O‘zbekiston | 14:40 / 01.06.2023
8544
4 daqiqa o‘qiladi

Tabiatni muhofaza qilishda Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga vakolatlar berilmoqda

Endilikda Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ba’zi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolatiga ega bo‘ladi.

Foto: Senat.uz

Senatorlar tomonidan “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi. Qonun bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilyapti.

Ekologiya va tabiatni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etilganligi to‘g‘risidagi holatlarni ko‘rib chiqish hamda ularni sodir etganligi uchun ma’muriy jazo choralarini qo‘llash vakolatiga faqat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat sanitariya nazorati, davlat o‘rmon xo‘jaligi organlari ega edi. Bu esa ma’muriy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlashda muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirayotgandi. Endilikda ushbu vakolat Ichki ishlar organlari xodimlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga ham berilyapti.

Amaldagi tartibga ko‘ra, epidemiyalarga qarshi kurashish, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirishda patrul-post xizmati xodimlari uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Xususan, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan fuqaro shaxsini aniqlash va voqea tafsilotlarini rasmiylashtirish uchun patrullik yo‘nalishidagi hududlarni noma’lum muddatga ketishga, huquqbuzar fuqaroni majburiy tartibda ichki ishlar organiga keltirishga hamda profilaktika inspektorlariga topshirishga to‘g‘ri kelayotgandi.

Endilikda yuqoridagi holatlar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, patrul-post xizmati bo‘linmalarining mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo‘ladi.

Shu bilan birga Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ba’zi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.   

Ekologiya, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirildi. Biroq javobgarlikni so‘zsiz ta’minlash uchun aniq mexanizmlarni ham belgilab berish zarur.

Zero, aybdor shaxslarga nisbatan o‘z vaqtida javobgarlik choralarining qat’iy qo‘llanmasligi ularda qonun talablariga bepisandlikni va qonunchilikda belgilangan “javobgarlikning muqarrarligi” prinsipi buzilishini ham keltirib chiqaradi. Qonun bilan aynan shu muammolar hal etilmoqda.

Shu bilan birga, qonunning kuchga kirishi Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlaridan ham alohida mas’uliyat talab etadi. Zero, bu sohada ma’muriy huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va mutanosib javobgarlikni belgilash - yangi yo‘nalish. Bunda ham sohaga oid bilimlarni oshirish, ham bu turdagi huquqbuzar shaxslar bilan ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish kerak bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Senat raisi qonun muhokamasida.

Qonunning qabul qilinishi tabiiy resurslarni, ya’ni suv obektlariga oqova suvlarni oqizish, yerusti suvlarini, atmosfera havosini hamda atrof-muhitni chiqindilar bilan ifloslantirish holatlarini keltirib chiqaruvchi obekt yoki sub’yektlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rilishini ta’minlashga xizmat qilishi ham qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid