Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan siyosatshunos Farhod Tolipov, advokat Razzoq Altiyev va jurnalist Sardor Salim bilan suhbatlashdi.
— Dunyoviy davlat qanday davlat, uning aniq ta’rifi, qoliplari bormi? O‘zbekiston uchun uning zarurati nimada edi?
Farhod Tolipov:
— Bu kabi savollar siz kabi menda ham bor. Bu uch — dunyoviy, huquqiy, ijtimoiy degan tushunchalar borasida hozircha dunyo siyosatshunoslari, ekspertlari orasida aniq bir kelishuv, yakdillik mavjud emas. Turli siyosiy doiralar turlicha bahslar bo‘ladi bu borada. Huquqiy davlat tushunchasi nega qo‘shildi, konstitutsiya va boshqa qonunlar ishlasa, shundoq ham huquqiy davlat bo‘lamiz-ku, degan gaplarni ham eshityapmiz.

Dunyoviy davlat tushunchasi haqida gapirsak. Bu borada aksariyat olimlar, ekspertlarda yakdillik bor, ammo aniq bir atama sifatida kiritilgani yo‘q. Lekin xalqqa, joylashuvga ko‘ra namoyon bo‘lishi har xil. Sekulyarizmni mening nazarimda 4 tomondan ko‘rib chiqsa bo‘ladi: diniy tomondan, siyosiy tomondan, falsafiy va huquqiy tomondan.
Siyosiy nuqtai nazardan qaralsa ham bir nechta tushuncha bor. Sobiq ittifoq davridan qolgan jin davlatdan ajratilgan, degan yondashuv bor. Aniqroq qilib aytilib, din emas, diniy institutlar davlatdan ajratilgan, deyiladi. Bundan tashqari, davlatda hech bir din ustuvor bo‘lmaydi, bir-biri bilan teng, davlat darajasiga chiqmaydi, kabi ta’riflar ham uchraydi. Sotsiologik nuqtai nazardan dunyoviylik diniy erkinlikni ta’minlaydi, deyiladi.
Diniy institutlar davlatdan ajratilgan bo‘ladi, degan tamoyilni ilgari sursak ham, noto‘g‘ri bo‘lib qoladi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlarida butkul ajratilmagan.
Sardor Salim:

— Yuqoridagi fikrlarga qo‘shilaman. Sekulyarizm tushunchasi jadidchilar va bolsheviklar bilan kirib kelgan o‘zbek jamiyatiga.
Men 3 ta nuqtai nazardan yondashaman. 1. Sotsiologik nuqtai nazar: oiladagi, jamiyatdagi qonunlar qonunlarga asoslanadi, dinga emas. 2. Falsafiy nuqtai nazar: bunda ayni yashab turgan dunyoga ko‘proq e’tibor berish bo‘ladi, oxiratga emas. 3. Siyosiy sekulyarizm, ya’ni bunda din va davlatni ajratish. Aslida, bu mumkin emas. Mahatma Gandi dinni siyosatdan ajratmoqchi bo‘lgan odam siyosatni ham, dinni ham tushunmaydi, degan.















