Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
IHeS Rossiyadan Navalniyga zaharlanishni sust tergov qilgani uchun tovon puli to‘lashni buyurdi
Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Rossiyani muxolifatchi Aleksey Navalniyga ma’naviy zararni qoplash uchun 40 ming yevro miqdorida tovon to‘lashi shartligi haqida qaror chiqardi.
Sud Rossiya rasmiylari siyosatchining 2020 yil avgustida zaharlanishi ehtimoli bo‘yicha tegishli tekshiruv o‘tkazmagan, deb hisobladi. Sud qarorida aytilishicha, tergov zaharlanishning siyosiy sabablari va taqiqlangan kimyoviy quroldan foydalanish ehtimolini hisobga olmagan. Rossiya 2022 yil martidan beri IHeS qarorlarini bajarmayapti.
«Aslida, Navalniyning hayotiga jiddiy xavf tug‘ilishi bo‘yicha shubhali holatlar bo‘ldi. Shu sababli, konvensiyaning 2-moddasi davlatga samarali tergov o‘tkazish majburiyatini avtomatik ravishda yuklaydi», deyiladi sud qarorida.
IHeS Rossiya hukumati tomonidan boshlangan tergovni tekshirish imkoni yo‘qligini tan oldi, bu esa «aybdorlarni aniqlash va kerak bo‘lganda jazolash»ni imkonsiz qiladi. IHeS siyosatchining zaharlanishiga davlat vakillarining aloqadorligini tekshirish zarur, deb hisobladi. Sud o‘zining avvalgi qaroriga tayanib, buni Aleksey Navalniy maxsus xizmatlar nazorati ostida bo‘lgani bilan izohladi.
IHeS qarorida aytilishicha, uning zaharlanishida taqiqlangan kimyoviy quroldan foydalanish ehtimoli tergovning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak edi. Ushbu bandda sud Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlarining muxolifatchining tanasidan olingan namunalarda zaharli moddaning izlarini topgan qaroriga ishora qildi.
«Bunday kimyoviy moddalarni ishlab chiqish va ulardan foydalanish vaqt, mahorat va tashkilotchilik darajasini talab qiladi, bunga davlat idoralari bilan aloqasi bo‘lmagan shaxslar erisha olmaydi», deyiladi qarorda.
Siyosatchi Aleksey Navalniy 2020 yil avgustida Omskdagi shifoxonaga yotqizilgan edi. Keyinroq Aleksey Navalniy samolyotda Germaniyaga yetkazildi. Germaniya hukumati harbiy shifokorlarga tayanib, muxolifatchi «Novichok» guruhiga kiruvchi zaharli modda bilan zaharlangani haqida xabar berdi. Keyinchalik, nemis mutaxassislarining xulosalari Shvetsiya va Fransiyadagi laboratoriyalar tomonidan tasdiqlangani aytildi.
Rossiya tomoni bir necha bor Germaniya rasmiylarini Navalniy tahlillari natijalarini, shuningdek, uning zaharlanishi sabablari bo‘yicha ekspert xulosasini taqdim etmagani uchun tanqid qilgan.
2020 yil dekabr oyida bir qancha nashrlar, jumladan CNN va Der Spiegel jurnalistlari surishtiruv natijalarini e’lon qilishdi, unda sakkiz nafar FXX xodimi siyosatchini zaharlagan bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Materialga ko‘ra, FXX Sud ekspertiza instituti xodimlari Aleksey Navalniyni 2017 yildan beri kuzatib kelgan va birinchi marta 2020 yil iyunida zaharlashga uringan. FXX bu bayonotni «FXX va uning xodimlarini obro‘sizlantirishga qaratilgan rejalashtirilgan provokatsiya» deb atadi.
2022 yil mart oyida Rossiya Yevropa Kengashidan chiqarib yuborildi. 2022 yilning yozida Rossiya prezidenti Vladimir Putin IHeSning 2022 yil 15 martdan keyin chiqarilgan qarorlariga amal qilmaslikka ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
2021 yil 2 fevralda Aleksey Navalniyning «Iv Roshe» o‘g‘rilik ishi bo‘yicha shartli hukmi haqiqiy qamoq jazosiga almashtirildi. Sud siyosatchini sinov muddati shartlarini buzgan deb hisobladi. Unga ko‘ra Navalniy o‘z manzili haqida inspeksiyaga xabar berishi kerak edi (o‘sha paytda muxolifatchi zaharlanish oqibatlaridan xorijda davolanayotgan edi). U uch yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 2022 yil mart oyida u firibgarlik va sudga hurmatsizlik ishi bo‘yicha to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Mavzuga oid
16:10 / 10.03.2026
Navalniy jamoasi jasad yorilishi bo‘yicha materiallarni oshkor qildi
16:35 / 17.02.2026
Kreml Navalniyning zaharlanishi haqidagi ayblovlarni “qat’iy” rad etdi
11:54 / 17.02.2026
15 davlat Navalniyning o‘limini tergov qilishni talab etmoqda
11:04 / 16.02.2026