Rossiya Baxmut olinganini e’lon qilgan, Ukraina «qopqon» haqida aytmoqda. Kim haq?
Har qanday hujum mudofaaga o‘tish bilan yakunlanadi. Moskvadagilar chegarani Donetsk oblastidagi rayon markazi ortidan o‘tkazishga qaror qilishgan – bu shaharni egallash uchun amaliyot qariyb o‘n oyga cho‘zildi. Urushga qadar bu yerda 70 ming atrofida odam yashagan. Hozir shaharning katta qismi vayron qilingan va kimsasiz qolgan, ammo uning uchun janglar davom etmoqda. Moskva va Kiyevdagilar jang maydonidagi vaziyatni turlicha baholaydi.
Dam olish kunlari «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojin Baxmut to‘liq ishg‘ol etilgani haqida e’lon qildi. «Biz butun shaharni egallab oldik. Keyin kimdir qaysidir parcha olinmay qolib ketganini aytib chiqmasin deb uyma-uy yurib chiqdik», degan u.
Prigojin shuningdek, yollanma kuchlarini «dam olish va qayta tayyorlanish» uchun shahardan olib chiqishini, ularning pozitsiyalarini Rossiya muntazam armiyasi bo‘linmalariga topshirish rejalashtirilganini aytgan.
Baxmut egallangani haqida Rossiya mudofaa vazirligi ham bayonot bergan. Prezident Vladimir Putin esa vagnerchilarni ham, professional harbiylarni ham tabriklagan.
«Rossiya davlat televideniyesi Baxmutning ehtimolli egallanganini hal qiluvchi tarixiy voqeadek ko‘rsatib, shahar qo‘lga olinishi Rossiyaning Slovyansk (Baxmutdan 41 km shimoli-g‘arbda), Kramatorsk (Baxmutdan 35 km shimoli-g‘arbda) va hatto Dnipro (Baxmutdan taxminan 215 km g‘arbda) shaharlarini egallash bo‘yicha amaliyotlari muvaffaqiyatiga hissa qo‘shishini ma’lum qildi. Kreml, katta ehtimol bilan Baxmutning egallanishini tarixiy g‘alaba sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, chunki ular Ukrainada hali ham taktik muvaffaqiyatga erisha olmadi», deyilgan Amerika Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida.
Kiyev Baxmut rossiyaliklar qo‘liga o‘tgani haqidagi ma’lumotni rad etmoqda. Seshanba kuni ham Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Ukraina qurolli kuchlari hamon shaharning janubi-g‘arbiy qismini nazorat qilayotgani, shahar atrofida esa janglar davom ettirilayotganini aytdi.
«Baxmutdan shimol va janubdagi qanotlarda biroz oldinga siljidik», degan Anna Malyar.
Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general-polkovnik Sirskiy esa shaharga kirgan vagnerchilarni «qopqonga tushgan kalamushlar»ga o‘xshatgan. «Prigojin Baxmutdan sichqon tutadigan qopqon yopilishidan oldinroq qochib qolishni va qopqonga RF muntazam qo‘shinlari tushishini xohlaydi. Keyin esa Rossiya muntazam armiyasi Baxmutni ushlab qololmaganini aytib yurish uchun», deb hisoblaydi harbiy ekspert, New Geopolitics Research Network tadqiqot markazi direktori Mixail Samus.
Baxmut nimasi bilan muhim?
O‘tgan yil yozida, Rossiyaning Popasnaya, Severodonetsk va Lisichanskni egallash bo‘yicha amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgach, Baxmut umumiy strategik reja nuqtayi nazaridan qiziqish uyg‘otadi. Rossiya qo‘mondonligi hisob-kitoblari sharqdan «Vagner» XHK yollanmachilari va Rossiya bo‘linmalari, shimoli-g‘arbdan Izyum guruhi kuchlari Slovyansk va Kramatorsk sari harakatlanib, bir nuqtada uchrashishiga asoslangandi.
Bu reja muvaffaqiyatga erishsa, Rossiya armiyasi ukrain qo‘shinlarini qurshovda qoldirishi va Donbassdagi deyarli barcha yirik shaharlarni egallab olishi ko‘zda tutilgandi. Ammo o‘xshamadi. O‘tgan yil kuzida ukrainlarning Xarkiv yaqinida qarshi hujumga o‘tishi natijasida Rossiya qismlari yakson etilib, Izyum atrofidagi guruh tezlik bilan sharq tomon chekindi va mudofaaga o‘tishga majbur bo‘ldi. Bunday holatda Baxmutga yurish qilish o‘z ma’nosini yo‘qotdi, ammo Rossiya bosh shtabidagilar bu borada boshqacha fikrda edi.
