21:38 / 26.05.2023
16934

Dniproga raketa zarbasi: tibbiyot muassasasi vayron bo‘ldi, qurbonlar bor

Rossiya juma kuni Dniproga raketa zarbalari yo‘llashi oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida ikki kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi yaralangan. Yaradorlar orasida ikki nafari - 3 va 6 yoshli bolalardir, ularning holati «o‘rtacha og‘irlikda» deb baholanmoqda.

Kun davomida qurbonlar soni uch nafar ekani xabar qilingandi, ammo hozircha faqat ikki kishi o‘limi tasdiqlangan. Shu bilan birga, Dnipropetrovsk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Lisakning xabar qilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 14:00 atrofida «shu yerda bo‘lgani taxmin qilinayotgan uch kishi bilan aloqa o‘rnatilmagan».

Ukraina bosh prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, raketalar tibbiyot muassasasi va veterinariya klinikasi binolariga kelib tushgan. Jami 500 kvadrat metr maydon olov ichida qolgan. Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar ishlamoqda.

Dnipro meri Boris Filatovning xabar qilishicha, shaharda shanba kuni motam e’lon qilinadi.

«Hozirgina fojia joyidan qaytib keldim. U yerda xarobalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Kunduz kungi raketa zarbasi tibbiyot muassasasi filiallaridan birini vayron qilgan, bu yerda odamlarga psixiatriya yordami ko‘rsatilgan. Oddiy so‘z bilan aytganda - ruhiy kasalliklar shifoxonasi bo‘lgan. Bu yer hech qanaqasiga harbiy obekt emasdi», deya yozgan Filatov telegramida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlar soni ortishi mumkin. «Yaqin atrofdagi veterinariya klinikasining bechora jonivorlariga ham yetib borishgan. Jabrlanganlar soni ko‘p bo‘lishi mumkin edi. Amalda, odamlarni mo‘jiza qutqarib qolgan. Hujum vaqtida shifoxonada smena almashayotgan bo‘lgan», deya qo‘shimcha qilgan mer.

Lisak qurbonlardan biri - 69 yoshli erkak bo‘lganini aytgan. «Rossiyalik terrorchilar raketasi shaharga kelganida u shunchaki shu yerdan o‘tib ketayotgan bo‘lgan», deya yozgan u. Shuningdek, veterinariya klinikasi binosi xarobalari ostidan yana bir jasad chiqarib olingan.

Merning so‘zlariga ko‘ra, regionga hujumda dronlar ham ishtirok etgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida vayron bo‘lgan binolarning derazalari to‘kilib tushgani va tomlari uchib ketgani aks etgan videoni e’lon qildi. «Rossiyalik terrorchilar insoniy va haqqoniy bo‘lgan barcha narsaga qarshi kurashuvchi maqomini yana bir bor tasdiqladi», deya yozgan Zelenskiy telegram-kanalida.

Ukraina nashrlari qutqaruvchilar klinika binosida parchalar sochilib yotgan yo‘laklar bo‘ylab qonga belangan kishilarni olib chiqayotgani aks etgan kadrlarni e’lon qilgan.

Donetsk va Zaporijjya oblastlari o‘qqa tutilishi

Juma kuni Donetsk oblastining Avdiyivka va Zaporijjya oblastining Gulyaypole shaharlari ham o‘qqa tutilgan.

Gulyaypoleda mahalliy rasmiylar ikki kishi yaralanib, aholi turar joylari va xo‘jalik qurilmalari vayron bo‘lganini xabar qilishgan.

«47 va 62 yoshlardagi ikki ayol jabrlangan, ular vayronalar ostidan chiqarib olingan va tibbiy yordam ko‘rsatilgan», deya yozgan Zaporijjya oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Yuriy Malashko.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak  Avdiyivkada rossiyaliklar raketasi ko‘p qavatli uyga kelib urilgani, ammo qurbonlar yo‘qligini xabar qilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top