiga yaqin boj to‘lovi joriy qilingan. Lekin importga to‘siqlar faqat bojlardan iborat emas: sertifikatlash va boshqa g‘ovlar ham bisyor.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid