Jahon | 20:05 / 02.06.2023
14247
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada sifilisning ko‘payishi migrantlarning qaytishi bilan izohlandi 

2022 yilda Rossiyada sifilis bilan kasallanganlar soni uzoq muddatli pasayishdan keyin keskin oshdi. 

Foto: RIA Novosti

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining yuqumli kasalliklar bo‘yicha shtatdan tashqari bosh mutaxassisi Vladimir Chulanov so‘nggi yillarda Rossiyada sifilis bilan kasallanish sezilarli darajada oshganini aytdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallanish ko‘payishining asosiy sabablaridan biri migratsiya oqimining oshishi bilan bog‘liq. 

Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining dermatovenerologiya va kosmetologiya bo‘yicha bosh mustaqil mutaxassisi Nikolay Potekayev bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada sifilis bilan kasallanganlar soni 2018 yilda - 24,5 ming, 2019 yilda - 22 ming, 2020 yilda - 15,3 ming, 2021 yilda - 21,1 ming, 2022 yilda - 27,8 mingni tashkil qilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-2022-yillarda bemorlar sonining oshishi migrantlar oqimining ko‘payishi bilan bog‘liq. 

«2021–2022 yillarda Covid-19 pandemiyasining tibbiy va iqtisodiy oqibatlari barham topishi bilan Rossiyaga migratsiya oqimi yana sezilarli darajada oshdi va mamlakatda tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlar soni ham ko‘paydi», dedi Potekayev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu omillar sifilisni aniqlashning ko‘payishiga sabab bo‘lgan. 

Sifilis — tizimli, tanosil, infeksion kasallik bo‘lib, asosan jinsiy yo‘l orqali yuqadi. Agar sifilis davolanmasa, sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid