Fitoterapiya qaysi kasalliklarda samarali ta’sir qilishi aytildi
Shifobaxsh o‘simliklardan tayyorlangan dorilar qaysi kasalliklarga samarali ta’sir qilishi haqida ma’lumot berildi.
Shifobaxsh o‘simliklar qadimdan tibbiy muolajalarning asosiy quroli bo‘lib kelgan. Zamonaviy tibbiyotda ham dori preparatlarining 45 foizi o‘simliklardan ajratib olinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nutritsiologi Guli Shayxova ma’lumot berdi.
«Fitoterapiyada har bir o‘simlik o‘ziga xos tarzda og‘riqni qoldiruvchi, tetiklashtiruvchi, tinchlantiruvchi, yurak faoliyatini yaxshilovchi, gipotenziya va gipertenziya, yallig‘lanishga qarshi, balg‘am ko‘chiruvchi va terlatuvchi kabi qator ta’sirlarga ega. Ayniqsa, oshqozon-ichak faoliyatida ishtaha ochish, ovqat hazm qilish va ich surishda samarali qo‘llanib kelmoqda. Bundan tashqari, qon ketishini va ivishini kamaytiruvchi, bakteriyalarni o‘ldiruvchi fitoterapiya mahsulotlari ham keng foydalaniladi», dedi Shayxova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda fitoterapiyaning shifobaxsh xususiyatlari qator kasalliklarni davolashda qo‘l kelyapti. Gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi, xoletsistit, kolit va enterokolit, piyelonefrit, neyrosirkulyar distoniya, nevroz va asteniya shular jumlasidan.
«Shifobaxsh o‘simliklar moddalar almashinuvi va qon tarkibidagi xolesterin miqdorini me’yorlashtiradi. O‘z navbatida, arterial qon bosimi bir me’yorda bo‘lishi, yurakda va bosh miyada qon aylanishi yaxshilanishi, asablarni bo‘shashtirib, uyqusizlikni bartaraf etish ham fitoterapiyaning ijobiy samaralaridandir. Iste’mol qilinadigan ko‘katlar va ziravorlar organizmga qo‘shimcha quvvat beradi. Agar fitoterapiya o‘z o‘rnida qo‘llansa, qo‘shimcha muolaja sifatida rivojlanish xavfi bo‘lgan kasalliklarni boshlanmasdan bartaraf etish mumkin», dedi shifokor.
Mavzuga oid
22:16 / 08.11.2024
Shavkat Mirziyoyev bir guruh tibbiyot xodimlarini mukofotladi
22:27 / 30.09.2024
Olimlar artrit va qandli diabetni tashxislash uchun mini-skaner yaratdi
21:10 / 28.09.2024
Olimlar birinchi marta 1-tur diabetni davolashga muvaffaq bo‘ldi
18:18 / 07.09.2024