2022 yil 1 avgustidan Rossiya qo‘shinlari Baxmut va uning atrofi tomon katta kuch bilan yura boshladi. Popasnaya shturmida bo‘lgani kabi, ilg‘or otryadlar vazifasini «Vagner» XHK yollanma guruhlari bajarishdi - bu vaqtda Prigojinga Rossiya qamoqxonalaridan mahbuslarni yoppasiga yollashga ruxsat berilgandi. Ko‘pchilik, jumladan Prigojinning o‘zi ham ukrainlarning istehkomlarini ro‘paradan kelib shturm qilish oqibatida ulkan yo‘qotishlar berilgani haqida xabar qilgan.
U bu amaliyotga «Baxmut go‘shtmaydalagichi» deb nom bergan - uning aytishicha, bu amaliyot «Rossiya armiyasi o‘ziga kelib olishiga vaqtdan yutib berish uchun» o‘tkazilgan.
Baxmutni egallash bo‘yicha amaliyotdan ma’no nima bo‘lgani hatto hozir ham tushunarli emas. Harbiy ekspertlar turlicha versiyalarni ilgari surishadi: strategik tashabbusni qo‘lga olish, Ukraina armiyasini Baxmut yo‘nalishida band qilish va boshqa uchastkalarda hujum qilish, Severskdagi bo‘rtiqni bartaraf etish uchun sharoit yaratish va Kramatorsk aglomeratsiyasiga yurish qilish kabilar.
Nima bo‘lmasin, hozir bunday maqsadlar haqida gapirishning mavridi emas. Va ehtimol, Prigojin aldamayapti.
Agar Baxmut chindan ham egallangan bo‘lsa, Rossiya qo‘shini uni saqlab qola oladimi yoki oldinga yurishda davom etadimi?
Vaziyat aniq emas. Bir tomondan, Rossiya tomonining Baxmutning qariyb butun hududi egallangani va undan shimol hamda janubdagi hududlar nazorat qilinayotgani haqidagi da’vosi - to‘g‘ri. Boshqa tomondan - ukrain qo‘shinlari Baxmut g‘arbidagi platsdarmda mustahkam o‘rnashgani va qanotlarga bosim qilayotgani ham bor gap.
«Aftidan, «Vagner» guruhi yollanma jangchilari Baxmutni imkon qadar tezroq tark etishni istamoqda, birinchi navbatda, bu yerda ularni qirib tashlashgani uchun. «Vagner» XHK rahbari Yevgeniy Prigojinning ixtiyorida hozir to‘rt mingdan kamroq yollanma jangchi qolgan va u tezroq chiqib ketmoqchi. Kecha u o‘z jangarilari shaharni to‘liq egallaganini aytgandi, ammo ukrain qo‘shini va maxsus bo‘linmalar hamon Baxmutning g‘arbiy chekkalarini nazorat qilmoqda. Shuning uchun Rossiyaning Baxmutdagi g‘alaba haqidagi barcha bayonotlari - quruq safsata», degan BBC bilan suhbatda jurnalist va politolog, Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutda jang qilayotgan brigadasi vakili Taras Berezovets.
Agar xaritaga diqqat bilan razm solinsa, Baxmut kichik chuqurlikda joylashganini ko‘rish mumkin. U yerning relefi tekislikdan iborat bo‘lsa-da, g‘arb, shimoli-g‘arb va janubi-g‘arb tomon yurilganda ko‘tariladi. Ukraina qurolli kuchlari may oyi boshidagi qarshi hujumlar davomida Baxmutdan janubdagi va shimoli-g‘arbdagi asosiy tepaliklarni qaytarib olgandi, bu esa ularga deyarli butun shaharni zarba nazorati ostida ushlab turishga imkon beradi.
Ukraina qurolli kuchlari qanotlar bo‘ylab siljishga harakat qilmoqda va Rossiya qo‘mondonligini zaxiralarni xavfli uchastkalarni mustahkamlash uchun tashlashga majbur qilmoqda. RF armiyasi shahardan janubdagi Klishchiyevka va Kurdyumovka qishloqlari, shimolda esa Dubovo-Vasilovka va Berxovka qishloqlari atrofida mudofaa janglari olib borishga majbur bo‘lmoqda.
Rossiya propaganda nashrlari Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutni qurshab olish uchun boshlagan harakatlari xavfini kamaytirib ko‘rsatmoqda. «Ukrain rasmiy shaxslari, Soledar bilan bo‘lgani kabi, ochiq-oydin narsalarni tan olishdan bosh tortdi va Baxmut boy berilganini inkor etuvchi turli versiyalarni ixtiro qilmoqda», deya yozgan «Voyennyy osvedomitel» telegram-kanali.
