Gazli suv sotish shoxobchasidagi portlash: hodisa tafsilotlari
Farg‘ona shahri Qirguli mavzesi Yangi asr ko‘chasida 27 may kuni soat 10:00lar chamasida gazli suv sotish shoxobchasida uglerod qo‘shoksidi gazi to‘ldirilgan ballon portlagan. Shoxobcha xodimi yozgi ta’tilga chiqqan 12 yoshli o‘g‘liga ish o‘rgatish uchun olib kelgan kunning birinchisida mash’um hodisa sodir bo‘lgan. Ballon portlashi oqibatida maktab o‘quvchisi Rahmatjon Rahmatov chap oyog‘idan jiddiy jarohat olib shifoxonada murakkab jarrohlik muolajasini o‘tagan. Baxtsiz hodisadan ota ham jarohatlangan.
Kun.uz muxbiri voqea joyida va shifoxonada bo‘lib hodisa oqibatlarini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, gazli suv idishidagi havo bosimining ko‘tarilib ketishi natijasida portlash hodisasi kuzatilgan. “Yulduz” MFY profilaktika inspektori, kapitan Rustam Qurbonov holat yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.
“Ertalab gazli suv sotish shoxobchasida portlash bo‘lgani haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyiga yetib borganimda tumonat odam yig‘ilganini ko‘rdim. “Gazvoda” suvi “bachogi” portlashi oqibatida ota-bolaga tan jarohati yetib tez tibbiy bo‘limga olib ketishgan ekan. Zudlik bilan shifoxonaga bordim. Shifokorlar oyog‘idan jarohat olgan bolani operatsiya xonasiga olib kirishdi.
Gazli suv sotish shoxobchasi ishchisi yozgi ta’tilga chiqqan o‘g‘liga ish o‘rgatish uchun o‘zi bilan birga do‘konga olib kelgan ekan. Baxtsiz hodisa oqibatida otaning ham oyog‘i shisha bo‘laklaridan jarohat olgan. Hozirda holat bo‘yicha qo‘shimcha surishtiruv ishlarini olib boryapmiz”, – deydi u.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Yurak qon tomir jarrohligi va mikroxirurgiya bo‘limi shifokori Ixtiyor Homidjonovning ma’lum qilishicha, yoz mavsumida aynan yosh bolalarning ballon portlashi oqibatida jarohat olib bo‘limga kelish holatlari ko‘plab kuzatiladi.
“27 may kuni soat taxminan 10:00 larda jiddiy jarohat olgan ota-bola bo‘limimizga olib kelindi. Portlash zarbida 12 yoshli bolaning oyog‘ida nerv tomirlari, suyak, qon tomir, mushak paylarining uzilishi kuzatilgan. Operatsiya jarayoni 2 soat davom etdi. Uzilgan pay, mushak, nerv qon tomirlarining barchasi tiklangandan keyin hozirda bola reanimatsiya bo‘limida.
Do‘konlarda kislorod yoki azot balloni portlashi hodisalari ayniqsa yozgi ta’til paytida ko‘p uchraydi. Chunki o‘quvchilar ta’tilda ana shunday shoxobchalarda ishlaydi. Biz iltimos qilardikki, yosh bolalar bunday joylardan uzoqda yursin. Aniqki, maktab o‘quvchisi ballon ishlatish qonun-qoidasini yaxshi bilmaydi. 2016-17 yildan beri gazli suv sotish shoxobchalarida ballon portlashi bilan bog‘liq hodisadan jabr ko‘rgan bolalar qo‘l-oyoq uzilishi, suyak sinishi, pay uzilishi holati bilan bo‘limimizga olib kelindi. Va bunday baxtsiz hodisalar shubhasiz nogironlikka olib keladi.
O‘tgan yili Tojikiston fuqarosi Farg‘onaga mehmonga kelib gazli suv sotish do‘koni yonida bexos turgan paytda kislorod balloni portlashi oqibatida oyoq, son-boldir qismlari uzilib ketishi natijasida bo‘limimizga olib kelingan edi. Bola jarohati jiddiyligidan ming azobda oylab davolanishga majbur bo‘ldi.
Tegishli idoralar tomonidan ballondan foydalaniladigan shoxobchalarda nazorat kuchaytirilsagina, bunday baxtsiz hodisalarning oldi olingan bo‘lar edi”, – deydi Ixtiyor Homidjonov.
Surishtiruv davomida baxtsiz hodisadan jabrlangan Rahmatjon Rahmatov reanimatsiya bo‘limidan davolanish xonasiga olib chiqilganiga guvoh bo‘ldik.
Narkoz ta’sirida bo‘lgan bemor to‘satdan portlash bo‘lganiyu oyog‘idan ko‘p qon ketganini arang esladi.
E’tibor bersangiz, gazli suv sotish shoxobchalarining aksariyat ishchilari maktab o‘quvchilaridan iborat. Tan olish kerak, xavfsizlik talabiga javob bermaydigan uskunalar ustidan nazorat kuchaytirilmas ekan yana yuqorida tilga olingandek ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona shahri Qirguli mavzesidagi halokat sodir bo‘lgan ko‘chada bir necha yil avval kislorod balloni portlashi oqibatida fuqarolardan biri halok bo‘lgan.
Sarvar Ziyoyev
Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
19:58 / 19.12.2024
“Bu shahar ichidagi, hamma qarshi bo‘lgan bomba edi” - Farg‘onadagi portlash haqida guvohlar nima deydi?
10:59 / 18.12.2024
Farg‘onadagi portlash qurbonlari soni oshdi
22:06 / 17.12.2024
«Bunaqasini faqat kinolarda ko‘rganmiz» – Farg‘onadagi portlash guvohlari
13:02 / 05.12.2024