Si Jinping Xitoy milliy xavfsizlik rahbarlarini «eng yomon ssenariy»ga tayyorlanishga chaqirdi
Xitoy rahbarining ta’kidlashicha, uning mamlakati «qiyin va jiddiy» vaziyat oldida o‘z milliy xavfsizlik tizimining kuch va vositalarini modernizatsiya qilishni jadallashtirishi kerak.
Xitoy yetakchisi Si Jinping yuqori lavozimli milliy xavfsizlik amaldorlarini «eng yomon vaziyat ssenariylari» haqida o‘ylashga va «bo‘ronli dengiz»ga tayyorlanishga chaqirdi.
CNN xabariga ko‘ra, bu bayonot Xitoy rasmiylari har qanday ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurashni kuchaytirayotgan bir paytda yangragan.
«Hozir biz duch kelayotgan milliy xavfsizlik muammolarining murakkabligi va qiyinchiliklari sezilarli darajada oshdi. Biz eng yomon ssenariyga, kuchli shamol va to‘lqinlar, bo‘ronli dengizlar sinoviga tayyor bo‘lishimiz kerak», dedi Si partiya milliy xavfsizlik komissiyasi yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «qiyin va jiddiy» vaziyatda Xitoy milliy xavfsizlik kuchlari va vositalarini modernizatsiya qilishni tezlashtirishi, ularning «haqiqiy jangovar» vaziyatda amaliy samaradorligini oshirishga e’tibor qaratishi kerak.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Si o‘n yil oldin hokimiyat tepasiga kelganidan beri, milliy xavfsizlikni Xitoy boshqaruvining barcha jabhalariga singib ketgan asosiy paradigmaga aylantirgan.
Xitoy rahbari siyosat, iqtisod, mudofaa, madaniyat va ekologiyadan tortib, kibermakongacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olgan milliy xavfsizlik konsepsiyasini kengaytirdi. Konsepsiya dengiz tubidan va qutb mintaqalaridan tortib koinotgacha, shuningdek, katta ma’lumotlar bazasi va sun’iy intellektni qamrab oladi, deb yozdi CNN.
Avvalroq, AQSh Havo mobillik qo‘mondonligi rahbari, general Mayk Minigan Qo‘shma Shtatlar va Xitoy 2025 yilda Tayvan uchun urush boshlashi mumkinligini taxmin qilgan edi.
Shuningdek, AQSh harbiy-dengiz operatsiyalari qo‘mondoni admiral Maykl Gildey yaqin yillarda Xitoy va Tayvan o‘rtasida mojaro boshlanishi mumkinligini bashorat qilgan edi.
Mavzuga oid
17:53
O‘zbekiston oltin ishlab chiqaruvchi davlatlarning yetakchi o‘ntaligiga kirdi
18:44 / 12.11.2024
Xitoyda avtomobil odamlar ustiga bostirib borishi oqibatida 35 kishi halok bo‘ldi
22:21 / 11.11.2024
Reuters: Toyota Xitoydagi biznes strategiyasini o‘zgartiradi
22:18 / 11.11.2024