«Ukraina qurolli kuchlarining Baxmut borasidagi ritorikasi sof amaliy mulohazalar bilan izohlanadi: qanotlarda shiddatli janglar ketmoqda. XHK shturm otryadlari Ukraina qurolli kuchlarining shahar atrofida joylashgan bo‘linmalariga o‘t yog‘dirmoqda. Ukrain tuzilmalari yo‘qotishlarga uchrashda davom etmoqda va rasmiy hukumat uchun eng osoni - ukrain bo‘linmalari endi Rossiya mudofaa chizig‘ida harakat qilayotganini tan olish emas, «Baxmut uchun jang» ko‘rinishini saqlab qolishdir», deya uning fikriga qo‘shilgan Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador sanalgan «Rybar» telegram-kanali.
Katta ehtimol bilan, ayni vaqtda Ukraina armiyasida chindan ham hujumni tezlik bilan rivojlantirish va Baxmutni o‘rab olishning real tahdidini yaratish uchun kuchlar yetarli emas. O‘z navbatida, shaharning so‘nggi ko‘chalarini ham to‘liq egallab, qanotlardagi ukrainlarni uloqtirib tashlash, bu bilan qandaydir tin olish uchun Rossiyada ham kuch yo‘q.
Ammo Ukraina qo‘mondonligining rejasi qandayligini hech kim bilmaydi. Ularning zaxirasida zarbdor guruhlar borligi aniq. «Biz hozirda Baxmutning kichik qisminigina nazorat qilayotganimizga qaramay, uning mudofaasi o‘zi ahamiyatini yo‘qotmagan. Bu bizga vaziyat o‘zgargan holatda shaharga kirishimizga imkon beradi. Bu esa albatta ro‘y beradi», degan general Sirskiy.
Ukrainadagi Razumkov tahliliy markazining tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik dasturlari hamraisi, zaxiradagi podpolkovnik Oleksiy Melnik bosib olingan shahardagi Rossiya guruhini yo‘q qilish uchun uni qurshovga olishning g‘am hojati yo‘q deb hisoblaydi. Uning fikricha, Rossiyada egallangan shaharni ushlab turish uchun yangi kuchlarning o‘zi yo‘q.
Bunday sharoitlarda Rossiya yurishni Chasiv Yar va Konstantinovkaga yoki Slovyansk va Kramatorskka tomon davom ettirishi muammoga aylanadi. Ukrainlarning bu yo‘nalishlardagi pozitsiyalari yaxshi mustahkamlangan, turli tomondan osongina o‘qqa tutish mumkin bo‘lgan Baxmut esa platsdarm vazifasini o‘tay olmaydi. Severskiy bo‘rtig‘iga hujum qilish kerakmi? Hozir kim kimga hujum qilishi bahsli savol.
Albatta, shaharga qo‘shimcha zaxiralarni olib kelish, so‘nggi kvartallarni ham egallash mumkin, ammo undan keyin ham yurish qilishda davom etish qiyin masala - operativ kenglik yo‘q, janub va shimoldan o‘rab olinayotgan shaharda yirik guruhni shunchaki ushlab turish esa - xavfli. Shuning uchun, Sirskiy ham aldamayotgan bo‘lishi mumkin.
Yo‘qotishlar haqida nimalar ma’lum?
AQSh prezidenti Jo Bayden Yaponiyadagi G7 sammitida Rossiya Baxmut uchun janglarda 100 mingga yaqin kishisini yo‘qotganini aytdi.
Bu ma’lumotni mustaqil manbalar orqali tasdiqlash qiyin, chunki jang qilayotgan tomonlar o‘z yo‘qotishlari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlarni bermaydi. Lekin shunisi aniqki, hujum qilayotgan tomonning yo‘qotishlari doim mudofaalanayotgan tomonnikidan bir necha barobar ko‘p bo‘ladi - raqib mudofaasini yorib o‘tib, operativ muvaffaqiyatni rivojlantirmagunicha. Baxmut bilan bog‘liq vaziyatda esa qariyb 10 oylik janglarda bunaqa holat kuzatilmadi.
BBC muxbiri Olga Ivshina - Rossiya qo‘shinlarining Baxmut qamali chog‘idagi yo‘qotishlari haqida:
«Biz Bayden aynan qanday yo‘qotishlar haqida gapirayotganini bilmaymiz. Armiyada shaxsiy tarkibdagi yo‘qotishlarning asosiy ikki turi mavjud: tiklanmas va vaqtincha. Vaqtinchasi askar safga qaytishi mumkinligini ko‘zda tutadi. Ikkinchisi - halok bo‘lgan yoki ortiq jang qilishga yaramay qolganlar.
Shuning uchun Baydenning ma’lumotiga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarur. Gap Rossiya tomonining quyidagicha tiklanmas yo‘qotishlari haqida ketayotgan bo‘lishi ham mumkin: janglarda o‘lganlar, baxtsiz hodisalar qurboni bo‘lganlar, falokat va suitsidlar, jarohat va kasalliklardan vafot etganlar, bedarak yo‘qolganlar, asir tushganlar va raqib tomoniga o‘tganlar, shuningdek kelgusida xizmat qilishga yaramaydigan darajada jarohat olgan va mayib bo‘lganlar.
Shu bilan birga, Bayden qaytarib bo‘lmaydigan va vaqtincha yo‘qotishlarni umumlashtirgan bo‘lishi ham mumkin.
Bungacha amerikalik mulozimlar va harbiy manbalar Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari to‘g‘risida gapirarkan, odatda faqat halok bo‘lganlar sonini emas, aynan qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotishlar va vaqtincha frontdan ketganlarning umumiy sonini keltirardi.
Ekspertlarning baholariga ko‘ra, bu urushda halok bo‘lgan bir jangchiga to‘rt nafar yarador to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra, Amerika tomoni baholariga ko‘ra, Rossiyadan Baxmutda 25 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lib chiqadi. Bu baho qanchalik haqiqatga yaqin?
BBC «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi bilan birgalikda aynan Baxmut uchun janglarda halok bo‘lgan 5703 kishining shaxsini aniqlagan. Bular yoki nekrologida Baxmut qayd etilganlar yoki «Vagner» XHK safida jang qilgan va 2022 yil 1 avgustidan keyin (Baxmut uchun boshlangan janglarning taxminiy sanasi) halok bo‘lganlardir. Bu ro‘yxatdagilarning aksari - sobiq mahbuslar.
Rossiyaning turli regionlarida joylashgan qabristonlardagi vaziyatni kuzatishlarimizga asoslanib, biz taxmin qilishimiz mumkinki, qurbonlarning haqiqiy soni biz aniqlagan miqdordan ikki baravar ko‘proq bo‘lishi mumkin. Ya’ni, eng konservativ baholarga ko‘ra, Baxmutdagi janglarda Rossiya tomoni 12 ming atrofida odam yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.
Ammo «Vagner» misolida haqiqiy qurbonlar soni konservativ hisob-kitoblardagidan ancha yuqori bo‘lishi mumkin, chunki xususiy harbiy kompaniya xodimlari ko‘pincha rus harbiylariga qaraganda maxfiy ravishda dafn etiladi, mahbuslarning bir qismi esa umuman topish oson bo‘lmagan yangi qabristonlarga olib borib ko‘miladi. Bunday qabristonlarning kamida bittasi Rossiya chegaralaridan tashqarida - Luhansk yaqinida joylashgan.
Baxmut atrofidagi «go‘shtqiymalagich» nomini olgan harbiy harakatlar tabiati qariyb 10 oy davomida rossiyalik harbiylarning yo‘qotishi chindan ham 20 mingdan ortiq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi, yaralanganlar koeffitsiyenti esa, mahbuslarning tayyorgarligi yaxshi bo‘lmaganidan kelib chiqqan holda 1:5 va undan yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Va shunda Bayden tomonidan aytilgan 100 minglik raqam unchalik fantastika bo‘lib ko‘rinmaydi».
Yevgeniy Prigojin 23 may kuni bergan so‘nggi intervyusida Baxmut uchun janglarda «Vagner»ning Rossiya qamoqxonalarida yollangan 50 ming sobiq mahbusidan 20 foizi - 10 ming kishi, shuningdek, kompaniyaning boshqa toifadagi jangchilaridan (35 ming) yana 20 foizi - 5-6 ming kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Yana 20 mingga yaqin yollanma jangchilari jarohatlanib safdan chiqqan.
Mavzuga oid
00:35
«Yevropadagi istalgan nishonni yo‘q qila oladi» – Putin «Oreshnik» yaratuvchilari bilan uchrashdi
22:08 / 23.11.2024
Putin Kursk oblastini qaytarish muddatini belgiladi - Zelenskiy
17:55 / 23.11.2024
WSJ: Ukraina o‘zining ballistik raketasini yaratish ustida ish olib bormoqda
13:12 / 23.11.2024